Bola huquqlari — respublikamiz davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri

22:15 19 Noyabr 2020 Siyosat
401 0

1989-yilning 20-noyabr sanasi BMTning Bola huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiyasi qabul qilingan kun hisoblanadi. Ushbu Konvensiya inson huquqlari tarixidagi eng muhim hujjatlardan biridir. Zero, mazkur sanadan eʼtiboran, bola huquqlari dunyoning qaysi mintaqasida buzilmasin, uni himoya qilish borasida xalqaro imkoniyat vujudga keldi. Konvensiya bola huquqlarini himoya qilishning kafolatlari mustahkamlangan birinchi xalqaro huquqiy hujjat hisoblanadi.

Amaldagi Konvensiya bir qancha jihatlari bilan muhim ahamiyat kasb etadi.

Birinchidan, Konvensiyada ilk bor bola tushunchasi huquq subyekti sifatida tan olingan. Bu huquq subyektiga bolalardan tashqari, voyaga yetmaganlar ham kiradi.

Ikkinchidan, Konvensiya voyaga yetmaganlarning xalqaro huquqiy maqomini shakllantirdi. Shunga koʻra, bolaning huquq va erkinlik doirasi kengaytirildi.

Uchinchidan, ushbu hujjatda shafqatsiz qiynoq va qurolli toʻqnashuvlar qurboni boʻlgan, shuningdek, qonunni buzgan va muomalaga layoqatsiz bolalarning yuridik himoyasi nazarda tutilgan.

Toʻrtinchidan, unda bolalarni baʼzi bir salbiy hodisalar (giyohvand¬lik va ruhiy taʼsir etuvchi moddalarni noqonuniy isteʼmol qilish, bolalarni sotish va gʻayriqonuniy maqsadlarga jalb etib, ulardan foydalanish) kabi taʼsirlardan himoya qilish masalalari ham alohida qayd etilgan.

Beshinchidan, bola yoki oʻsmir huquqlarini himoya qilishda kamsitmaslik tamoyili eʼtirof etilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Bola huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiyaga 1992-yilda qoʻshilgan va unda koʻrsatilganidek bolalarning barcha huquqlarini hurmat qilish, taʼminlash va himoya qilish majburiyatini oʻz zimmasiga olgan.

Yangi Oʻzbekistondagi huquqiy islohotlar 2016-yilda aynan “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonun imzolanishi bilan boshlandi.

Mamlakatimizda bolalar va yoshlar faoliyatiga doir jami 40 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari asosida bolalar va yoshlarning maʼnaviy, intellektual, jismoniy va axloqiy jihatdan kamol topishiga koʻmaklashishning huquqiy mexanizmi yaratilgan.

Sohadagi islohotlarni muvofiqlashtirib borish maqsadida mamlakatimizda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) oʻrinbosari — Bola huquqlari boʻyicha vakil lavozimi joriy qilindi hamda uning huzurida Bola huquqlarini himoya qilish boʻyicha jamoatchilik kengashi tuzildi.

Bola huquqlari boʻyicha vakil BMTning Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasini bajarish strategiyasi va bola huquqlari masalalari boʻyicha boshqa hujjatlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi. Shuningdek, aholi oʻrtasida bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari masalalari boʻyicha huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirishga koʻmaklashish kabi koʻpgina muhim vazifalarni amalga oshiradi

Bugungi kunda yurtimizda bolalarni ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, maʼnaviy jihatdan himoya qilish boʻyicha juda koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, mamlakatimizda bolalar huquqlarini himoya qilish boʻyicha tegishli huquqiy baza shakllangan desak hech mubolagʻa boʻlmaydi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Oila kodeksi, Fuqarolik kodeksi, Mehnat kodeksi, Jinoyat kodeksi va boshqa bir qator qonun hujjatlarida bolalar huquqlarini himoya qilishga oid normalar oʻz ifodasini topgan.

Shuni taʼkidlash joizki, bola huquqlarini himoya qilish sohasida qabul qilingan xalqaro majburiyatlarni bajarish uchun Oʻzbekiston xalqaro huquqiy normalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish yoʻlida katta ishlarni amalga oshirmoqda. Amaldagi qonunchilikda bolalarning huquq va manfaatlariga, shuningdek ularning himoyasiga alohida eʼtibor berilmoqda.

Bola huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiyada 4 ta asosiy yoʻnalish belgilangan boʻlib, bular yashash, rivojlanish, himoyalanish hamda bolalarning oʻzlariga bevosita tegishli qaror qabul qilinishida qatnashish huquqlarini taʼminlashni oʻz ichiga oladi.

Mazkur yoʻnalishlarda qayd etilgan talablarning barchasiga amal qilish Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining tegishli moddalari bilan mustahkamlangan. Xususan, bosh qomusimizda ota-onalar oʻz farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashi, davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum boʻlgan bolalarni boqish, tarbiyalash va oʻqitishni taʼminlashi, farzandlar ota-onalarning nasl-nasabidan va fuqarolik holatidan qatʼi nazar, qonun oldida tengligi hamda onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinishi, shuningdek, har kim bilim olish huquqiga egaligi, bepul umumiy taʼlim olish davlat tomonidan kafolatlanishi, belgilab qoʻyilgan.

Konvensiya talablari hamda Konstitutsiyamiz asosida mamlakatimizda qator qonunlar qabul qilinib, bu boradagi huquqiy asos yana-da mustahkamlandi. Xususan, “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”, “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”, “Oliy Majlisning inson huquqlari boʻyicha vakili (OMBUDSMAN) toʻgʻrisida”, “Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar toʻgʻrisida”, “Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida”, “Bola huquqlarining qoʻshimcha kafolatlari belgilanishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunlarda bola huquqlarining kafolatlari taʼminlanishi bilan bogʻliq munosabatlar ishtirokchilari va ularning huquq hamda majburiyatlari aniq aks etgan.

Umuman, bugungi kunda Oʻzbekistonda bola huquqlari va manfaatlarini himoya qilish boʻyicha oʻziga xos milliy-huquqiy tizim shakllangan boʻlib, ayni paytda mamlakatimiz bu yoʻlda dadil qadam tashlayotgan davlatlardan biridir.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, mamlakatimizda bolalar huquqini himoya qilishning zarur huquqiy bazasi yaratildi. Unga koʻra bola huquqlarini amalga oshirish va himoya qilish mexanizmi ishlab chiqilib, davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining izchil olib borilayotgan faoliyatida namoyon boʻlmoqda. Shu bois, bola huquqlarini taʼminlash va himoya qilish uchun zarur boʻlgan huquqiy va tashkiliy sharoitlar va kafolatlar yaratish Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib hisoblanadi.

BAXTIYOR SAYFULLAYEV,
Oliy Majlis Senati
Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?