Bir zarbadan tarqab ketgan ulkan saltanat

13:17 15 May 2024 Madaniyat
123 0

Foto: Illustrativ foto

Harbiy yurishlarda mislsiz gʻalabalarga erishgan Muhammad Xorazmshoh oʻziga Iskandari Soniy laqabini oldi, kamiga saroyda Zulqarnayn navbasi, yaʼni shoh sharafiga musiqiy madhiya chalishni yoʻlga qoʻyadi. Yaʼni besh vaqt namozga monand ravishda kuniga besh marta musiqa chaldiradi.

Buni qanday tushunish kerak?! Xudo bilan bahslashuv deyish kerakmi yoki boshqacha izohi ham bormi?..

Muhammad Xorazmshoh otameros mulkini kengaytirib, ulkan saltanat tuzdi. Ana shunday bepoyon hududni egallagan saltanat nega bitta zarbadayoq xuddi bulutdek tarqab ketdi, shonsiz quladi?

Xorazmshohlar saltanati toʻgʻrisida yorqin tasavvurga ega boʻlish uchun mana bu maʼlumotlarga eʼtibor qaratish kifoya qiladi: Bu davlat shimolda Orol dengizigacha, gʻarbda Kaspiy dengizigacha, janubda Iroq va Gʻaznagacha, sharqda Yettisuvgacha kengaydi. Sal keyinroq Movarounnahrdan Oʻzgandgacha boʻlgan yerlar uning tasarrufiga oʻtadi. Kamiga, Fors Iroqi, Mozandaron, Arron, Ozarbayjon, Shirvon, Mikron, Mingqishloq, Kesh, Gʻur, Gʻazna, Bomiyonlar zabt etilib, uning hududi Hindiston chegaralarigacha borib yetdi.

Koʻplab tarixchilar ushbu davlatning shiddat bilan qulashiga oid turli sabablarni keltirishgan. Shu bois biz bular haqida toʻxtalmaymiz. Aksincha, koʻpchilik nimagadir eʼtibordan chetda qoldirgan boshqa bir sababga urgʻu bermoqchimiz.

Harbiy yurishlarda mislsiz gʻalabalarni qoʻlga kiritgan Sulton oʻziga Iskandari Soniy laqabini oldi hamda kamiga saroyda Zulqarnayn navbasi, yaʼni shoh kirishi sharafiga musiqiy madhiya chalishni joriy qildi.

Nima boʻpti, deysizmi? Rostanam nima boʻpti, shuncha nurli gʻalabalarni qoʻlga kiritgandan keyin musiqiy orkestrga madhiya chaldirsa chaldiribdida…

Ammo gap boshqa yoqda…

Sulton qoʻrquv tufayli aqlini yoʻqotib qoʻygani va qalbini vahima qamrab olgani natijasida Inolxonni unga berishdan bosh tortdi. U uni Chingizxon qoʻliga berib yuborolmasdi ham, chunki uning qoʻshinidagi aksariyat amirlar, sarbozlar Inolxonga qarindosh yoki bir urugʻdan edilar.

Shihobiddin Muhammad an-Nasaviyning «Sulton Jaloliddin Manguberdi» asaridan.

Oʻsha davr voqealariga bevosita guvoh boʻlgan tarixchi Shihobiddin an-Nasaviyning «Sulton Jaloliddin Manguberdi» asarida keltirilishicha, amalga oshirilgan tadbirlardan biri Zulqarnayn navbasi tantanali ijro qilinishi belgilanishi boʻldi. Avvalgi paytlarda uning oʻzi uchun, boshqa sultonlarga ibrat qilib koʻrsatish maqsadida, besh vaqt namozga monand ravishda kuniga besh marta navba belgilangan edi. Iroqqa qarshi yurishi davrida u besh marta navbani oʻgʻillariga — sultonlarga meros qilib berdi. Bu navbalar oʻgʻillariga mulk qilib berilgan hududlarda sulton saroylari darvozlari oldida ijro qilina boshlandi…

Bir nafas shoshmang. Xoʻsh, buni qanday tushunsa boʻladi?! Xudo bilan bahslashuv deyish kerakmi yoki boshqacha izohi ham bormi?..

Bugun ham ana shunday hukmdorlar yaqin-uzoq hududlarda boʻy koʻrsatib qolayotgani inson feʼli buzilsa bundan ham badtar qilmishni sodir etishi mumkinligini isbotlaganday boʻladi.

Nimagadir ana shunday kezlarda qadim ajdodlarimizning: «Bolam, men senga sulton boʻlolmaysan deganim yoʻq, odam boʻlolmaysan, degandim», — degan hikmati beixtiyor yodga tushaveradi.

Turkon xotunning asirlikdagi ahvoli juda ogʻir edi, u Chingizxonning tushlik dasturxoniga bir necha marta borib, nimanidir olar va bu unga bir necha kunga yetib ortardi. Bungacha u qanday edi, uning bir ogʻiz soʻzi barcha viloyatlarda soʻzsiz ijro qilinmasmidi! Endichi? Inson taqdirini bu tarzda Oʻzgartiruvchining buyuk qudratiga tasanno aytmasdan boʻladimi!

Shihobiddin Muhammad an-Nasaviyning «Sulton Jaloliddin Manguberdi» asaridan.

Darhaqiqat, har qanday sharoitda insonning inson maqomida qolgani durust.

Nima boʻlsang boʻl, ammo oʻzingdan tepa turuvchi asl Sulton — Yaratuvchi borligini unutma!

Nima boʻlsang boʻl, ammo banda boʻl!..

Tarixning achchiq haqiqati barchamizga saboq boʻlmogʻi darkor!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер