Bu yilgi yoz meʼyordan yuqori boʻlishi kutilmoqda - “Oʻzgidromet”

17:20 01 Iyun 2020 Jamiyat
2204 0

Bu yil bahorning oxiri Oʻzbekistonda juda issiq keldi. Mayning oxirgi haftasida havo harorati 26-38 darajagacha, janubda 40 darajagacha koʻtarildi.

“Oʻzgidromet” xabariga koʻra, eng yuqori haroratlar Qoraqalpogʻistonda, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida kuzatildi, bu hududlarda havo 40-42 daraja, choʻl zonasida ayrim joylarda 43-44 darajagacha koʻtarildi. Bu may uchun xos boʻlgan koʻrsatkichlardan 5-7 darajaga, shimolda 8-10 darajaga yuqori.

Oʻzbekiston shimolida yangi harorat rekordlari oʻrnatildi. Qoraqalpogʻiston va Xorazm viloyatining koʻpchilik meteorologik stansiyalari maʼlumotlariga koʻra, bu yilgi may oyining oxirida qayd etilgan bunday yuqori oylik harorat avval kuzatilmagan.

Respublikaning koʻpgina mintaqalarida ayrim kunlarda kunlik harorat maksimumlari qayd etildi.

Bu yil issiq erta boshlangani sababli koʻpchilikni yozda harorat qanday boʻladi degan savol qiziqtirmoqda, haqiqatdan ham yoz juda issiq keladimi? Bu toʻgʻrida mutaxassislar nima deydi?

“Oʻzgidromet”ning yozishicha, yoz fasli uchun aniq ob-havo prognozlarini hech kim bermaydi va bu sinoptiklarning “yomon” ishlashi bilan bogʻliq emas. Butun iqlimiy tizim xaotik boʻlib, uzoq muddatga aniq prognozlar berishning imkoni yoʻq.

Bugungi kunda tayyorlanayotgan mavsumiy prognozlar taxminiy tavsifga ega va umuman olganda mavsumga baho berish uchun foydalaniladi va “bu davrda oʻrtacha harorat meʼyordan yuqori yoki past boʻladi, yogʻgan yogʻinlar miqdori ham meʼyordan koʻproq yoki kamroq boʻladi” degan koʻrinishda boʻladi.

Bu yil mavsumiy prognozlar ishlab chiqish bilan shugʻullanadigan Jahon ob-havo markazlari maʼlumotlariga koʻra, kirib kelgan yozda sayyoramizning katta qismida haroratning musbat anomaliyasi (yaʼni meʼyordan yuqori harorat) bilan bogʻliq sirkulyatsiya rejimlarining ustun kelishi kutilmoqda.

“Oʻzgidromet” Shimoliy Yevrosiyo iqlimiy markaziga aʼzolik doirasida mavsumiy prognozlar tayyorlashda ishtirok etadi. Har yili qish va yoz mavsumlari boshlanishidan oldin ushbu markazda mintaqadagi barcha gidrometxizmatlar mutaxassislarining forumlari oʻtkaziladi. Ushbu forumlarda butun Shimoliy Yevrosiyo hududi boʻyicha kirib kelayotgan qishki yoki yozgi mavsumlar uchun prognozlar ishlab chiqiladi.

Bunday prognozlar eng zamonaviy iqlimiy maʼlumotlar va prognostik mahsulotlar tahliliga asoslanib, unda barcha ishtirokchi davlatlar vakillarining fikrlari eʼtiborga olinadi. Prognoz konsensus (maslahatlashish jarayonida kelishilgan) prognoz deb yuritiladi.

Bu yil yuzaga kelgan epidemiologik vaziyat tufayli Shimoliy Yevrosiyo iqlimiy markazining forumi 19-20-may kunlari onlayn rejimda oʻtkazildi.

Konsensus prognozga koʻra, 2020-yil yozda Oʻzbekiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston, Tojikistonda, Qozogʻistonning janubiy, gʻarbiy, sharqiy mintaqalarida 40 foiz ehtimol bilan harorat fonining meʼyordan yuqori boʻlishi kutilmoqda.

Agar umumiy tendensiyalar toʻgʻrisida gapirilsa, yozning issiq boʻlishi toʻgʻrisidagi prognoz hozirda kuzatilayotgan vaziyatni tasdiqlamoqda. Oxirgi yillarda global isish tendensiyasining davom etishi munosabati bilan issiqlik toʻlqinlarining soni va jadalligi ortib bormoqda. Oʻtgan 2019-yil tarixda eng issiq yillar ichida 2016-yildan keyin ikkinchi oʻrinni egalladi.

Yaqinda oʻtgan barcha yillar ham butun asbob-uskunalar bilan kuzatuv davri uchun eng issiq top-5 yoki top-10ga kirgan.

«Bu yilgi yoz ushbu qatorga kirmaydi deb taxmin qilishga hech qanday asos yoʻq. Shuning uchun bu yilgi yoz issiq boʻlishi ehtimolga yaqin, biroq iqlimiy tizim xususiyatlarini eʼtiborga oladigan boʻlsak, bu 100 foizli prognoz emas.

Bundan tashqari oʻrtachalashtirilgan umumiy tavsif mavsum davomida qanday muayyan harorat qiymatlari kuzatilishi toʻgʻrisida tasavvur bermaydi. Yozning uch oyi davomida issiq haroratning sustlashish, yoki bir oy juda issiq boʻlib, qolgan ikki oy davomida harorat meʼyorga yaqin boʻlishi mumkin.

Mavsumiy prognoz iqtisodiyotning turli tarmoqlari, xususan sogʻliqni saqlash mutaxassislari uchun moʻljallangan.

Jahon meteorologiya tashkiloti va Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti SOVID-19 pandemiyasi sharoitlarida yozning issigʻida salomatlikni muhofaza qilishga doir tavsiyalar berilgan axborot materiallari qoʻshma turkumini tayyorladi.

Aholining katta qismi uchun koʻproq tushunarli boʻlgan prognozlar har kuni “Oʻzgidromet” tomonidan 6 kun barvaqtlik bilan tayyorlanadi. Hozircha yozning birinchi haftasida kutilayotgan ob-havo toʻgʻrisida gapirish mumkin.

Ish haftasi davomida harorat koʻtarilib, 38-40 darajaga, mamlakat janubi va choʻl zonasida ayrim joylarda 43 darajagacha yetadi. Dam olish kunlari harorat biroz pasayadi», - deyiladi maʼlumotda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?