Bojxonachilar tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda

18:33 15 Yanvar 2026 Jamiyat
300 0

Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona qoʻmitasining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi jamoasi keyingi yillarda bir qator yutuqlarga erishmoqda. Jumladan, mamlakatimiz sarhadlari daxlsizligi, shuningdek iqtisodiy xavfsizlikni taʼminlash, iqtisodiy suverenitet va milliy manfaatlarni himoya qilish, tashqi iqtisodiy faoliyatni, jumladan eksport va import jarayonlarini qoʻllab-quvvatlashda keng koʻlamli ish olib bormoqda. Viloyat bojxonachilarining 2025-yil yakuni sarhisob qilingan navbatdagi brifingida shu va boshqa masalalar xususida gap bordi.

-Bugungi kunda boshqarmamiz tuzilmasi 14 ta bojxona posti, 82 ta bojxona ombori, 2 ta boj olinmaydigan savdo doʻkoni hamda qariyb, 6 ming nafar tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini qamrab olgan,-deydi Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi boshligʻi Kahramon Umarov.-Xodimlarimizga barcha jarayonlarda faoliyat koʻrsatishiga yetarli sharoitlar yaratilgan. Eksport-import operatsiyalarini amalga oshirish, tadbirkorlar va sarmoyadorlar bilan bevosita shaffof muloqot olib borish, tegishli hujjatlarni tezkor rasmiylashtirish kabi jarayonlar shular jumlasidandir.

Mamlakatimiz iqtisodiy barqarorligini taʼminlash borasida oʻtgan 2025-yil davomida boshqarma tomonidan jami 17,3 trln soʻmlik bojxona toʻlovlari hisoblandi. Shundan tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 8 trln soʻmlik bojxona imtiyozlari taqdim etildi, qolgan 9,3 trln soʻm davlat byudjetiga yoʻnaltirildi. Imtiyoz qoʻllanilgan asosiy tovarlar qatoriga transport vositalari va ularning ehtiyot qismlari, texnologik asbob-uskunalar, oziq-ovqat mahsulotlari hamda metall xom ashyolari kiradi.

Hisobot davrida asosiy savdo hamkorlarimiz boʻlgan Qozogʻiston, Xitoy, Rossiya, Turkiya, Afgʻoniston, Tojikiston va Qirgʻiziston kabi xorijiy davlatlar bozorlariga 2,4 mlrd AQSH dollaridan ortiq qiymatdagi tovarlar eksport qilindi. Ular tarkibida metall va metall buyumlari, transport vositalari va ehtiyot qismlari, oziq-ovqat hamda toʻqimachilik mahsulotlari, texnologik asbob-uskunalar va kimyo sanoati mahsulotlari ustuvor oʻrin egallaydi.

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Matbuot xizmati tomonidan bizga taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, hudud bojxonachilari amaldagi qonunchiliklar buzilishini oldini olish, ularni aniqlash va chek qoʻyish, kontrabandaga qarshi kurashish boʻyicha ham tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda giyohvand vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurash doirasida 59 ta holatda jami 195,3 kg giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyildi.

Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish doirasida 129 mlrd 263 mln soʻmlik tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy aylanmasi fosh etildi. Shuningdek, aksiz markasi bilan markalanmagan 96 ta holatda qiymati 2,6 mlrd soʻm boʻlgan 74 099 quti tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasi barham topdi. Aniqlangan huquqbuzarliklar boʻyicha 49,6 mlrd soʻm qoʻshimcha bojxona toʻlovlari hisoblandi. Aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida 891 kg.dan ortiq kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasiga ham chek qoʻyilgan.

Qisqa qilib aytganda, Toshkent viloyati bojxona organlari tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyatni doimiy qoʻllab-quvvatlash, tadbirkorlar duch kelayotgan toʻsiqlarni bartaraf etish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shodiyor MUTAHAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?