Beshariqliklarning hayotga, yashashga munosabatini oʻzgartirayotgan tashabbuslar
Foto: Xalq so‘zi
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda aholi bilan muloqotning yangi tizimi joriy etilgani hududlarda yillar mobaynida yigʻilib qolgan, hamyurtlarimizni qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etish imkonini bermoqda.
Xabar berilganidek, shu kunlarda Fargʻona viloyatining chekka hududlaridan biri boʻlgan Beshariq tumanida vazirlik va idora rahbarlaridan iborat Respublika ishchi guruhi faoliyat olib bormoqda. Oʻrganish ishlari 4 ta sektor kesimida 62 ta mahallani qamrab olgan.
Oʻtgan qisqa davrda ishchi guruh tomonidan ikkinchi sektordagi 9 mingdan ortiq xonadonlar toʻliq oʻrganildi. Bu jarayonda 3 ming 200 dan oshiq muammolar aniqlanib, 2 ming 350 tasi ijobiy hal etildi. Xususan, “Qum” va “Soylabi” mahallalaridagi 6,6 km. yoʻl shagʻallashtirildi, “Qum”, “Soylabi” va “Oltinkoʻl” mahallalaridagi yuzdan ortiq eski yogʻoch ustunlari yangi elektr beton tayanch ustunlariga almashtirildi, 1,2 km elektr tarmogʻi tortildi.
Aholiga suyultirilgan gaz ballonlari, koʻmir yetkazildi, tibbiy koʻriklar tashkil etildi. Kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, bank krediti olish, aliment toʻlovlarini undirishga koʻmaklashildi.
Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari Rustam Karimjonov boshchiligidagi ishchi guruh aʼzolari ishtirokida “Qiyali” MFYda mukammal taʼmirdan chiqarilgan 15-umumtaʼlim maktabi foydalanishga topshirildi. “Shodlikobod” MFYda moslashtirilgan eski binoda faoliyat koʻrsatgan 49-umumtaʼlim maktabi uchun qurilgan 330 oʻrinli qoʻshimcha oʻquv binosi, sport zali ishga tushirildi. “Beshsari” MFYda davlat byudjetidan salkam 8 mlrd. soʻm sarflanib, 220 oʻrinli yangi maktab qad rostladi.
Taʼlim tizimidagi oʻrganishlar davomida maktablarga qoʻshimcha 125 tonna qoʻshimcha koʻmir yetkazib berish belgilandi. Bir necha taʼlim muassasalari oʻquv va mebel jihozlari bilan taʼminlandi.
— “Adolat”, “Oltinkoʻl”, “Qoraqoʻyli”, “Qum” kabi oʻnlab mahallalarda oilalarda maʼnaviy muhit, yashash sharoiti, tadbirkorlikni yaxshilash maqsadida yuzma-yuz suhbatlar oʻtkazildi, - deydi Beshariq tumani hokimi oʻrinbosari – oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi Gulchehra Yoʻldosheva. — Bu kabi ezgu tashabbuslar xalqimizning hayotga, yashashga boʻlgan munosabatini, ishtiyoqini oshirishga xizmat qiladi.
Taʼkidlash oʻrinliki, oʻtgan davrda tuman miqyosida aholiga 65,6 tonna – 3 ming 280 ta maishiy gaz ballonlari yetkazildi. Shu maqsadda 29 ta maxsus jihozlangan «Isuzi» mashinalari jalb etilib, mutaxassislar xonadonlarga borib gaz ballonlarini oʻzlari oʻrnatib berishdi.
— Ishchi guruhining qadami oilamiz uchun juda qutlugʻ keldi, - deydi “Chimboy” MFYda istiqomat qiluvchi 97 yoshli Inoyatxon aya Qodirova. — Ularning koʻmagida xonadonimiz taʼmirdan chiqarilib, uy-roʻzgʻor buyumlari berishdi. Sogʻligimni tekshirib, bepul dori-darmonlar ajratishdi. Endi shinam uyda Prezidentimizni duo qilib oʻtiribman.
Ayni paytda tumanning toʻrtinchi sektori hududidagi 10 ta MFYda qariyb 37 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Aholi muammolariga yaqindan quloq tutish, ularga ijobiy yechim topish maqsadida Davlat soliq qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Sadriddin Eshmatov boshchiligida 7 mingdan ziyod xonadon oʻrganilib, 2 450 ta muammoli masalalar aniqlandi va 1 ming 200 ga yaqini joyida hal etildi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardagi 50 nafar bolalarga qishki kiyim-bosh, 15 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. Salomatligi bilan bogʻliq muammolari bor bemorlar, nogironlarga malakali shifokorlar tomonidan zarur muolajalar oʻtkazildi. Nogironlik aravachalari, eshitish moslamalari yetkazildi.
Shu kunlarda sektor hududida 54 km ichki yoʻllarni shagʻallashtirish ishlari olib borilmoqda. Koʻp qavatli uylar va ijtimoiy obektlarda 23 ta muammo aniqlanib, 12 tasi bartaraf etildi, qolganlariga masʼullar biriktirildi. Xonadonbay oʻrganishlar davomida mahallalarning “oʻsish nuqtasi”ni aniqlash, tadbirkorlikni rivojlantirish choralari koʻrilayotgani ham diqqatga molik.
Ayni kunlarda Beshariq tumanida Respublika ishchi guruhining oʻrganish ishlari davom etmoqda.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring