Bu oʻlkada har narsa bordir

08:15 20 Fevral 2025 Jamiyat
171 0

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

Otashqalb shoir Hamid Olimjonning shunday dilbar satrlari jaranglab turgan “Oʻzbekiston” degan goʻzal sheʼri oʻquvchilik paytimizdayoq yuragimizdan chuqur joy olgan. Ehtimol, yurtga, Vatanga mehr-muhabbat shunday misralar sehri bilan daryo kabi oqib kirgandir biz tengi avlodlar qalbiga. Bayramlarda koʻksimizni qabartirib:

Bu oʻlkada har narsa bordir,

Koʻrmaganlar doim xumordir! — deya qoʻshiq qilib kuylaganlarimiz ham hech esimdan chiqmaydi.

Oradan koʻp suvlar oqib — oq-qorani taniy boshlaganimizdan keyin bildikki, chindan ham bu oʻlkada yoʻq narsaning oʻzi yoʻq ekan!

Har qadami paxta, chorva, gʻalla, pilla, bogʻ-rogʻlar makoni; zamini xazinalar boʻstoni ekan Oʻzbekiston. Faqat oʻzimiz yaxshi bilmas ekanmiz javohirot bogʻida yashayotganimizni. Ochilmagan qoʻriq ekan ona yurtimiz! Mana, masalan, Jizzax.

1

Hamid Olimjon kabi dilbar shoirlarning beshigini tebratgan, Sharof Rashidovdek allomani opichlab katta qilgan bu ajib diyorning tarixi ulkan bir doston. Ptolemey, Plutarx, Pliniy, Yustin, Drayzen, Dionist, Narshaxiy degan ulugʻ allomalar uning yoshini Rimga tengdir degan boʻlsalar; boshqa moziyshunoslar milodiy 400-yillarda Choch, Sugʻdiyona, Fargʻona muzofoti oraligʻidagi zaminda Ustrushona nomli davlat boʻlgani, Dizak (Jizzax) mazkur davlatning eng yirik shahriga aylanganini yozib qoldirgan.

Boshqa birlari esa milodiy yil hisobining III — V asrlaridan boshlab, sakkiz yuz yildan oshiqroq vaqt mobaynida Ustrushona yer yuzida barq urib yashnagan davlatlar qatorida turgani; bir yogʻi Xoʻjanddan Forish togʻlariga, bir yogʻi Chinozdan qozoq choʻllariga qadar choʻzilgan Ustrushona to arab istilosiga qadar umumjahon savdo tarmogʻida ham juda muhim oʻrin egallaganini taʼkidlagan. Ibn Xovqal, Ibn Xordadbek, Nizomulmulk singari allomalarning asarlarida, xitoyliklarning 500 — 600-yillarga oid “Suy davlatining tarixi”, “Tan davlatining tarixi” kitoblari va 629-630-yillarda Oʻrta Osiyoga safar qilgan Chin yurtining sayyohi Syuan Szyanning maʼlumotlarida esa Ustrushona Soʻgʻddan Fargʻonaga olib boruvchi yoʻl ustida joylashgani va shu yerda yoʻl ikkiga ajralib, biri Fargʻonaga, ikkinchisi Shosh va Iloqqa olib borgani bois mazkur qoʻrgʻon yuksak ehtiromlarga sazovor boʻlgani taʼriflangan. Alqissa, tarixdan soʻz ketsa, gap tugamaydi. Bular, albatta, juda muhim gaplar. Lekin, eng muhimi, qoʻshiqlarda kuylanganidek, Jizzaxning har siqim tuprogʻi oltinga, har hovuch suvi zarga, har giyohi yuz dardga shifo ekanidadir. Hatto, Mendeleyev deganlarning jadvaliga kirmagan maʼdanlar ham toʻlib-toshib yotibdi. Ozroq mahobat qiladigan boʻlsak, yarim dunyoni gullatib-yashnatishga yetib-ortadi undagi javohirlar.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

Shunday xazinalarning biri — Forish bazalt koni boʻlsa, ikkinchisi “Uchquloch” qoʻrgʻoshin-rux konidir.

Bazalt, degani aslida toshning bir turi. Biroq hamma toshdan ham bazalt tolasi chiqavermaydi, sifatli mahsulot olish uchun tosh qildek yupqa kimyoviy birikmalarga ega boʻlishi kerak. Bundan ming-ming yillar oldin vulqonlarning otilishi natijasida paydo boʻlgan Forish toshlariga Xudoyim ana shunday nodir fazilatlar ato etgan. Markaziy Osiyoda bunaqasi yoʻq.

Ammo, ne koʻrgilikki, yuz yillar davomida oʻzimizning boylik oʻzimizga nasib etmadi. Huv, shimol tomonlarda edi uning xoʻjayinlari. Faqat bu emas, Oʻzbekistondagi jamiki boyliklarning egalari edi oʻshalar. Biz haqqimizni talab qilish tugul aytishga qoʻrqardik. Kelajagimiz kuyib ketmasin, deb qoʻrqardik. Ichimizdagi ichimizda qolib ketardi. Yuz yillar qoʻrqdik. Tilimizni tishladik. Alamimizni yutdik. Kesak chaynasak chaynadik, ammo haqimizni soʻray olmadik. Qoʻrqmaganlarning boshiga 1916-yili qanday jafolar tushganini koʻrdik-da... Jizzax qonga belandi. Ariqlar qonga toʻldi. Koʻchalarda qip-qizil qon oqdi. Oʻz vahshiyliklarini koʻrgan jallodlarning oʻzlari ham titroqqa tushdi. “Men Kavkaz, Qrim qoʻzgʻolonlarining bostirilishiga guvohman, — degan edi Oqposhshoning Pokrovskiy degan zobiti. — Ammo Jizzaxdagidek toʻkilgan qonni hech qayerda koʻrganim yoʻq”.

Shoʻrolar zamonida qaroqchilar battar quturdi. Ular nafaqat boyligimizni taladi, balki tinchimizni, dilimizni, tilimizni, xotiramizni, erkimizni, gʻururimizni, kechmishimizni, imon-eʼtiqodimizni, milliy shaʼnimizni oyoqosti qildi. Millatini, Vatanini sevganlar yoʻq qilindi. Dunyoga mashhur olim, yer qaʼridagi sir-sinoatlarni bilguvchi zakovatli zot, akademik Habib Abdullayev minglab elparvarlarning bittasi edi. U qaroqchilarning asl niyatlarini kechroq anglab, xatolarini tuzatishga kirishadi. Aytishlaricha, u bosqinchilarning oltin konlarimizni tashib, talab ketayotganlarini koʻrganidan keyin “Muruntovni ochib adashdim”, deya alam bilan koʻkragini changallagan ekan. Yurtimizdagi boshqa konlarni yashirgani uchun Oʻzkompartiyaning oʻsha paytdagi Titov degan ikkinchi kotibining xufiyona buyrugʻi bilan shifoxonada yotgan Habib Abdullayev 47 yoshida zaharlab oʻldirildi. Oʻzbek yana bir benazir farzandidan judo boʻldi.

Qanday qora kunlarni koʻrdi, ne-ne allomalaridan, botirlaridan, asl farzandlaridan ayrildi bugungi manzilga yetib kelgunicha ota-bobolarimiz.

Mushkulotlar, mushtumzoʻrliklar, adolatsizliklar shu zamin farzandi, Jizzaxning Zomin qoʻrgʻonida tugʻilib oʻsgan Shavkat Mirziyoyevga besh qoʻlday ayon edi, albatta. Davlat rahbari boʻlib saylanganidan soʻng oʻtmish yaralarini davolash, el-ulus dasturxonini toʻkin qilishdek buyuk vazifa yelkasiga tushgan Prezident maqsadga erishmoq uchun eng avvalo, sanoatni rivojlantirishga eʼtibor qaratdi. Jizzax, xususan, Forish koni nafaqat Jizzax, balki butun respublika iqtisodiyotida karvonboshi boʻlishi mumkin. Zero, hozirgi zamonda koinotdan tortib to oddiy armaturagacha “bazalt” deyilmish noyob xomashyosiz “nafas” ololmaydi. Hamma muhim tarmoqlar: suv inshootlari, harbiy sanoat, uchoqsozlik, kemasozlik, metro, temir yoʻl, yoʻllardagi koʻtarmalar, koʻpriklar, deyarli barcha qurilish sohalari uchun bazalt bamisoli non kabi aziz. Bazaltdan tayyorlanadigan armatura, kompozit setka, fabrivalka temirnikiga nisbatan qirq foiz arzon, oʻn marta yengil, mustahkam, zanglamaydi, issiqqa bardoshli, hatto, Selsiy boʻyicha uch ming darajagacha chidaydi, ekologik toza.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

Shu bois Shavkat Mirziyoyev Prezident lavozimiga saylangan birinchi kunlardayoq Jizzaxga keldi. U kishining tashabbusi bilan 2017-yili “Basalt Uzbekistan” sanoat klasteri tashkil etildi. Mudroq togʻ-u toshlar makonida hayot uygʻondi. Qudratli mashinalar ishga tushdi. Bahaybat xarsanglar maydalanib, soch tolasidan 5 barobar ingichka ipakdek mayin tolalarga aylantirilib, lofi bilan yuz xil qimmatbaho qurilish materiallari tayyorlash imkoni paydo boʻldi. Bugun kon hududida loyiha qiymati 498 million yevro boʻlgan 7 ta zavod faoliyat koʻrsatmoqda. Ular Germaniya, Fransiya, Italiya, Chexiya kabi davlatlardan keltirilgan eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. 2 mingga yaqin kishilarning qora qozoni qaynab turibdi.

Konda 2024-yilning oʻzida 800 milliard soʻmlik mahsulot tayyorlandi, ularning 85 foizi AQSH, Buyuk Britaniya, Polsha, Italiya, Chexiya, Turkiya, Belgiya, Indoneziya, BAA, Rossiya, Gruziya, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston davlatlariga eksport qilindi.

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga koʻra, bu yerda 5 million kubdan ziyod bazalt toshi mavjud. Bu bir emas, yana 4-5 ta zavod qurilsa ham zaxira oʻn asrga yetib ortadi, deganidir.

Endi ikki ogʻiz soʻz “Uchquloch” qoʻrgʻoshin-rux koni haqida. Forish, Nurota togʻ tizmalarining shimoliy qismidagi Xonbandi va Uchquloch qishloqlariga tutash bu kon oʻtgan asrning 80-yillarida faoliyat yuritgan, lekin soʻnggi 20-yilda toʻxtab qolgan edi. Prezident saʼy-harakati bilan “Uchquloch” ham qayta tirildi. Voqea 2023-yilning 10-fevralida yuz berdi. Shu kuni Oʻzbekiston Prezidentining Jizzax viloyatiga qilgan tashrifi doirasida “Uchquloch”ni tiklash uchun turk investorlari bilan shartnoma imzolandi, loyiha doirasida qiymati 200 million AQSH dollariga teng investitsiya jalb etildi. Oradan ikki oy oʻtib-oʻtmay, oʻsha yilning 12-aprelida “Uchquloch” polimetall konini kompleks oʻzlashtirish” investitsiyaviy loyihasini amalga oshirishga start berildi. Bu kon yiliga 5 million tonna metall maʼdanni qayta ishlaydi. Sodda qilib aytganda, xuddi guruchdan kurmakni ajratganday, toshdan qoʻrgʻoshin, rux, mis va kumushni ajratib beradi.

2

Odatda, Jizzax deganda, koʻpchilikning koʻz oldiga dastlab yer-u jahonni gulduratib tomday-tomday toshlarni maydalayotgan buldozer-u qudratli mashinalar yoki chang-toʻzonli konlar-u zamonaviy sanoat korxonalari emas, balki ufqlarga tutash bepoyon paxtazorlar, oltinrang gʻallazorlar, past-u baland togʻlarni yam-yashil koʻrpaday qoplab yotgan archazorlar, saraton quyoshida tandirday qizigan choʻllar, yiroq-yiroqlarda u yoqdan-bu yoqqa koʻchib yurgan suruv-suruv saroblar keladi. Bulardan soʻng dongʻi yetti iqlimga ketgan Jizzax somsalari, choʻqqilaridan qishin-yozin qor arimas Oyqor togʻi etaklaridagi turnakoʻz buloqlar, hosilini koʻtarolmay shoxlari egilib ketgan Baxmal olmazorlari hamda oʻziga xos tarzda tayyorlanadigan Zomin tandiri, qozon patiri, Forish kulchatoyi, “hoʻkiz tili”, Gʻallaorol gʻilmindisi, qorinyogʻi, Arnasoyning qatigʻi-yu, qaymogʻi...

Markaziy Osiyodagi eng uzun Zomin “Dor yoʻli”, “Baxt koʻprigi”, Baxmalning 2 ming yillik archalari ham shu zaminda — Jizzaxda.

Bizning hikoya esa goʻyo tomdan tarasha tushganday sanoatdan boshlanib ketdi. Nega? Negaki, yuqorida eslaganimizdek, muborak zaminimiz xazinalarini hali-hanuz yaxshi bilmaymiz-da... Vaholanki, Oʻzbekistondagi ohak konlarining 50, bazaltning 33 foizi Jizzaxga tegishli. Volfram, oltin, kumush temir konlari ham bisyor. Avtomobilsozlik esa...

Jizzaxda hozir “KIA”, “CHERY”, “HAVAL”, “TRASKER”, “ONIX” rusumli yengil avtomobillar ishlab chiqarilmoqda. “ADM Jizzax” MCHJda qisqa vaqtda 19,3 trillion soʻmlik 58 mingdan ortiq avtomobillar tayyorlandi. “BYD Uzbekistan Factory” qoʻshma korxonasi esa 160 million dollarlik loyihaning birinchi bosqichi boʻyicha ilk elektromobillar ishlab chiqara boshladi. Zavod yiliga 50 ming dona elektromobil ishlab chiqarish quvvatiga ega. Davlat rahbari konveyerdan chiqqan birinchi elektromobilga imzo qoʻyib, xayrli ishga “Oq yoʻl!” tilaganidan soʻng “Chazor” va “Song Plus Champion” modelidagi yuzlab “uchqur ot”lar belni mahkam bogʻlab, el xizmatiga kirishib ketdi. Qiymati 300 million dollarlik ikkinchi bosqichda elektromobillar sonini yiliga 200 ming donaga, 500 million dollarlik uchinchi bosqichda 500 ming donaga yetkazish koʻzda tutilgan. Ikkita yirik avtomobil zavodining dunyoga kelishi 4 mingga yaqin aholini ish bilan taʼminladi.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

“ADM Jizzakh” va “BYD” avtomobil zavodlarida hademay 1-yilda 100 mingtagacha avto va elektromobillar ishlab chiqariladi. Diqqat qiling, bu oʻzgarishlar Jizzaxda — bir vaqtlar omoch tishini ham chetdan olgan zaminda yuz berayotir!

Endi sohaga doir rivojlanishlarning raqamlardagi koʻrinishlariga eʼtibor qaratamiz: viloyatda sanoat korxonalari soni 2017-yili 1676 ta edi. Bu raqam 2024-yilga kelib 5150 taga yetdi. 2017-yili sanoat korxonalarida 341 turdagi mahsulot ishlab chiqarilar edi, 2024-yilga kelib ularning soni 1100 tadan oshdi. Korxonalarning ishlab chiqarish hajmi shu yillar ichida 2,5 trillion soʻmdan 23,1 trillion soʻmga koʻpaydi. Va Prezidentimiz obrazli tarzda ifodalaganlaridek, Jizzax — Oʻzbekistonning Detroyti (AQSH)ga aylana boshladi.

Soʻnggi besh yilda qayta ishlash sanoatining hajmi 1,6 barobar oʻsib, oʻtgan 2024-yilning oʻzida 19 trillion soʻmni tashkil qilgani; eksport hajmi 2,2 barobar ortib, 202 million dollarga oshgani; chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 260 taga yetgani; agar 2024-yilning 7 oyida respublika boʻyicha Mahalliylashtirish dasturi doirasida jami 23,7 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilgan boʻlsa, shuning 7,7 trillion soʻmi yoki 30 foizi aynan Jizzax viloyati hissasiga toʻgʻri kelgani kabi raqamlar ham bu zamin chindan-da hali ochilmagan qoʻriq, salohiyati esa osmon qadar bepoyon ekanidan dalolat beradi.

3

Raqamlar... Ular juda katta qiyinchiliklar evaziga paydo boʻladi, mashaqqatli mehnat tufayli koʻpayadi; ming-minglab insonlarning peshona teri, qalb qoʻri mujassam boʻladi har bitta raqamning jism-u jonida. Shu bois koʻp oʻjar boʻlishadi raqamlar. Qor yogʻsa ham, doʻl yogʻsa ham haqiqatni soʻzlaydi, oʻzlaridan qoʻshmaydi, birovlarni chalgʻitmaydi, kimgadir yoqayin deb yolgʻon gapirmaydi. Eli uygʻongan, eli birlashgan, eli uyushgan — uyushib oldga intilgan makonlardagina raqamlar oʻsadi, oʻsib-ulgʻayadi, azamat chinorlarga aylanadi. Azamat chinorlarning voyaga yetishi esa hech qaysi zamonda, hech qaysi tomonda, hech qaysi makonda hech qachon oson kechgan emas.

Hozirgina ikkita avtomobil zavodining ishga tushirilishi tufayli 4 ming odam ishli boʻlganini gapirdik. 4 ming odam — bu 4 ming oila, 4 ming oilaning har birida ikkitadan boʻlsa 8 ming, uch-toʻrttadan boʻlsa 20 mingdan ziyod oʻzbek farzandlarining mushkuli oson, baxti toʻkis boʻldi, deganidir. Baʼzan mushtdaygina oilang boshini qovushtirishga kuching yetmaydi. Yoxud oʻz bolangni yoʻlga sololmay azoblanasan. Endi bitta qishloq, tuman, shahar yoki viloyat emas, butun boshli mamlakatni ishontirish, uygʻotish, kurashga chorlash orqali pahlavon raqamlarga ega boʻlish nimaligini bir oʻylab koʻring! Ayniqsa, bizni — azal-azaldan boʻyin tomiri yoʻgʻonroq, ham polvon, ham oʻjar, ham toʻgʻrisoʻz, ham dangalchi oʻzbeklarni; yasama sipolikni, yumshoq muomalani xush koʻrmaydigan, soxtakorlik koʻchasidan oʻtmagan, tanti, joʻmard, “mehmon otangdek ulugʻ” mataliga amal qiluvchi, qoʻli ochiq, bagʻri keng, vallomat oʻzbeklarni qovushtirish... Bunday tabiatli kishilarni ishontira olsang, xitoyliklar aytganidek: “Kuchli olovda hoʻl oʻtin ham yonadi, jasur armiyada qoʻrqoq ham jangga kiradi”. Bundan 8-yil muqaddam butun Oʻzbekiston xalqi qatorida Jizzax ahli ruhoniyatida ham xuddi shunday evrilish yuz ochdi. Mamlakat rahbarining ona yurtiga ketma-ket qilgan tashriflari, tashriflarda oʻrtaga tashlagan tashabbuslar elni qoʻzgʻatdi: eranlar eranlarga qoʻldosh boʻldilar, mardlar mardlarga qurdosh boʻldilar, har jabhada oldinga intilguvchilar koʻpaydi, oldindagilar orqadagilarga koʻprik boʻldilar, noahillar ahil boʻldilar, gʻiybat kamaydi, begʻayratlar kamaydi, bekorchilar kamaydi, ishsizlar kamaydi, daryolar suvga toʻldi. Qobiliyatga yarasha mehnat qilish jamiyat aʼzolarining odatiga, hayotiy ehtiyojiga aylandi. Koʻngillar asta-asta gʻamginlik, muhtojlik degan falokatlardan xalos boʻlib, taraqqiyotning muborak darvozalari birin-ketin ochildi — ochilaverdi.

Shoirona aytganda, chanqagan odam suvni qanchalar yutoqib simirsa, jizzaxliklar ishga ana shunday tashnalik bilan yopirildilar. Shijoatli qalblardan favvora yangligʻ otilib chiqayotgan “Biz yengamiz!” degan hayqiriqlar togʻ-u toshlarda aks sado berdi. Gʻalabalar yuraklar tubida jaranglayotgan “Ura-ura!”larga ulandi. Axir “Ura!” ham begona emas — oʻzimizniki — turkcha “U-ra-ur!” soʻzidan olingan-da!” Jizzax oʻgʻloni, “bosmachilar” — bosmachi emas, Vatan ozodligi uchun bosqinchilarga qarshi jang qilgan vatanparvarlar ekanini oʻzbek adabiyotida birinchi boʻlib tasvirlagan ardoqli adib Evril Turon (Mamadali Mahmudov) oʻzining “Oynur” romanida “Ura!” kalimasiga taʼrif berarkan, “Saljuqli turklar togʻ oralaridan, daralardan, pistirmalardan chiqib “Ur, U-ra-ur!” deya hayqirib, salbchilarga chovut solganlar. “URA!” soʻzi keyin-keyin Ovrupoga kirib borgan”, deydi.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

Bugun, oradan 7-8-yil oʻtganidan keyin, oʻsha damlardagi “Ura!”larni eslagan kishi hech shubhasiz, evrilishlar qoshida faxr tuyadi, gʻururlanadi, tomirlarida oqayotgan qon beixtiyor tezlashib ketayotganini sezadi, yuragi gupullab ura boshlaydi.

Tangri qoʻllovi, Prezident jurʼati bilan Oʻzbekistonning barcha hududi safida Jizzax ham qaddini rostlamoqda, moʻtabar marralarni egallamoqda. 2017 — 2024-yillar orasidagi oʻzgarishlarni tahlil qilgan, oʻjar raqamlarni bir-biriga taqqoslagan kishiga bu manzara koʻzgu kabi aniq koʻrinadi.

4

2017 — 2024-yillar... Shu yillarda ahli dunyo boshqavattan koʻrdi, tanidi Oʻzbekistonimizni. “Yangi Oʻzbekiston” paydo boʻldi Oʻzbekistonda. Yangi Oʻzbekistonda uchinchi Renessans poydevorining birinchi gʻishtlari qoʻyildi. Prezidentning kun-u tun izlangani, tinib-tinchimasligi, boshqalarni ham tinchitmasligi, hammani ijodkorlikka chorlashi qalblarda shijoat qoʻzgʻatib, xalqni oʻz soʻziga ishontirgani natijasidir bu gʻalabalarning hammasi.

Davlatning obroʻyi Prezidentning obroʻyi, Prezidentning obroʻyi davlatning obroʻyidir, deyishadi donolar. Davlat va Prezidentga chin ehtirom esa aytilgan soʻzni, berilgan vaʼdani, chiqarilgan qarorlarni bekam-u koʻst ado etishda koʻrinadi. Mabodo, vaʼdaga vafo qilinmasa, Sharq maqollarida aytilganidek:

“Suvga solsam, koʻtarmas misqol temirni,

Oltin bilan olib boʻlmas qolgan koʻngilni”.

Shunday. Soʻziga vafo qilmagan kishi boshqalarning koʻnglini hech qachon, hech narsa bilan ololmaydi!

Chunki:

Yangisin olarsan eskirsa roʻmol,

Koʻylak yangilanar ketsa ohori.

Ammo obroʻni-chi, asra jon misol,

Obroʻ sotilmaydi, yoʻqdir bozori.

Oʻzbekiston Prezidentining aziz Vataniga sodiqligi, fidoyiligi, elsevarligi bois, albatta, yirtiq-yamoqlarimiz butlanib, kamchiliklar tugamoqda, dasturxonimizda noz-neʼmatlar koʻpaymoqda, yurt sarhadlari obod boʻlmoqda, ishlarimiz jahondagi doʻstlarimiz eʼtirofiga munosib koʻrilmoqda.

Sheʼriyat sultoni Alisher Navoiy hazratlari taʼkidlaganidek, “Kimki istasa, saltanat saxodir anga shart, Har vaʼdaki aylasa, vafodir anga shart”.

Xoʻsh, Jizzaxda vaʼdaga vafo qanday? Manzara misollarda akslanadi, misollar faktlar va raqamlarda tasdigʻini topadi. Demak, yana misol va raqamlarga murojaat qilamiz. Ular juda koʻp, ular juda salmoqli, ularning hammasini sanaydigan boʻlsak... Har joyda, har xil soʻzlarni oʻylamay-netmay gapirib yuradigan, pashshadan fil yasashga ishqiboz ayrim “birodari aziz”larimizning asabi oʻynashi mumkin. Shu andisha bilan eng muhimlarini tilga olamiz:

Oʻzbekiston Prezidenti 2017-yildan buyon Jizzax viloyatiga rasman 9 marotaba tashrif buyurdi. Har tashrifdan soʻng hududda yangi-yangi buloqlar koʻz ochdi — yangi korxonalar, zavodlar ishga tushdi, uylar, maktablar qurildi. Qishlogʻ-u shaharlarga tiniq havolar, goʻzal navolar kirdi.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

Masalan, 2017-yilgi tashrifdan keyin Zafarobodda neftni qayta ishlash zavodiga, “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasidagi shisha mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Ming Yuan Sily industry” korxonasiga, Jizzax shahridagi “SILK EXPERT prcessing” xom ipak yetishtirish va qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan Oʻzbekiston — Buyuk Britaniya qoʻshma korxonasiga tamal toshi qoʻyildi.

Forishning Egizbuloq qishlogʻida Buyuk Britaniyaning “Leigh Barrier LLP” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Mega invest industrial” masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi kompozit armaturalarni ishlab chiqarish zavodi, Gʻallaorol tumanida “Marjon global” dorivor giyohlarni qayta ishlash korxonasi, Zomin tumanida “Zomin-Farm” korxonalariga asos solindi. “Obod qishloq” dasturi asosida Doʻstlik tumanidagi Manas qoʻrgʻoni namunali qishloqqa aylantirilib, odamlarga munosib turmush sharoiti yaratildi.

2018-yilgi tashrifidan keyin viloyatda 10 million 113 ming dollarlik sanoat va 34 million 504 ming dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari qayta ishlanib, salkam 45 million dollar hajmidagi mahsulot eksport qilindi. Eksport hajmi 2017-yildagiga nisbatan 9,5 million dollarga yoki 127 foizga koʻpaydi, 43 ta yangi qoʻshma va xorijiy korxona roʻyxatdan oʻtkazilib, ularning soni 120 taga yetdi.

2019-yili umumiy qiymati 498 million dollarlik oltita loyiha boʻyicha tashkil etilgan Forish bazalt konining klasterga aylantirilishi; 2021 — 2023-yillarda Forish togʻ poligonidagi “N” harbiy qismda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari salohiyatini toʻla namoyon qila oladigan bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilishi; “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasining mahsulot ishlab chiqarish boʻyicha respublikada uchinchi, eksport hajmi boʻyicha esa oltinchi oʻringa koʻtarilishi hamda “Jizzax” EIZda 33 ta loyihaning amalga oshirilishi; “BMB Holding” kompaniyasida zaʼfaron yetishtirishning yoʻlga qoʻyilishi kabilar ham Prezident tashriflarining muborak tuhfalaridir. Dunyo bozorida eng sifatli boʻlgan oʻzbek zaʼfaroni endilikda AQSH va Yevropa davlatlariga eksport qilinmoqda. Kompaniyaning “Agrologistika” majmuasi loyihasining umumiy qiymati 57 million 700 ming AQSH dollarini tashkil etadi. Uchta modulning har birida yiliga 270 ming tonnagacha qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish quvvati mavjud. Umumiy aylanma quvvati yiliga 810 ming tonnadan oshiq.

Shuningdek, Zomin aeroporti kengaytirilib, rekonstruksiya qilindi. Tumanda Xitoyning “Mingyuan” kompaniyasi bilan hamkorlikda shakllantirilgan 30 dan ortiq loyihalarga xitoyliklar tomonidan 1,2 milliard dollar investitsiya yoʻnaltirilmoqda.

2017-yildan farqli oʻlaroq 2024-yilga kelib viloyat aholisini elektr energiyasi bilan taʼminlash darajasi 99 foizga yetkazildi. Tabiiy gaz taʼminoti 2017-yildagiga nisbatan 2 barobar oshdi, 1090,6 kilometr mintaqaviy va ichki koʻchalar taʼmirlandi.

Ichimlik suvi tizimini yaxshilash maqsadida 617,4 kilometr tarmoq hamda 106 ta suv inshooti rekonstruksiya qilindi. Bu 2017-yildagiga nisbatan 5 barobar koʻpayganini anglatadi.

Qiyoslanayotgan yillarda davlat dasturi boʻyicha jami 13 871 ta, shundan 2528 ta yakka tartibdagi hamda 357 ta koʻp qavatli uy bunyod etildi.

Viloyat iqtisodiyoti 2017-yildagiga nisbatan 3,1 barobar oʻsdi. Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmi 8,2 million soʻmdan 25 million soʻmga, oʻrtacha oylik ish haqi 1,5 million soʻmdan 3,8 million soʻmga yetdi.

Shu yillarda umumiy qiymati 30 trillion soʻmlik 3650 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilib, 50 mingta ish oʻrni yaratildi.

50 ming ish oʻrni! Endi shuning yoniga oylik maoshi 1,5 milliondan 3,8 million soʻmga koʻpaygan ming-minglab baxtiyor kishilarning quvonchini, gaz va svet yoʻqligidan qiynalgan, chang-u loy koʻchalarning azoblaridan qutulgan million-million insonlarning shodliklarini qoʻshing-da, doʻppini yerga qoʻyib, oʻylang, necha million odamlarning qoʻllari duoga ochildi ekan?! Vaholanki, ingliz shoiri Jorj Bayron taʼbiri bilan aytganda, birovning bir tomchi koʻz yoshini qurita olgan kishi jang maydonida qahramonlik koʻrsatgan kishidan koʻra oʻn karra bahodirroqdir.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

Jizzaxdagi yuksalishlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning faoliyati aynan ana shu falsafaga qurilganini yana bir karra isbotlaydi.

Faqat shular emas — Jizzaxning tarixiy manzillari, madaniy meroslari, ziyoratgoh va qadamjolari ham Prezident eʼtiboridan keyin obod boʻlib, sayyohlar mehrini torta boshladi.

Ammo bir vaqtning oʻzida toʻrt faslni koʻrish mumkin boʻlgan Jizzaxda: togʻi, choʻli, daryosi, koʻli, oʻrmoni boʻlgan; togʻlarida qoʻngʻir ayiqlar, qor qoplonlari, Turkiston silovsinlari, olqorlar, yovvoyi toʻngʻizlar, jayralar yurgan; osmonlarida qora laylaklar, burgutlar, oqboshli kalxatlar-u lochinlar uchib yurgan; dasht-u dalalari, bogʻ-u rogʻlari andiz, zira, kiyikoʻt, rovoch, isiriq, chatratqoqi, chirich, qoʻshoyoq kabi sanoqsiz oʻt-oʻlanlarga toʻlgan; changalzorlarida bedana-yu kakliklar xonishi jaranglab turgan Jizzaxda yaqingacha turizmga eʼtibor haminqadar edi.

Davlat rahbarining mehri pasttekisliklar, qir-adirlar, togʻlar, choʻllar, tubsiz jarlar, daralar, qaltis zov va gazalar, archazor-u oʻrmonlar, chashma-yu irmoqlar osha sayohatga tashna qalblarga yetib bordi. Faqat 2024-yilning oʻzida salkam 2,5 million mahalliy va 400 ming nafardan ortiq xorijiy sayyohlar keldi viloyatga, turizm xizmatlari eksporti qariyb 60 million dollarga yetdi.

Gʻururi, baland oriyati va dangalligi bilan nom qozongan dehqonlar esa 2024-yili mamlakat omborlariga 815 ming tonna gʻalla, 200 ming tonna paxta, 100 ming tonna meva, 490 ming tonna sabzavot, 310 ming tonna poliz, 110 ming tonna kartoshka va 35 ming tonna moyli ekinlar yetkazib, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hajmini 2024-yilda 2016-yildagiga nisbatan 12 barobar koʻpaytirishga erishdilar.

5

Ha, ildizlari 4-5 ming yillar avvalgi “Sayxonsoy qoyatoshlari” va “Pishagʻor” gʻorining devorlaridagi suratlarga; ajdodlarimiz bundan ikki yarim ming yillar burun umrguzaronlik qilgan “Mozorsoy yodgorliklari”yu, “Jomonjar yer osti ehromlari”ga, Gaza, Xarakana, Zomin, Sobot, Miq, Marsmanda hamda ulardan-da qadimgiroq boʻlmish Xitoy solnomalarida tilga olingan “Yecha shahri” qoldiqlari-yu, “Qaliya tepa”, “Oʻrda” kabi qalʼalarga ulanguvchi Jizzax zaminida bugun ana shunday olamshumul oʻzgarishlar sodir boʻlmoqda.

Oyqor choʻqqilaridek baland rejalar esa yil sayin pogʻonama-pogʻona oʻsib borayotir.

Mana, ularning ayrimlari:

Rejaga koʻra, viloyatda 2025 — 2030-yillar orasida qiymati 3 milliard AQSH dollariga teng boʻlgan 130 dan ortiq tashabbus — loyihalar amalga oshmogʻi kerak. Ularning 512 million dollarga teng 85 tasi shu yilning oʻzida bajariladi.

Sanoat hajmi 7 foiz oʻsib, 28,7 trillion soʻmga yetadi. 131 ta yangi quvvat ishga tushiriladi va qoʻshimcha 3 trillion soʻmlik ishlab chiqarish manbasi yaratiladi.

Sharof Rashidov tumanida xitoylik investorlar kiritgan 1 milliard dollar hisobidan “Sharof Rashidov texnoparki” sanoat zonasi tashkil qilinadi. 2025 — 2030-yillarga moʻljallangan ushbu loyihani amalga oshirish davomida 16 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilib, byudjetga qoʻshimcha 500 milliard soʻm mablagʻ tushishi taʼminlanadi.

2025 — 2027-yillari shu hududda yana bir ulkan loyiha — “Gagarin” erkin savdo zonasi ochilib, tadbirkorlar tomonidan 20 million dollar investitsiya kiritiladi, 30 dan ortiq savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari ishga tushiriladi hamda 2 ming aholining bandligi taʼminlanib, byudjetga 10 milliard soʻm tushum qoʻshiladi. Doʻstlik tumanida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining 30 million dollarlik mablagʻlari hisobidan mikro sanoat markazlari tashkil etiladi, mingta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Umuman, 2025-2026-yillarda 3,2 milliard dollarlik (2024-yildagiga nisbatan 3 barobar koʻp) xorijiy investitsiya mablagʻlari jalb qilinib, eksport hajmi 285 million dollardan oshiriladi. Viloyat tumanlarining har biriga 50 milliondan 100 million dollargacha, Jizzax shahriga esa 250 million dollar xorijiy investitsiya kiritish rejalashtirilgan.

Qishloq xoʻjaligi sohasida 2025 — 2029-yillarda 100 ming gektar yerni oʻzlashtirish; 101,5 million dollar hisobiga 18 ta loyihani ishga tushirish maqsad qilingan.

Oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni toʻgʻri tashkil qilish uchun takroriy ekin sifatida ekib kelingan poliz ekinlari maydoni oʻrniga 30 ming gektar maydonga Rossiyaning “Pioner” tezpishar kungaboqar navi ekiladi. Kungaboqardan oʻrtacha 60 ming tonna hosil, 12 ming tonna moy, 40 ming tonna kunjara olish orqali esa 5-yildan soʻng Jizzax viloyati kungaboqar moyini Oʻzbekistonda birinchi boʻlib eksport qiluvchi hududga aylanadi.

2025-2026-yillarda 841 kilometr yoʻl va koʻpriklar, 621 kilometr ichimlik suvi hamda oqova suv, 268 ta koʻp qavatli uyda 21,5 kilometr kommunikatsiya tarmoqlari tortiladi.

Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va Gʻijduvon tajribasi asosida 200 ming aholi bandligini taʼminlash orqali ishsizlik darajasi 5,1 foizga, kambagʻallik 6,1 foizga tushirilib, xorijda yurgan kam daromadli 15 ming nafar muhojir qaytariladi va kafolatli ish bilan taʼminlanadi. Shu tariqa 2030-yilga borib kambagʻallik butunlay tugatiladi.

2030-yilgacha xorijiy turistlar soni 5 millionga, xizmatlar eksporti 300 million dollarga yetadi.

Maqsadga erishish uchun 2030-yilgacha Baxmal tumanining “Boyqoʻngʻir soy” hududida “Kiber sport” arenasi, “Vorkaut” maydoni, “Ziplayn”, “Jamping”, “Vellokross”, paraplan, mehmonxona, savdo va servis xizmat koʻrsatish shoxobchalarini oʻz ichiga olgan “Turizm kompleksi” tashkil etiladi. Arnasoydagi Aydar-Arnasoy koʻllari hududidan 100 gektar, Zomin-Baxmal davlat qoʻriqxonasi hududidan 137 gektar, Forish oʻrmon xoʻjaligi hududidan 100 gektar yer maydonlari ajratib olinib, bu manzillarda tadbirkor tomonidan suvda dam olish, mehmonxona, savdo va servis xizmatlari tashkil etiladi.

Bundan ming yillar burun bobolarimiz mahorat bilan bunyod etgan, Oʻrta Osiyoda eng qadimgi va eng mahobatli irrigatsiya inshooti sanalmish “Band toʻgʻoni”, bir necha ming yillardan beri aziz tutib kelingan “Temir darboza”, “Saʼd ibn Abu Vaqqos”, “Parpi ota”, “Xoʻjamushkent ota”, “Novqa ota”, “Oʻsmat ota”, “Said Mir Xalililloh ota”, “Xoʻja bogʻbon ota”, “Paygʻambar ota” kabi moʻtabar ziyoratgohlari boʻlgan Jizzax bogʻlari bundan-da gavjumlashadi. IX-X asrlarda somoniylar, XI — XIII asrlarda qoraxoniylar va xorazmiylar, keyinroq Chingizxon, XIV-XV asrlarda temuriylar davlati tarkibida boʻlib, XVI — XVIII asarlarning birinchi yarmidan to 1866-yilgacha Buxoro amirligiga tobe va undan soʻng oqposhshoyu shoʻrolar qaramogʻida qolib, 1973-yilning 27-dekabrida alohida viloyat sifatida tashkil etilgan — shimoldan Qozogʻiston, Aydar-Arnasoy koʻllari, sharqdan Mirzachoʻl dashtlari va Sirdaryo viloyati, gʻarbdan Nurota togʻlari, Forish qirlari, Samarqand viloyati, janubdan Turkiston togʻ tizmalari va Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh; maydoni 2 million 117 ming 830 gektardan iborat Jizzax viloyatining 1 million 600 mingdan ortiq aholisining hovlisi gulga, choʻntagi pulga toʻladi.

6

Xoʻsh, tez-tez tarixni eslash va qator-qator raqamlarni bir-biriga taqqoslashdan murod nima? Murod shuki, ayrim “birodari aziz”larimizga yana bir bor koʻrsatib oʻtish. Aslida men ularni ichi kir yoki Qanimlar, deyishdan uzoqman. Imonim komil, ular ham Oʻzbekistondagi yuksalishlarni koʻrib-bilib turibdilar. Tomga quyondek sakrab emas, poyama-poya chiqilajagini yaxshi biladilar. Atigi 7-8 yil avval, masalan, olis yurtlarni qoʻya turaylik, bir uvat naridagi qoʻshni davlatga borish naqadar azob boʻlgani ham kundek ravshan ularga. Peshona tering bilan ishlab topgan oylik maoshingni olish yoxud hisob raqamingdagi pulingni naqdga aylantirishdagi ovoragarchiliklar-chi? Oʻrni kelganda, Urgutda boʻlgan bir voqeani aytay. Gaz va elektr yoʻqligidan norozi boʻlgan aholi shikoyat bilan hokimning huzuriga kelishadi. Men gaz va svetdan boshqa hamma masalalaringni yechib beraman. Ammo gaz bilan svetdan ogʻiz ochmanglar, deydi u. Vaholanki, qirchillama qishda aholining ana shu ikki muammodan boʻlak gʻam-tashvishi yoʻq edi. Biroq hokim shoʻrlikning qoʻlidan kelmasa, nima qilsin, noiloj edi.

Toʻgʻri, 7-8 yilda Oʻzbekiston jannatga aylangan, Amerika yoki Yevropa boʻlgani yoʻq. Muammolar qalashib yotganini qayta-qayta taʼkidlab turibdi Prezidentimizning oʻzlari ham. Iqtisodiy kamchiliklardan tashqari, mahalliychilik, urugʻ surishtiruv, tanish-bilishchilik, qarindoshchilik, poraxoʻrlik, xudbinlik, andishasizlik, qoʻrqoqlik, tekinxoʻrlik degan illatlar ham borki, ularni yengish uchun hali koʻplab “jang”lar qilishga toʻgʻri keladi. Illo, uzoq yillar davomida qon tomirlariga qoʻrgʻoshinday quyilib qolgan dardlardan qutulish bir kun yoki bir yillik muammo emas. Oʻylab koʻraylik, bitta yangi roʻzgʻorning but boʻlishi uchun necha yillar kerak boʻladi. Butun boshli mamlakatni-chi?

“Insof sari baraka”, deydi bobolar.

Shukr qilmoq musulmonchilikda ulugʻ fazilat.

Bugun yangi Oʻzbekiston qurilyapti. Ulkan rejalar olinyapti. Murodga yetmoq uchun sharoit ham, imkoniyat ham, kuch-gʻayrat ham yetarli. Ammo ola-gʻovur dunyoda boʻlayotgan gʻavgʻolarni hamma koʻrib turibdi. Bugungi gap ertaga toʻgʻri kelmayapti, kechqurungi doʻst azonda gʻanimga aylanmoqda. Hamma gap birlikda. Oʻzbekiston Yaratgan tomonidan xalqimizga tuhfa qilingan shunday bebaho, saxovatli oʻlkaki, bu oʻlkada toshga eksang gul koʻkaradi. Maqolamizda tilga olingan raqamlar Jizzax viloyatida qoʻlga kiritilayotgan ulkan yutuqlarning ayrimlari — “siqib-siqib, suvi”ni chiqarib, “qolip”ga solinganlari, xolos. Aytaversam, sanayversam qissagayam, dostongayam sigʻmaydigan yumushlar boʻlayotir Jizzax tomonlarda ham.

Agar baxt va shodlik kuychisi, ulugʻ shoirimiz Hamid Olimjon hayot boʻlganida edi, ona yurtida boʻlayotgan obodliklarni koʻrib:

“Oʻxshashi yoʻq bu goʻzal boʻston,

Dostonlarda bitgan guliston!” deya hayqirgan boʻlur edi.

Abdusaid KOʻCHIMOV,

Oliy Majlis Senati aʼzosi,

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер