Bolajonlar uchun bilim va tarbiya maskani

Gʻayrat Otajonov/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimizda bolalar sogʻligʻini mustahkamlash va tiklash, maktab taʼtillari davrida ularning ijodiy salohiyatini rivojlantirishda hududlardagi bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlarining oʻziga xos oʻrni bor. Yurtimizda bolalar oromgohlari faoliyatini toʻgʻri va samarali tashkil etishga oid bir qator qarorlar qabul etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 29-maydagi “Bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlarida dam oladigan bolalar qamrovini kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida bolalarni sogʻlomlashtirish oromgohlari bilan qamrab olish darajasini oshirish, maktab taʼtillari davrida boʻsh paytlarini mazmunli oʻtkazishini tashkil etish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va sogʻlomlashtirish ishlarining samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator vazifalar belgilangan.
Mazkur qarorda mamlakatimizdagi bir qator bolalar oromgohlari bilan birga Qoraqalpogʻiston Respublikasining Taxiatosh tumanidagi “Aydin jol” bolalar oromgohi kapital taʼmirlash, Nukus shahridagi “Jetkinshek” bolalar oromgohi rekonstruksiya qilish masalalari nazarda tutilgan.
— Joriy yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi 11 ta statsionar oromgohlarda joriy yoz mavsumida 6 smenada jami 7 ming 535 nafar bolalar dam olishi rejalashtirilgan, — deydi Bolalarning dam olishini va sogʻlomlashtirishini tashkil etish Departamentning Qoraqalpogʻiston boshqarmasi boshligʻi Satbay Oteoʻliyev. — Shundan 2 ming 625 nafar bola Kasaba uyushmalari hisobidan, 3000 nafari kam taʼminlangan va boquvchisini yoʻqotgan oila farzandlari davlat byudjeti hisobidan, 1910 nafari hokimlik va homiy tashkilotlar hisobidan dam olishini taʼminlash belgilangan. Shuningdek, shahar va tumanlardagi taʼlim muassasalarida, bolalar va oʻsmirlar sport maktablari, bolalar musiqa va sanʼat maktabi, “Barkamol avlod markazi”, “Yoshlar markazi”larida tashkil etilgan 69 ta madaniyat va sport sogʻlomlashtirish maydonchalarida 16 ming 750 nafar bolalarni yozgi mavsumda dam olishini va sogʻlomlashtirishni tashkil etish rejalashtirilgan.
Bolalarni dam olishini va sogʻlomlashtirilishini tashkil etish departamenti tomonidan barcha oromgohlarga taqdim etilgan 12 kunlik namunaviy dastur asosida madaniy-maʼrifiy va sport tadbirlari, bolalar oʻrtasida turli koʻngilochar kechalar tashkil etilib, faol ishtirokchilar diplom va esdalik sovgʻalar bilan taqdirlanib borilmoqda.
Jumladan, “Salom oromgoh” festivali, “Zakovat” intellektual oʻyini, “Sanʼat va isteʼdod kun”, “Harbiy Vatanparvarlik kuni” “Ona tabiatni asrash kuni”, “Mohir qoʻllar kuni”, “Sport”, “Turizm”, “Xalqlar doʻstligi” kuni kabi tadbirlarda bolalar sanʼat xodimlari, harbiylar, hunarmandlar va boshqa sanaga aloqador xodimlar bilan uchrashuvlar tashkil etiladi. Mazkur tadbirlar bolalarning mazmunli dam olishini taʼminlash bilan birga Vatanga, ayrim kasblarga muhabbatini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Shuningdek, 15-22-iyun kunlari Bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlarida dam olayotgan bolalar oʻrtasida “Yoz oʻtmoqda soz!” shiori ostida madaniy tanlovning hududiy bosqichi oʻtkazilib, gʻoliblar respublika bosqichiga yoʻllanmalar oldi.
Bundan tashqari, “Besh tashabbus” doirasida “Iqtidoringni namoyon et” shiori ostida sanʼat yoʻnalishida erkin ijod tanlovi oʻtkazilmoqda. Bolalarga Vatanparvarlik ruhini singdirish, ular ongida maʼnaviy yuksak qadriyatlarimizni shakllantirish maqsadida “Kitobxonlik”, “Biz yangi Oʻzbekiston farzandlarimiz” mavzusida savol-javoblar viktorinalari oʻtkazilmoqda. Ayniqsa, oʻzlari oʻqigan kitoblari boʻyicha oʻtkazilayotgan tanlovlar bolalarda kitobxonlikka boʻlgan qiziqishlarini yanada kuchaytirishga xizmat qilayotir.
Soʻnggi yillarda Muhtaram Prezidentimizning tashabbusi bilan Moʻynoq tumanida juda koʻp yangi inshootlar qad rostladi. Ulardan tumanning “Bozatau” OFY hududida barpo etilgan “Oq kema” nomli zamonaviy bolalar sogʻlomlashtirish oromgohidir. Markazda bolalar yotoqxonalari barcha jihozlar bilan taʼminlangan. Futbol, basketbol, voleybol maydonchalari, suzish havzasi bolalar xizmatida. Stol tennisi, shaxmat-shashka oʻyinlari uchun maxsus joylar ajratilgan. Madaniy tadbirlarni tashkil qilish uchun amfiteatr, kutubxonalar mavjud. Tibbiyot xonalari, oshxona zamonaviy uskunalar bilan taʼminlangan.
— Bolajonlarning maroqli dam olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan, — deydi “Oq kema” oromgohi tarbiyachisi Guljahon Ismaylova. — Bolalar xavfsizligi, salomatligi, bilim olishi uchun masʼul xodimlar biriktirilgan. Shifokor va pedagoglar bolalar salomatligini saqlash, bilimlarini oshirib borish ishlari bilan har kuni shugʻullanadilar.
Bolalarning ovqatlanishi, vaqtida dam olishi, turli xil toʻgaraklarni tashkil qilib bolalarning dam olishi maroqli oʻtkazishga harakat qilmoqdamiz.
Oromgohda tikish va toʻqimachilik, kompyuter, sport, rassomchilik, musiqa toʻgaraklari ishlab turibdi. Bolajonlar oʻzlari xohlagan toʻgaraklarda shugʻullanishadi yakunida esa, yoʻnalishlar boʻyicha tanlovlar oʻtkazilib, faol bolalar “Faxriy yorliq” bilan taqdirlanadi.
Oromgoh kutubxonasida oʻzbek,qoraqalpoq, rus va boshqa chet tillaridagi adabiy, ertak kitoblar juda koʻp. Bolajonlar boʻsh paytida kitoblar oʻqib, bilimlarini oshirib boradilar. Shu bilan birga dam oluvchi bolalar oʻrtasida “Men sevgan ertak qahramoni“, ”Bilim ring”, “Zakovat” oʻyinlarida oʻtkazilib, gʻoliblar taqdirlanishi anʼanaga aylangan.
Shu bilan birga oromgohda “Direktor kubogi”sport musobaqasi, “Oromgoh malikasi”, “Oromgoh sultoni”, “Yoz simfoniyasi”, “Mening jonli ovozim”, “Raqslar guldastasi”, “Ertaklar olamiga sayohat”, “Tingla, uyla, oʻyna”, “Doʻstlik” raqslar tanlovi bolajonlarga oʻzgacha zavq bagʻishlamoqda.
Mazkur oromgohda Qoraqalpogʻistonning barcha tumanlaridan tashrif buyurgan bolajonlarni uchratish mumkin. Eʼtiborlisi, “Oq kema” oromgohida tashkil etilayotgan tadbirlar bolalarni sogʻlomlashtirish va maroqli dam olishlarini taʼminlab qolmasdan, bolajonlar uchun bilim va tarbiya maskaniga aylanib ulgurgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
- “Air India” fojiasidagi tirik qolgan yagona yoʻlovchi hikoyasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring