Bu idishlarda mehnat bilan, yurak bilan birga tarix ham bor — Prezident Rishtondagi kulolchilik markazini koʻzdan kechirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Rishton tumanida qurilgan Xalqaro kulolchilik markazini borib koʻrdi.
Ilgari rishtonlik kulollar oʻz uyida, tor ustaxonalarda ishlardi. Xorijlik turistlar uchun sharoit yoʻq edi.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 17-noyabrdagi farmonidan keyin hunarmandchilikni rivojlantirish va hunarmandlar uchun keng imkoniyatlar yaratila boshlandi. Mazkur farmonga muvofiq, oʻtgan yillarda Qoʻqon va Margʻilon shaharlarida hunarmandchilik markazlari qurilgan edi. Rishtondagisi mashhur kulolchilik yoʻnalishida boʻldi.
Bu yerda 20 ta ikki qavatli kulollar xonadoni, Rishton tarixi muzeyi, bank xizmatlari markazi bunyod etilgan. Uylarning birinchi qavatida ustaxona va savdo doʻkoni joylashgan, ikkinchi qavatda hunarmandlar oilasi yashaydi.
Xonadonlarda 6 oʻrinli mehmonxona ham mavjud. Chet ellik sayyohlar bu yerda yashab, kulollarning ishi bilan tanishishi mumkin.
Markaz foydalanishga topshirilishi bilan 250 ga yaqin ish oʻrni yaratildi. Kulolchilik mahsulotlari Birlashgan Arab Amirliklari, Chexiya, Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston kabi davlatlarga eksport qilinmoqda.
Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston xalq ustasi Alisher Nazirov ustaxonasida boʻldi. Koʻrgazmaga qoʻyilgan kulolchilik buyumlarini koʻzdan kechirdi.
- Bu idishlarda mehnat bilan, yurak bilan birga tarix ham bor. Hamma yoʻnalishlarda milliy anʼanalarimizni tiklayapmiz. Sopol buyumlarni ham yana ommalashtirib, har bir xonadonga kiritish kerak. Ularni chet elliklar juda qadrlaydi. Chunki chiroyli, sifatli, ekologik toza. Yurtimizdagi har bir uyda mana shunday idishlar boʻlsa, ham milliy iftixor, ham maʼnaviyat boʻladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident taniqli kulollar Muzaffar Saidov va Sharofiddin Yusupov xonadoniga ham kirib, ular bilan samimiy suhbatlashdi.
Kulollarga aylanma mablagʻ va imtiyozlar berish, boshqa hududlarimizda doʻkonlar ochishiga koʻmaklashish, mamlakatimizning xorijdagi elchixonalarida koʻrgazma-savdo rastalari tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Xalqaro kulolchilik markazida “Hunarmand” uyushmasining tuman boʻlimi, oʻquv markazi ham joylashgan.
Qurilish jarayonida shu yerdagi Xoʻja Rushnoiy maqbarasi obod qilingan edi. Davlatimiz rahbari ushbu maqbarani ham ziyorat qildi.
Shu yerda viloyatda “mahallabay” tizimi asosida yoshlar va ayollarni ish bilan taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Shavkat Mirziyoyev oʻz uyida tikuvchilik sexi ochib, mahalla xotin-qizlarini ish bilan taʼminlagan uchkoʻpriklik ayollar bilan muloqot qildi. Ular faoliyatini kengaytirishi uchun logistikaga qulay joyda zamonaviy kompleks qurib berish boʻyicha mutasaddilarga vazifa qoʻydi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari” tashkil etiladi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring