Botir Zokirov qoʻshiqlari jamlangan “Oltin kolleksiya” diski taqdimoti oʻtkazildi (foto)

18:18 10 Iyun 2021 Madaniyat
2441 0

Toshkent Fotosuratlar uyida “Maʼnaviyat festivali”ning matbuot anjumani hamda Oʻzbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligi munosabati bilan “Buyuk isteʼdod va ulkan qalb sohibi” badiiy-musiqiy kecha boʻlib oʻtdi.

Unda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi, Kinematografiya agentligi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi vakillari, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzolari, hamkor tashkilotlar va OAV xodimlari ishtirok etdi.

Matbuot anjumanida maʼlum qilinishicha, joriy yilgi festival doirasida “Yangi Oʻzbekiston — yangi renessans sari!”, “Maʼrifat ulashib”, “Yangi Uygʻonish” davri kitob va kutubxonalardan boshlanadi», “Bir Ziyoli — bir mahallaga maʼnaviy homiy, «Mening farzandim Oʻzbekiston faxri”, “Faol fuqaro”, “Maʼrifat tur”, “Maqom kechalari”, “Baxtli bolalik, «Bir nuroniy besh nafar yoshga murabbiy” kabi loyihalarni hayotga tadbiq etish koʻzda tutilgan.

Shuningdek, respublikamizning barcha tuman va shaharlarida milliy va tarixiy kinolarning namoyishi ham boʻlib oʻtadi. Mazkur loyihada “Mahmudxoʻja Behbudiy”, «Isʼhoqxon Ibrat», “Ota uy”, “Elparvar”, “Berlin — Oqqoʻrgʻon”, “Issiq non” kabi 20 ga yaqin vatanparvarlik, yoshlar ongida milliy ruh va milliy gʻururni shakllantirish, ajdodlarga munosib avlod boʻlish, ilm olish zarurati bilan bogʻliq mushohada qilishga chorlaydigan kinofilmlar namoyish etiladi.

Tadbirning ikkinchi qismida Oʻzbekiston Xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligi munosabati bilan “Oltin kolleksiya” diskining taqdimoti ham boʻlib oʻtdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar Botir Zokirov nafaqat oʻzbek estradasi, balki Sharq estrada sanʼatining ulkan namoyandalaridan biri ekanligi, u sanʼatning qator janrlarida barakali ijod bilan shugʻullangani, betakror suratlar chizgani, prozada ilhom bilan qalam tebratib, ajoyib libretto yozgani, oʻziga xos tarjimalar qilib, kinoda tomoshabinlar qalbida qoladigan yorqin obrazlar yaratgani, sanʼatkor bilan suhbatda boʻlgani hamda bitta oʻpka bilan 20 yil davomida qoʻshiq kuylaganini gapirib berdi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?