Bu yilgi Toshkent xalqaro marafonining umumiy mukofot jamgʻarmasi 138 mln. soʻmni tashkil qiladi

10:27 12 Mart 2022 Sport
1638 0

Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi Yoshlar press-klubida Toshkent xalqaro SHHT yarim marafoni hamda “Navroʻz” IV xalqaro marafoni oldidan matbuot anjumani oʻtkazildi.

2019-yilda SHHTning Bishkek sammiti doirasida aholi orasida jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish, professional sportchilarni xalqaro musobaqalarda ishtirok etishga, Olimpiya, Paralimpiya va milliy sport turlarining rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan hamkorlik bitimi imzolandi.

SHHT marafonlari Jahon yengil atletika musobaqalari taqvimiga kiritilgan. Har bir bosqichda xalqaro assotsiatsiya qoidalariga muvofiq, antidoping nazoratidan tortib, marafon trassasini qamrab olish sifatigacha boʻlgan jarayonda katta ishlar amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasi yuqori darajadagi yugurish musobaqalari tashkil etishda katta tajribaga ega. 

Bahor bayrami arafasida oʻtkaziladigan “Navroʻz” Toshkent xalqaro marafoni, Oʻzbekiston shaharlari boʻylab oʻtkazilayotgan ““Save Aral” va “Aral marathon” sport musobaqalari allaqachon anʼanaga aylanib ulgurgan.

SHHT Toshkent xalqaro yarimmarafoni trassasi Xalqaro marafonlar va yugurishlar assotsiatsiyasi (AIMS) sertifikatiga ega trassada boʻlib oʻtadi. 

Boʻlajak sport musobaqasi dasturiga 3 km. va 21 km. boʻlgan 2 ta masofa kiritilgan. Sport yugurishida nafaqat “SHHT oilasi”ning 18 davlatidan yuguruvchilar, balki boshqa mamlakatlardan ham ishtirokchilar kelib qatnashishi mumkin.

Marafonning umumiy mukofot jamgʻarmasi 138 million soʻmni tashkil etadi. (Yarim marafon uchun 126 million soʻm, 3 km. masofaga 12 million soʻm).

Shuningdek, 27-mart kuni Toshkentda “Navroʻz” IV Toshkent xalqaro marafoni ham boʻlib oʻtadi. 

Bu yil toʻrtinchi marotaba oʻtkaziladigan “Navroʻz” Toshkent xalqaro marafoni nafaqat professional sportchilar, balki oʻz sogʻligʻiga befarq boʻlmagan barcha yoshdagi yugurish ishqibozlarini ham bir joyga jamlaydi hamda Oʻzbekistondagi eng yirik va muhim sport tadbirlaridan biriga aylanadi.

Marafonning start va finish chizigʻi Afrosiyob va Beshyogʻoch koʻchalari chorrahasi (“Humo Arena” muz saroyi)da joylashgan boʻlib, SHHT Toshkent xalqaro yarim marafonining yoʻnalishi poytaxtning markaziy koʻchalari, yaʼni Nukus, Abdulla Qodiriy va Abay koʻchalari boʻylab oʻtadi.

Bu yil yugurishlar ikki masofada, klassik marafon (42 km. 195 m) va 10 km. masofada oʻtkaziladi. Marafon musobaqasida sportchi masofani bosib oʻtishi kerak boʻlgan vaqt chegarasi belgilanadi.

Marafon poygasida qatnashuvchilarning yoshi 18 va undan katta boʻlishi kerakligi belgilangan. 10 km. masofaga yugurishda ishtirokchilarning yoshi chegaralanmagan.

Matbuot anjumanida jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan koʻplab savollarga javob olishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?