Bolalardagi teri oqarishi va uyquchanlik kamqonlik alomatimi?

14:48 02 Fevral 2023 Jamiyat
659 0

Foto: Illustrativ foto

JSST maʼlumotlariga koʻra, bugun dunyoda maktabgacha yoshdagi 47,5 foiz va maktab yoshidagi 25,5 foiz bolalar kamqonlik xastaligiga chalingan. Yurtimizda ham bu kasallik kichik yoshdagi oʻgʻil-qizlar orasida koʻp uchraydi.

Xoʻsh, buning sabablari nimada?

— Avvalo, buni bir necha omillar bilan izohlash mumkin, — deydi tibbiyot fanlari doktori Aziza Mahmudova. — Yaʼni, kundalik isteʼmol mahsulotlarida kerakli vitamin va ozuqalarning yetishmasligi, ekologiyaning yomonlashuvi koʻplab xastaliklar qatori kamqonlikni keltirib chiqaradi.

Yangi tugʻilgan chaqaloqlarda anemiya homiladorlik davridagi muammolar – qon ketish, homilaning tushish xavfi, onadagi yuqumli kasalliklar tufayli yuzaga keladi. Erta tugʻilgan bolalarda ham bu xastalik koʻp kuzatiladi.

Bu dard bilan ogʻrigan bolalar turli yuqumli kasalliklarga tez chalinadi. Oqibatda ularda kamharakatlik, charchoq, uyquchanlik, ishtahasizlik hamda vazn yetishmasligi kuzatiladi. Teri oqarib, tirnoqlar va sochlar moʻrtlashadi.

Til yalligʻlanib, ogʻiz atrofida yuzaki yaralar paydo boʻladi. Asab tizimi faoliyati buziladi, tez-tez bosh aylanishi, ogʻrishi, quloqlarda shovqin kuzatiladi. 1 yoshgacha boʻlgan va ogʻir kamqonlikka chalingan goʻdaklar rivojlanishda ancha ortda qoladi.

Bundan tashqari, asabiylik, boʻr yoki kesak yeyish ham kamqonlikning asosiy belgilaridir. Xastalikning ogʻir holatlarida esa hushdan ketish, taxikardiya, nafas qisish kuzatilishi mumkin.

Kasallikka tashxis qoʻyishda, avvalo, pediatr-shifokor koʻrigidan oʻtish lozim. Qolaversa, bolada anemiyani aniqlash uchun gastroenterolog, nefrolog, allergolog, gematolog va boshqa tor doiradagi mutaxassislar tekshiruvi talab etiladi.

Shuningdek, kamqonlikni davolash uchun, avvalo, yosh bolalar, maktab yoshidagi oʻgʻil-qizlar taomnomasi va kunlik tartibini qayta koʻrib chiqish kerak. Bemor bola koʻproq toza havoda sayr qilishi, oʻrtacha jismoniy faoliyat bilan shugʻullanishi, bir vaqtda uxlab, bir vaqtda uygʻonishi lozim.

Anemiyaga chalingan bolalar ratsionida temirga boy mahsulotlar – qizil goʻsht, loviya, noʻxat, qorabugʻdoy unidan tayyorlangan non, qoʻziqorin, quritilgan mevalar va koʻkatlar boʻlishi kerak.

S va B12 vitaminlariga boy mahsulotlar (bulgʻor qalampiri, brokkoli, sitrus mevalar, baliq, yashil bargli sabzavotlar) ham kasallikning oldini olishda juda muhim. Boisi bu vitaminlarsiz temir qonga soʻrilmaydi.

Agar bolada jiddiy kamqonlik kuzatilsa, shifokor tomonidan zarur dori-darmonlar tayinlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?