Bolalar oʻyingohlari bugun qay ahvolda?

13:27 17 Yanvar 2022 Jamiyat
761 0

Foto: Халқ сўзи

Bolalik inson umrining goʻzal va begʻubor fasli, beqiyos imkoniyatlar davri. Binobarin, bola — har bir oila va jamiyatning ertangi kundan umid chirogʻi. Shu bois ularning jismoniy, intellektual, ruhiy va maʼnaviy yetuk avlod boʻlib voyaga yetishlarini taʼminlash har bir mamlakatning taraqqiyot istiqbolini belgilovchi muhim omil sanaladi. Bu boradagi ozgina eʼtiborsizlik esa, albatta, bir qator noxushliklarga yoʻl ochadi.

 

 

Soʻnggi paytlarda bolalarda ijtimoiy tarmoqlar, gadjetlar va smartfon telefonlardan foydalanishining tobora yosharib borayotganligi haqidagi nolishlar (baʼzida maqtanish) tez-tez qulogʻimizga chalinmoqda. Zarracha mubolagʻa yoʻq — bugun atrofni virtual anglash, “kompyuterga qaramlik” hali tili chiqmasidanoq bolalarni oʻz domiga tortmoqda. Xitoy, AQSH hamda Yevropaning bir qator rivojlangan mamlakatlarida bu qaramlik kasallik, deya tan olinib, davolash choralari qoʻllanilmoqda. Afsuski, mamlakatimiz ham bu tahdidlardan xoli emas. Tabiiyki, ularning oldini olishning yagona yoʻli — maftunkor va jozibador omilni taqdim etish. Bu borada bir qator chora-tadbirlar belgilanib, loyihalar amalga oshirilmoqda. Chunonchi, Prezidentimizning “2017 — 2021-yillarda koʻp xonadonli uy-joy fondini saqlash va undan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida ham bolalarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlariga doir muhim vazifalar belgilangan. Mazkur qarorning ikkinchi ilovasiga koʻra uy-joy fondiga tutash hududlarni obodonlashtirish parametrlarida 2017 — 2021-yillarda birgina Navoiy viloyatida 634 ta bolalar maydonchasini qurish va taʼmirlash ishlari nazarda tutilgan edi. Shularning 80ga yaqini Navoiy shahri hissasiga toʻgʻri keladi.

Albatta, bu bejizga emas. Boisi bolalar maydonchalari jajjilarning oʻz vaqtini mazmunli oʻtkazishi, jismoniy va ijtimoiy rivojlanishiga xizmat qiladi. U yerdagi har bir jihoz maktabgacha va kichik maktab yoshidagi bolalarni oʻyinga qiziqtira olibgina qolmay, jismoniy va intellektual rivojlanishiga samarali taʼsir etishi zarur. Shundagina oʻyin orqali bolalar atrof-muhit bilan yaqindan tanishib, notanishlar bilan ham muloqotni oʻrganadi va mustaqil harakatlanish, oʻz kuchini sinab koʻrish imkoniyatiga ega boʻladi. Bolada tabiatga mehr, dadillik, boshqalardan oʻrnak olish hissi uygʻonadi.

 

 

Xoʻsh, bu borada tahlil manzilimiz — Navoiy shahrida ahvol qanday? Shahar Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boʻlimi bergan maʼlumotlarga koʻra, 2018-2021-yillarda hududda 48 ta bolalar maydonchasi qurilib, 31 tasi taʼmirlangan.

Misol uchun, shaharning “Umid” MFY hududidagi I. Karimov va Amir Temur koʻchalari kesishmasida 90-koʻp qavatli uy bolalarining imkoniyatini olib qaraylik. Uy 140 xonadondan iborat boʻlib, katta koʻchadan birgina yoʻlak ajratib turadi. Ikki yonida esa yoʻlga tutashib ketgan yengil konstruksiyali ovqatlanish maskanlari joylashgan. Orqa tarafi ochiq maydon boʻlib, u yerda daraxtzor, bolalar oʻyin maydonchasi, axlat yigʻish punkti mavjud edi. Shu atrofdagi 88-, 88”a”, 84-, 86-koʻp qavatli uylarda istiqomat qiluvchi oilalarning farzandlari ham ushbu hududda oʻynashlari, avtomashinalar qoʻyilishini inobatga olsak, ochiq maydon deganimizdan ham kaftdekkinasi bolalarga qoladi. Bu ham yetmagandek shu kunlarda mazkur hududda uyga qadab, uch qavatli imorat tiklanmoqda. Emin-erkin oʻynash nari tursin, birvarakay oyoqda turishiga ham torlik qiladigan bu hududdan bolalar oʻyingohi uchun ajratilgan yerga talabgor boʻlishning oʻzi bolalar huquq va manfaatlariga bepisandlik emasmi?

 

 

— Bolalar oʻyin maydonchasidagi moslamalar esa kesib tashlandi, ana yotibdi, — deydi 88-"a” uyning uy boshisi Xalil Mamatov. — Shu imoratning tagida besh tup katta-katta oʻrik daraxti bor edi, yoz boʻyi mevasi tagiga toʻkilib, bolalarimiz terib olardi. Koʻpchilik norozi boʻldik, shikoyat qildik, foydasi boʻlmadi.

Ushbu imorat tiklanayotgan hududdagi bolalar maydonchasi “Nihol 2020” xususiy uy-joy mulkdorlar shirkati balansida. Shirkat raisining taʼkidlashicha, qurilish uchun yer XUJMSH tashkil etilishidan ancha ilgari ajratilgan. Uch-toʻrt yildan buyon qoʻldan-qoʻlga oʻtib kelyapti.

— Toʻgʻrisi, hozir nima qurilayotganini bilmayman ham, — deydi XUJMSH raisi Nodir Maxamatov. — Oʻyin maydoni bizning balansimizda boʻlgani bilan yer bizga tegishli emas, shuning uchun uni hokimiyat istagan paytda sotuvga qoʻyib, tasarruf etishi mumkin.

“Umid” MFY raisi Shermamat Xoliqov bilan suhbatlashganimizda, u haqiqatan ham yer bir necha qoʻldan oʻtib, bugungi egalari stomatologiya, bosmaxona uchun imorat tiklayotganini, qurilish ishlari yakunlangach, bolalar maydoni barpo etib berishni oʻz zimmalariga olishganini taʼkidladi.

 

 

Nafsilamrini aytganda, imorat kimga tegishli ekanligining ahamiyati yoʻq. Shunisi aniqki, manzildagi 90-uyning birinchi qavatida ikkita stomatologiya punkti joylashgani holida yana stomatologiya qurish va buni deb mahalla bolalarini oʻyingohdan mahrum qilishga qanday zarurat bor?!

Ehtiroslarni jilovlab, sal naridagi ikki-uchta bolalar oʻyin maydonlarini kuzatamiz. Almisoqdan qolgan moslama va jihozlar atrofi boʻm-boʻsh. Farzandlarini oʻynashga olib chiqqan ota-onalar uchun yaratilgan shart-sharoit haqida gapirmasa ham boʻladi.

— Moslamalarning hammasi temirdan yasalgan, — deydi M. Torobiy koʻchasi 113-uy, 11-xonadonda istiqomat qiluvchi Gavhar Turdiyeva. — Yozda qoʻlni koʻydirsa, qishda muzlatadi. Yer qotib ketgan, yiqilgan bola shikastlanishi aniq. Yoʻqdan koʻra bor-da, ishqilib, bolalarimiz goh-goh kelib oʻynaydi. Toʻgʻrisi, oʻzimiz qoʻrqamiz.

Shuningdek, shaharda soʻnggi yillarda qurilgan yangi uylar atrofidagi bir nechta oʻyin maydonchalarida ham boʻldik. Misol uchun, “Humo Zilola” XUJMSHiga qarashli oʻyin maydonchasi beshta koʻp qavatli uyning bolalariga moʻljallangan boʻlib, bu yerda sirpanish qirchasi va yoysimon osilish narvoni bor, xolos. Ular ham zanglab, payvand choklari koʻchishi natijasida qirralari oʻtkirlashib, oʻta xavfli boʻlib qolgan. Toʻgʻrisi, bu kabi holatlar barmoq bilan sanarli emas.

 

 

Nihoyat Navoiy shahridagi mobil aloqa kompaniyasi tomonidan besh-olti yil oldin bolalarga sovgʻa qilingan oʻyin maydonchasiga keldik. Maydoncha bolalar bilan gavjumligini koʻrib, biroz koʻnglimiz yorishdi.

— Yozda yanada bu yer gavjumlashadi, — deydi Gʻalaba shohkoʻchasi 117-uy 5-xonadonda istiqomat qiluvchi Yulduz Nosirova. — Farzandlarimiz bilan birga biz, ota-onalar uchun ham dam olib, suhbat qurish uchun qulay sharoitlar yaratilgan.

Bugun kompʼyuter qarshisiga mixlangan yoki planshet va qoʻl telefonda kun sayin “bolalayotgan” videomahsulotlarni tomosha qilayotgan bolalaringiz uchun siz yashayotgan koʻp qavatli uy yonida oʻyingoh bormi? Agar bor boʻlsa va xavfsizlik talablariga javob bersa, bolalaringiz oʻyingohda vaqt oʻtkazsin, oʻynasin, kulsin. Bunga undang, ularga hamroh boʻling. Axir ular — bolalar! Taassufki, Navoiy shahri misolida aytsak, bunday oʻyingohlar kam, juda kam.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер