Bir-birimizni maqtash uchun kelmadik – Ozodbek Nazarbekov

11:44 25 Yanvar 2025 Madaniyat
599 0

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Qoraqalpogʻiston Respublikasida yoshlar bilan uchrashib, ularning muammolarini oʻrgandi.

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov 22-23-yanvar kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasida vazirlikning 2024-yil yakunlariga bagʻishlangan kengaytirilgan Hayʼat yigʻilishida ishtirok etdi va hududdagi madaniyat, sanʼat yoʻnalishida tahsil olayotgan yoshlar bilan uchrashdi. Jumladan, “Vazir va yoshlar uchrashuvi” doirasida 200 nafardan ortiq qoraqalpoqlik yoshlar bilan jonli muloqot qildi hamda mavjud muammolarning deyarli barchasiga oʻsha yerning oʻzida yechim topildi.

Misol uchun hali talaba boʻla turib, hashar yoʻli bilan serial olayotgan Murodjon Jumaboyevga 100 million soʻm, rol ijro etish uchun Toshkentdan aktyorlar jalb etilishi aytildi. Qolaversa Yodgor Saʼdiyev “Shaytanat” seriali olingan kamerani shu jamoa ixtiyoriga topshirishga vaʼda berdi. Shuningdek, talaba yoshlarning savol va takliflaridan kelib chiqib aytish mumkinki, oliygohlardagi kamchiliklar yetarlicha. Madaniyat vaziri Pedagogika universitetlarida ijrochilik boʻyicha yoʻnalishlar ochilayotgani va yosh kadrlarni “mayib” holatga keltirib qoʻyilayotganini tanqid qilarkan, buning barchasini nafs bilan baholadi. Shunday turdagi universitetlarda oʻqiydigan talabalarning soʻzlariga koʻra, na oʻqituvchilar na texnikalar talabga javob beradi. Oʻquvchilarning boshqa universitetlarga koʻchirilishi va amaliyot oʻtashi koʻrib chiqiladigan boʻldi.

Shu qatorda Oʻzbekiston Davlat Konservatoriyasining Nukus filiali 2025-yilning ikkinchi yarim yilligida foydalanishga topshirilishi kutilmoqda. Hozirgi kunda binoda qurilish ishlari davom etyapti. 300 oʻringa moʻljallangan oʻquv binosi uchun 2024-yilda 27 milliard mablagʻ ajratilgan. Madaniyat vaziri ham hududdagi qurilish ishlari bilan tanishdi.

Shuningdek, Ozodbek Nazarbekov 1963-yili qurilgan, 2 milliard 700 million soʻm mablagʻ hisobidan qayta taʼmirlanib foydalanishga topshirilgan Kegeyli tumanidagi “Xalqabad” Madaniyat markazida boʻldi. Unda nutq soʻzlagan vazir hozirgi global davrda madaniyatning naqadar muhim ekanligiga urgʻu qaratdi.

“Hozir madaniyatlarga qarshi tahdid boshlandi. Eng xavotirlisi bu erkinlik shamoli ostida kirib kelmoqda. Ong ostida buzgʻunchi gʻoyalarni tiqishtirish va uning orqasidan katta-katta resurslar ajratish bilan katta institutlar shugʻullanadi, olimlar bosh qotirishadiki, qanaqa qilib bitta davlatning, millatning ichida fitna qoʻzgʻasak yoki qarama-qarshiliklarni yuzaga keltirsak, deb turgan manfaatdor davlatlar bor. Biz algʻov-dalgʻov paytda omon qolishimiz uchun aynan madaniyat bizni birlashtiradi. Oʻzbek va Qoraqalpoq xalqining orasidan shu vaqtga qadar bir soʻz oʻtdimi? Oʻtgani yoʻq. Nimaga endi kimdir oʻrtamizga tushib parokanda qilish kerak. Boʻlinib kim obod boʻldi? Toʻpolon bilan qaysi davlat roʻshnolik koʻrdi?”, — deydi vazir. Shuningdek, O. Nazarbekov bir paytlar tinch va farovon yashagan, gʻalamislar nayrangiga uchib, bugun haligacha oʻziga kela olmayotgan Liviyani misol qilib keltirdi.

“Shunday markazlar tashqi tahdidlarga qarshi immunitet yaratadigan maskanlar boʻlsin”, — deydi vazir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер