BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti O‘zbekistonning Qirg‘iziston bilan chegaradosh hududlaridagi aholi farovonligini oshirishga hissa qo‘shmoqda
Foto: “Xalq soʻzi”
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) O‘zbekistonda Qirg‘iziston bilan chegaradosh hududlarda yashovchi qishloq aholisiga daromadlarni yanada oshirish uchun yangi qishloq xo‘jaligi texnikalari va zaruriy jihozlarni topshirdi. Bu yordam BMT Bosh kotibining Tinchlik qurish jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilayotgan FAO va BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA)ning “O‘zaro hamkorlik orqali O‘zbekiston va Qirg‘izistonning chegaraoldi hududlarini rivojlantirish” qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Mazkur loyiha qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirish orqali Farg‘ona vodiysi orqali o‘tadigan chegaraning har ikki tomonida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga, ushbu hududlarda ayollar va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Xususan, loyiha doirasida Andijon viloyatining Marhamat tumani va Namangan viloyatining Kosonsoy va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida tashkil etilgan o‘zaro yordam guruhlariga sut mahsulotlari ishlab chiqarish samaradorligini oshirish uchun zarur uskunalar — sutni qayta ishlash uchun 27 ta separator va 5 ta muzlatgich topshirildi. Bundan tashqari, o‘zaro yordam guruhlari avval taqdim etilgan ijtimoiy-iqtisodiy yordamga qo‘shimcha ravishda motokultivator va sanoat go‘sht qiymalagich oldilar. 2023 yil mart oyida loyihaning benefisiarlariga qishloq xo‘jaligi texnikalari, shu jumladan motokultivatorlar, sut separatorlari va purkagichga yetkazib berilgan edi.
Umuman, loyiha doirasida FAO tomonidan 39 ta sut separatori, 15 ta motokultivator, 5 ta muzlatgich, 1 ta purkagich va 1 ta sanoat go‘sht qiymalagichi, shuningdek, 5850 dona sertifikatlangan mevali daraxt ko‘chatlari, 10 tonna urug‘lik kartoshka va 24000 dona sabzavot ekinlari ko‘chatlari qishloq aholisiga topshirildi. Benefisiarlarning umumiy soni 500 dan ortiq kishini tashkil etdi.
Ko‘rsatilayotgan ko‘mak qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish va qishloq aholisi daromadlarini oshirishga xizmat qiladi. Eslatib o‘tamiz, loyiha doirasida benefisiarlar uchun maxsus o‘quv mashg‘ulotlari ham tashkil etilib, ular olingan asbob-uskunalar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan keyinchalik samarali foydalanish uchun zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar. Bularning barchasi qishloq aholisi, ayniqsa, ayollar va yoshlarning daromadlarini oshirish va barqaror rivojlanishga hissa qo‘shish imkonini beradi.
Ta’kidlash joizki, 18-21 avgust kunlari BMTning Rivojlanish faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha vakolatxonasining (UNDCO) Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Gvi Yop Son va BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Konsuelo Vidal Brus FAO va UNFPAning “O‘zaro hamkorlik orqali O‘zbekiston va Qirg‘izistonning chegaraoldi hududlarini rivojlantirish” loyihasi hududlariga tashrif buyurishdi. Mehmonlar o‘zaro yordam guruhlari faoliyati va loyiha doirasida erishilgan natijalar bilan tanishdilar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring