Bosqin xavfidan ogohlantirgan amaldor oʻldirildi

22:02 20 Iyun 2024 Madaniyat
338 0

Amir Nasrulloni chor Rossiyasining bosqinidan ogohlantirgan noib taqdirlanish oʻrniga oʻldiriladi. Afsuski, shunday…

Ayrim tarixchilarning iddaosiga koʻra, amirlik va xonliklar davrida chor Rossiyasining bosqinini oldindan sezgan odamlar umuman boʻlmagan. Lekin bu fikr unchalik toʻgʻri emas, tariximizga nisbatan tuhmatdan boshqa narsa emas bu.

Donishmand tarixning shohidlik berishicha, xalqimiz orasida, xususan, amaldorlar ichida chor Rossiyasining bosqinini oldindan koʻra bilgan va oʻz amiri yoki xonini shu xavfdan ogohlantirgan zotlar, juda sanoqli boʻlsayam boʻlgan. Insoniyat uchun ne-ne ulugʻ zotlarni bergan xalqimiz ichidan shunday zukko insonlar, hatto, oʻta zulmatli davrlarda boʻlsada, yetishib chiqishlari tabiiydir. Bundan boshqacha boʻlishi ham mumkin emasdi.

Ammo tuban ketgan amir va xonlar, bek va xurofotchilar ularga qanday muomala qilgan, ularning ogohlantirishini qanday qabul qilishgan?

Afsuski, bu bora sira maqtana olmaymiz.

Buxoro amiri Nasrulloning zamonasida boʻlgan alamli va ayanchli voqea bunga yaqqol misoldir.

Amirning muttasil qahru gʻazabda boʻlishi Xiva xoni talonidan soʻng qariyb toʻrt yil davom etadi. Shu yillar ichida Amir Nasrulloning biror marta kulganini, ayonlari bilan ochilib gaplashganini hech kim koʻrmagan va bilmagan.

Poyon Ravshanovning “Malika Kenagas oyim yoxud Amir Nasrulloning oʻlimi qissasi” asaridan.

Isʼhoqxon Ibratning “Tarixi Fargʻona” asarida keltirilishicha, Buxoro amirligi amaldori, yaʼni Abdusamat noib chor Rossiyasining Oqmachitni bosib olishidan 11-yil ilgari kelgusida ularning Markaziy Osiyoni ham istilo qilishi mumkinligidan amirni ogohlantiradi. Bilasiz, 1853-yilda Qoʻqon xonligiga qarashli Oqmachit qalʼasi ruslar tomonidan egallanadi.

Abdusamat noib oʻziga xos zakosi bilan rus bosqinini Oqmachit bosib olinishidan roppa-rosa 11-yil ilgari, yaʼni 1842-yilda bashorat qilmoqda. Aslida, bu shunchaki bashoratmas, balki olamda boʻlayotgan siyosiy voqealar ravishidan kelib chiqqan holda qilingan kuchli tahlil samarasidir.

Aslida voqealar shunday boʻlgan: Amir Nasrullo Qoʻqonni magʻlub etgach, koʻplab amaldorlar, xon oilasi vakillari qatorida, Muhammad Alixonning oʻzini ham oʻlimga hukm qiladi. Tabiiyki, koʻpchilik mulozimlar amirning bu hukmiga lom-mim demasdan bosh egib turgan. Ammo uzoqni koʻra bilgan Abdusamat noib gapirishga izn soʻraydi va ruxsat boʻlgach, u amirga qarata shunday deydi:

Xoʻqand zabt etildi. Fargʻona katta mamlakat, uni qancha askar, sipoh va xazina sarflab egalladik. Shu topda Rusiyaning bosqin qilish xavfi tobora yaqinlashib kelayotganini ham unutmaslik kerak. Shuning uchun xonni tavba qildirib, qaytarib xon qilib qoʻysak, bosqin boshlanganda dushmanga qarshi birgalikda kurashamiz. U biz uchun qalqon boʻladi.

Kaltabin amir esa noib maslahatini inobatga olmaydigin emas, aksincha uning ogʻziga kavush bilan urdiradi.

Bu ogohlantirishni, yaʼni gapni oddiy noibmas, balki harbiy sohada katta mutaxassis boʻlgan, inglizcha qurollar bilan taʼminlagan 200 askariy kuchi bilan xonlikni yengishda alohida ish koʻrsatgan shaxs aytmoqda. Ammo johil va nodon amir aql-idrokda, insof-adolatda koʻpchilikka namuna boʻladigan Abdusamad noibni oʻylamay-netmay xaloyiq oldida qattiq beobroʻ qiladi. Kekchi amirning bu jazosi hali xamir uchidan patir edi, xolos.

Sharif Yusupovning “Tarix ummoni sirlari” kitobidan.

Kekchi va adovatchi amir shu jazo bilan bilan kifoyalanmaydi. Avvaliga noibni mansabidan tushirib, kichik lavozimga qoʻyadi va turli choralarni koʻradi. Natijada joniga ochiq xavf sezgan Abdusamat noib qochib ketishga uringan. Ammo amir uni tuttirib kelib, avval zindonga tashlaydi, keyin esa qatl ettirgan. Shu tariqa kelgusida boʻlishi mumkin boʻlgan bosqindan ogohlantirgan asl Vatan oʻgʻloni jismonan yoʻq qilindi.

Amir har qancha zolim, har qancha kaltabin boʻlmasin, taxtidan, hatto, jonidan ham aziz boʻlgan ona Vatanimizga yogʻiy bildirmasdan yaqinlashib kelmoqda, deb eshitishi bilanoq hushyor tortishi kerakmasmidi? Ogoh etuvchini oʻldirishmas, aksincha endi nima qilamiz, deya yana undan maslahatlar olishi kerakmasmidi?

Oʻzaro adovatu nizodan, “sen zoʻrmi-men zoʻrmi” qabilidagi kurashdan, kundalik mayda tashvishlardan ortmagan bek va xurofotchilar har kim uchun ulugʻ neʼmat boʻlgan hurriyatning xavf ostida qolishi haqida gap ketganda, barchasini bir chetga soʻrib qoʻyib, yagona mushtga aylanishi kerakmasmidi?..

Tarixning achchiq haqiqati barchamizga saboq boʻlmogʻi darkor!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер