Boʻstonliqda “Sevarsoy” sanatoriysi foydalanishga topshirildi

12:43 14 Noyabr 2022 Jamiyat
4000 0

Foto: Yunus BOʻRIYEV / “Xalq soʻzi”.

Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi asosida inson qadri va uning shaʼnini ulugʻlash maqsadida mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbuslari bilan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu saʼy-harakatlarning barchasi xalqimiz turmush farovonligini yanada oshirish, inson manfaatlarini taʼminlash kabi ezgu maqsalarga qaratilgan.

Albatta, mazkur jarayonlarda oʻz saflarida 5,5 milliondan ortiq aʼzoni birlashtirgan Oʻzbekiston kasaba uyushmalari ham faol ishtirok etib kelmoqda. Xususan, kasaba uyushmalari xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash bilan bir qatorda, mehnatkashlar va ularning oila aʼzolari salomatligini mustahkamlash, sogʻlomlashtirsh yoʻnalishlarida ham tizimli ishlarni olib boryapti.

— Kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriylarda joriy yilning 10 oyi davomida jami 143 mingdan ziyod mehnatkash sogʻlomlashtirildi, — deydi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari Muhabbat Oʻrmonbekova. — Ulardan 62 ming 405 nafari imtiyozli va 4 ming 554 nafari bepul yoʻllanmalar asosida oʻz salomatligini tikladi.

Bu hali hammasi emas. Mehnatkashlar va ularning oila aʼzolarini sogʻlomlashtirish ishlari sifati va samaradorligini, shuningdek, sanatoriylarning qabul quvvatini oshirish, ishchi-xizmatchilarni sifatli sogʻlomlashtirish bilan yanada kengroq qamrab olish hamda sihatgohlarda koʻrsatiladigan xizmatlar koʻlamini kengaytirish maqsadida Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan yangi zamonaviy sanatoriylarni barpo etish, mavjudlarida kapital taʼmirlash, rekonstruksiya qilish, moddiy-texnika negizini mustahkamlash, sihatgohlarni jahon standartlari talablariga javob beruvchi soʻnggi rusumdagi tibbiy asbob-uskunalar bilan taʼminlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Xususan, oʻtgan 6 yil davomida Surxondaryo viloyatida “Termiz marvaridi”, “Xoʻjaipok”, Sirdaryo viloyatida “Yangiyer”, Samarqand viloyatida Abu ali ibn Sino, Toshkent shahrida “Chinobod plaza”, Toshkent viloyatida “Koʻhinur”, “Zarkent” sanatoriylari, qurilib, foydalanishga topshirildi.

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni keng nishonlangan shukuhli kunlarda yana bir sihatgoh — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan barpo etilgan “Sevarsoy” sanatoriysi foydalanishga topshirildi. Mazkur sanatoriyning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda soʻz olganlar yurtimizning eng soʻlim hududlaridan biri — Toshkent viloyatining Chimyon togʻ-kurort majmuasida barpo etilgan va jahon standartlari talablariga toʻla javob beruvchi yangi “Sevarsoy” sanatoriysi nafaqat xalqimiz salomatligini mustahkamlash, balki Oʻzbekistonning turistik salohiyatini oshirishga xizmat qilishini qayd etishdi.

Foydalanishga topshirilgan “Sevarsoy” sanatoriysi dengiz sathidan 1600 metr balandlikda, gʻarbiy Tyanshan togʻi va Qorjontovning patki qismida joylashgan boʻlib, ham qishki, ham yozgi togʻ-iqlimiy kurorti sifatida barpo etilganligi bilan yanada ahamiyatlidir. Mazkur togʻ-iqlimiy kurorti yangi turdagi sanatoriy-kurort maskani sifatida xizmat qiladi. Nafaqat mamlakatimizda, balki mintaqada analogi boʻlmagan mazkur maskan hududi 6 gektar maydonga ega boʻlib, unda maroqli hordiq va salomatlikni mustahkamash uchun barcha zarur sharoit va qulayliklar yaratilgan.

“Sevarsoy” sanatoriysi hududi keng bargli oʻrmonzorlar bilan oʻralgan, iqlimi moʻtadil-kontinental, atrofi togʻ bilan oʻralgan boʻlib, qattiq va sovuq shamoldan himoyalangan. Sanatoriyning davolash omili-kislorodga boy, shifobaxsh efir moylar aralashgan musaffo togʻ xavosi, togʻ daryolaridan hosil boʻladigan tabiiy gidroionlanish boʻlib, kelib chiqishi jihatidan nafas yoʻllari kasalliklari bilan xastalangan bemorlarga shifobaxsh taʼsir koʻrsatadi. Asosiy davolash muolajalari bilan birga, “Tuzli gʻor”, uqalash xonalari, zamonaviy suzish havzasi, SPA kompleksi, mahalliy va horijiy mehmonlar uchun seminar va tadbirlarni tashkil etishga moʻljallangan zamonaviy konferens zali mavjud.

Ushbu sanatoriy-kurort nafaqat nafas olish tizimi kasalliklari, balki asab, allergik, yurak qon-tomir ishemiyasi kasalliklari boʻlgan insonlar uchun ham nihoyatda samarali shifo beruvchi maskan hisoblanadi. Bu yerda bir vaqtning oʻzida 200 nafar dam oluvchiga maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan yuqori malakali mutaxassislar xizmat koʻrsatadi.

Taʼkidlash zarurki, Toshkent viloyatidagi Chimyon hududining ham dam olish, ham sport-salomatlik maskani ekanligi, yozda soʻlim oromgoh, qishda esa qishki sport turlari bilan shugʻullanish uchun qulay va gavjum hordiq manziliga aylanishini hisobga olgan holda “Sevarsoy” sanatoriysi goʻzal va zamonaviy mehmonxona uslubida barpo etildi. Ushbu dam olish maskanida yil boʻyi tibbiy turizmni rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.

Sanatoriy salomatlikni tiklash va turli kasalliklarning oldini olishga xizmat qiluvchi eng soʻnggi rusumdagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, zamonaviy mebel jihozlari bilan taʼminlandi. Tashxislash-davolash xonalari tashkil etilgan boʻlib, fizioterapiya, davolash jismoniy tarbiyasi, issiqlik va suv bilan davolash muolajalari, fitoterapiya, lazeroterapiya, psixoterapiya, diteoterapiya usullaridan keng foydalaniladi.

Shuningdek, sanatoriy togʻlik hududda joylashgani bois, fitobarda dam oluvchilar uchun shifobaxsh togʻ giyohlaridan turli damlamalar tayyorlanadi. Dam oluvchilarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish maqsadida madaniy-maʼrifiy hamda sport tadbirlari, konsert dasturlari tashkil etiladi.

Yana bir eʼtiborli jihat shuki, “Sevarsoy” sanatoriysi qurilib, foydalanishga topshirilishi natijasida Chimyon qishlogʻida istiqomat qiluvchi xotin-qizlar va yoshlar ish bilan taʼminlandilar.

Rahim ShERQULOV, “Xalq soʻzi”.

Yunus BOʻRIYEV olgan suratlari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?