Boks: 6 nafar oʻgʻlonimiz oʻsmirlar oʻrtasida Osiyo chempioni, yana shunchasi vitse-chempion!

09:56 14 Mart 2022 Sport
1036 0

Iordaniya poytaxti Amman shahrida davom oʻtayotgan boks boʻyicha oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasidagi Osiyo chempionatida oʻsmirlar oʻrtasidagi bahslar oʻz yakuniga yetdi.

Qitʼamizning 21 mamlakatidan jami 352 nafar bokschi bahslarga kirishgan musobaqada Oʻzbekiston sharafini oʻsmirlar oʻrtasida 25 nafar, yoshlar oʻrtasida esa 24 nafar, jami 49 nafar sportchimiz munosib himoya qilishmoqda.

Ushbu musobaqa oʻsmirlar oʻrtasida 2006-2007-yillarda tugʻilganlar, yoshlar oʻrtasida esa 2004-2005-yillarda tavallud topgan bokschilar oʻrtasida tashkil etildi.

Bugun musobaqa doirasida oʻsmirlar oʻrtasidagi Osiyo chempionlari aniqlandi. Avvalroq ushbu yosh toifasidagi qizlar oʻrtasida oʻtkazilgan janglarda 5 nafar sportchimiz qitʼa chempionligini qoʻlga kiritishganligi haqida xabar bergandik. Hozirgina oʻgʻil bolalar oʻrtasidagi bahslar ham yakuniga yetib, yana 6 nafar hamyurtimiz Osiyo chempioniga aylandi.

Boks boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasida Osiyo chempionatining final janglarida terma jamoamiz aʼzolari qayd etgan natijalar:

-48 kg: Ilhomjon Ergashev hindistonlik raqibini magʻlub etdi va dastlabki oltin medal qoʻlga kiritildi.

-50 kg: Samandar Olimov qirgʻizistonlik raqibini birinchi raunddayoq nokautga uchratdi va yana bir oltin medal!

-52 kg: Sunnatilla Oʻktamaliyev qozogʻistonlik raqibiga imkoniyatni boy berdi va kumush medalga sazovor boʻldi.

-54 kg: Mironshoh Norqosimov tailandlik raqibiga imkoniyatni boy berdi hamda kumush medalni qoʻlga kiritdi.

-57 kg: Farrux Toʻlaganov qozogʻistonlik bokschiga yutqazib qoʻydi, kumush medal!

-60 kg: Mirzakamron Yunusov hind bokschisiga imkoniyatni boy berdi va jamoamizga yana bir kumush medalni taqdim etdi.

-63 kg: Hojiakbar Qudratov ham kumush medal bilan kifoyalandi, unda ham magʻlubiyat.

-70 kg: Jaʼfarbek Shaxbozov iordaniyalik raqibini magʻlubiyatga uchratdi va oltin medalga sazovor boʻldi.

-75 kg: Temurbek Abduvahobov qozogʻistonlik raqibini magʻlub etdi. Navbatdagi oltin medal!

-80 kg: Rahmonjon Qodirov hindistonlik raqibidan ustun kelib, oltin medal sohibiga aylandi.

+80 kg: eng ogʻir vaznli bokschimiz Ozodbek Aliyev ham qozogʻistonlik raqibini magʻlub etdi va terma jamoamiz hisobiga oltinchi oltin medalni qoʻshib qoʻydi.

Yangi Oʻzbekistonga mana shunday gʻalabalar yarashadi, olgʻa Oʻzbekiston!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?