Blinken yana Isroilda, Qodirov “Cybertruck”i va Gʻazoga hujum (+video)

21:37 19 Avgust 2024 Dunyo
156 0

Zelenskiy Kursk hujumining maqsadini ochiqladi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ilk bor harbiylarning 6-avgust kuni Rossiyaning Kursk viloyatiga bostirib kirishidan maqsadini aytib, bufer zona yaratish uchun operatsiya zarurligini taʼkidladi.

Ukraina harbiy-havo kuchlari qoʻmondoni Nikolay Oleshchukning maʼlum qilishicha, harbiy-havo kuchlari Kursk viloyatidagi Seym daryosi ustidagi ikkinchi strategik muhim koʻprikni vayron qilgan.

Rossiyaning janubiy Rostov viloyati gubernatori Vasiliy Golubevning aytishicha, Ukrainaning uchuvchisiz samolyoti hujumi natijasida qulagan qoldiqlar Proletarsk shahridagi neft omborida katta yongʻin keltirib chiqargan. Jabrlanganlar haqida hozircha maʼlumot yoʻq, Ukraina hujumni tan olgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi kuchlari esa Ukraina sharqi hisoblangan Donesk viloyatidagi Pokrovsk shahridan 15 km uzoqlikda joylashgan Sviridonivka qishlogʻini nazoratga olganini maʼlum qildi.

Kiyevdagi harbiy maʼmuriyat Rossiya joriy oyda Ukraina poytaxtiga uchinchi marta ballistik raketa hujumini amalga oshirganini aytdi, biroq dastlabki maʼlumotlarga koʻra, qurollar yaqinlashayotganda urib tushirilgan.

Zelenskiyning soʻzlariga koʻra, Rossiya oʻtgan haftada Ukraina qishloqlari va shaharlariga qarshi 40 dan ortiq raketalar, 750 ta boshqariladigan havo bombalari va 200 ta uchuvchisiz uchoqlarni uchirgan.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Kiyev Belarus bilan chegarasida 120 mingdan ortiq askarni joylashtirganini, Belarus harbiylarining uchdan bir qismini chegaraga olib kelganini maʼlum qildi.

Shimoliy Koreya Ukrainaning 6-avgust kuni Rossiyaning Kursk viloyatiga bostirib kirishini “terror akti” sifatida qoraladi va har doim Rossiya bilan birga boʻlishini aytdi.

Ramzan Qodirov “Cybertruck”da koʻrinish berdi

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Tesla bosh direktori Ilon Maskni maqtab, qurolli “Cybertruck” haydayotgani aks etgan videoni ijtimoiy tarmoqqa joylaganidan soʻng, uni oʻz vataniga taklif qildi. Qodirovni avtomobil ustida pulemyot ushlab holda koʻrish mumkin.

“Men Ilon Maskka samimiy minnatdorchiligimni bildiraman. U, albatta, zamonamizning eng kuchli dahosi va mutaxassisi. Ajoyib inson”, degan Qodirov. Shuningdek, milliarderni eng aziz mehmoni sifatida qabul qilishini aytgan.

Qodirovning aytishicha, “Cybertruck” Ukrainadagi urushda qatnashayotgan Rossiya kuchlariga beriladi. “Ishonchim komilki, bu mashina bizning qoʻshinlarimizga koʻp foyda keltiradi”, deb soʻzida davom etgan.

Inson huquqlarini poymol qilganlik, jumladan, qiynoqlar va sudsiz qotilliklarda ayblanib, AQSH tomonidan sanksiyaga uchragan chechen rahbari avtomashinani Maskdan olganini aytdi. Ammo Ilon Mask Qodirovga “Cybertruck” elektropikapini sovgʻa qilmaganini aytdi

“Meni rus generaliga “Cybertruck” sovgʻa qiladi deb oʻylaydigan darajada qoloqmisiz? Bu hayratlanarli”, deb yozgan Ilon Mask X ijtimoiy tarmogʻida.

Avtomobil hozirda faqat Shimoliy Amerika hududlarida sotilayotgan boʻlsada, Mask joriy yil boshida 2025-yilda boshqa bozorlar uchun sertifikatlanishi mumkinligini maʼlum qilgandi.

Entoni Blinken yana Isroilda

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Isroilga safari chogʻida Gʻazo boʻylab oʻt ochishni toʻxtatishni talab qilib, davom etayotgan muzokaralar asirlarni ozod qilish va sulhni taʼminlash uchun oxirgi imkoniyat boʻlishi mumkinligini aytdi. Kelishmovchiliklarga qaramay AQSH diplomatik bosimni kuchaytirmoqda.

Dushanba kuni Tel-Avivda Isroil prezidenti Isaak Gersog bilan uchrashishdan oldin nutq soʻzlagan AQSH diplomati Gʻazodagi urush tufayli yuzaga kelgan boshqa mintaqaviy taranglikni ham yumshatish ustida ishlayotganini aytdi. Blinken mintaqaga toʻqqizinchi safari chogʻida barcha uchun tinchlikka erishish uchun bu oxirgi imkoniyat boʻlishini taʼkidlagan.

“Men prezident Baydenning koʻrsatmasi boʻyicha jadal diplomatik saʼy-harakatlarning bir qismi sifatida bu kelishuvga erishish uchun keldim. Hamma uchun ”ha“ yoki ”yoʻq“ deyish uchun hech qanday bahona izlamaslik vaqti keldi”, deya qoʻshimcha qildi Blinken.

AQSH va boshqa Gʻarb yetakchilari Eron hamda uning ittifoqchilarini HAMAS va “Hizbulloh”ning yuqori martabali aʼzolarining oʻldirilgani uchun qasos sifatida Isroilga qarshi kutilayotgan hujumlardan tiyilishga chaqirdi.

Shuningdek, AQSH diplomatining Binyamin Netanyahu bilan ham uchrashuvi belgilagan. Isroil prezidenti Gersogga koʻra, asirdagi isroilliklarni qaytarib olishdan kattaroq maqsadi yoʻq.

AQSH, Misr va Qatar Isroil va HAMAS oʻrtasidagi bir qator bilvosita muzokaralarda vositachi boʻlib kelmoqda. Muzokaralarning oxirgi bosqichi juma kuni Qatarda nihoyasiga yetdi, ammo hech qanday yechim topilmadi. Jarayon bu hafta Misrning Qohira shahrida yana davom etishi kutilmoqda.

Gʻazoda butun sogʻliqni saqlash sektori qulagan — Falastinlik shifokor

Dayr al-Balahdagi Al-Aqso kasalxonasi matbuot kotibi doktor Xalil al-Degran bilan suhbatlashdi. Uning aytishicha, Isroil kuchlari tinch aholi punktlarida qolayotgan aholini nishonga olishda va zarba berishda davom etmoqda.

“Kecha Isroil rasmiy kuchlari turar-joy binosini nishonga oldi. Ushbu binoda bir oilaning yetti nafar aʼzosi olti farzand va ularning onasi halok boʻlgan”, dedi u.

Uning soʻzlariga koʻra, qamal ostidagi anklavda 25 ta kasalxona ishlamayapti. Rafahning Misr bilan chegara punkti 200 kundan koʻproq vaqt davomida yopilganligi sababli kasalxonada tibbiy buyumlarning taqchilligi kuzatilmoqda.

Kasalxona xodimlari jarohatlangan bemorlarni eng asosiy tibbiy ehtiyojlar bilan taʼminlay olmayapti. Bu hududda sogʻliqni saqlash tizimi qulaganligini anglatadi.

Al-Degranga koʻra, Isroil kuchlarining Falastin aholisini genotsid va etnik tozalashni amalga oshirish niyati aniq.

Hududdagi zaif bemorlar va chaqaloqlar yuqori darajadagi tibbiy yordamga muhtoj. Al-Aqso kasalxonasi ham ishdan chiqadigan boʻlsa, bir milliondan ortiq falastinlik zarur tibbiy yordamdan mahrum boʻlib qoladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер