Bortida 174 nafar yoʻlovchisi boʻlgan samolyot anomal doʻl hodisasiga uchradi

19:05 05 Avgust 2024 Jamiyat
463 0

Foto: Telegram

Oʻzbekiston havo yoʻllari samolyoti Sibir janubidagi yuqori havo sarhadlarida anomal doʻl hodisasiga uchradi. Bu haqda “Uzbekistan Airways” AJ axborot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, joriy yilning 3-avgust kuni Krasnoyarsk – Toshkent yoʻnalishi boʻyicha HY9684 aviaqatnovini amalga oshirgan A320 UK32015 havo kemasi bir soatlik parvozdan soʻng Rossiya va Qozogʻiston chegarasi boʻylab 11000 metr balandlikda parvoz qilayotib, bu balandlik uchun anomal meteorologik hodisa (doʻl)ga duch kelgan.

Oqibatda, parvoz kemasining oldi oynalari shikastlangan.

Фото: AviaSpotter

Ekipaj belgilangan protseduralarni amalga oshirganidan soʻng, parvozni davom ettirishga qaror qilgan va Toshkentga qoʻnish jadvalga muvofiq amalga oshirilgan.

“Parvozdan keyingi tekshiruvda shuningdek, meteolokator burun konusining (kok) shikastlanishi aniqlandi”, deyiladi xabarda.

Manbaga koʻra, oʻsha vaqtda havo kemasi bortida 174 yoʻlovchi va 6 ekipaj aʼzosi boʻlgan.

Qayd etilishicha, hozirda havo kemasining shikastlangan qismini taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Yaqin kunlarda u muntazam ravishda parvozlarni amalga oshirishni boshlaydi.

Shuningdek, “Uzbekistan Airways” AJ axborot xizmati aviakompaniya uchun yoʻlovchilar xavfsizligi yuqori oʻrinda turishini eslatib oʻtdi.

“Ushbu hodisa parvozlarni davom ettirish uchun tahdid yoki jiddiy muammo tugʻdirmaydi”, deya qoʻshimcha qilingan xabarda.

Iqlimshunos Erkin Abdulahadov mazkur hodisa yuzasidan quyidagicha fikr bildirdi.

“Meteorologik nuqtai nazardan, havo kemalari parvoz balandlik nuqtalari yaʼni troposfera yuqori qismida (tropopauza) suv bugʻining kuchli toʻyinishi, doʻl hodisalari deyarli kuzatilmaydi.

Ammo, iqlim oʻzgarishi atrof okeanlardan stratosfera quyi qismi sathidagi balandlikkacha quruqligi ichkari qismigacha namlikning kirib kelishi atmosferada yuqori balandlikka ega konvektiv bulutlarni keltirib chiqarishi bor gap”, deydi mutaxassis.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?