Bu yildan Fargʻona uzumi Janubiy Koreyaga eksport qilinadi

15:58 15 Yanvar 2026 Jamiyat
276 0

Ayni paytda Fargʻona viloyatida yetishtirilayotgan tabiiy darmondorilarga boy meva-sabzavotlar dunyoning oʻnlab davlatlariga eksport qilinmoqda.

Eksportda uzum, anor, olxoʻri, gilos, oʻrik, sabzavot mahsulotlari ulushi salmoqli oʻringa ega. Ayni jarayonda viloyatda uzum eksporti salohiyati tobora ortib borayotgani eʼtiborga molik. Birgina oʻtgan yilning oʻzida Fargʻonada yetishtirilgan uzumning eksport geografiyasi sezilarli darajada kengayib, ilk bor Buyuk Britaniya, Norvegiya hamda Yaponiya mamlakatlariga joʻnatildi. Oʻtgan qisqa vaqt mobaynida yurtimiz uzumi Yaponiyadagi mashhur savdo tarmoqlari doʻkonlarida xaridorgir mahsulotga aylanib ulgurdi.

Shu tariqa oʻtgan yil yakunlari boʻyicha Fargʻona viloyatidan uzum mahsulotlari eksporti hajmi qariyb 96 million AQSH dollarini tashkil etdi.

—Oʻzaro kelishuvga koʻra, joriy yildan Fargʻona uzumining Janubiy Koreyaga ham eksporti yoʻlga qoʻyiladi,—deydi Fargʻona viloyati Oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Eldorbek Tursunqulov.—Bugungi kunga qadar esa Koreya bozori va savdo tarmoqlarida gilos, oʻrik, anor, qovun hamda tabiiy ravishda quritilgan mevalarimiz yaxshi sotilmoqda. Uzum ham tez orada koreyalik xaridorlarga manzur boʻlishiga ishonamiz.

Fargʻona viloyati hokimligi delegatsiyaning soʻnggi yillarda bir necha marotaba Koreya Respublikasiga amalga oshirilgan tashriflari chogʻida istiqbolli kelishuvlarga erishilib, mazkur mamlakatning yirik shaharlarida savdo-logistika markazlari ochildi. Bu hamkorlik koʻlamini tizimli hamda zamonaviy mezonlar asosida rivojlantirish imkonini beradi.

Aytish joiz, hozirda uzum qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportida mamlakatimizning eng yaxshi 10 ta mevasidan biri hisoblanadi. Oʻtgan yili yurtimiz uzumi 21 ta davlatga eksport qilinishiga erishildi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?