Beshariq tumanida agrosanoat korxonasi faoliyati kengaymoqda

12:35 27 Yanvar 2026 Jamiyat
182 0

Beshariq tumanidagi Adirobod dashtida tashkil etilgan ishlab chiqarish korxonasi shirin-shakar mevalarni tabiiy usulda qayta ishlab, jahon bozorlariga eksport qilmoqda.

Korxonada Beshariq va atrof tumanlardagi bogʻlar hamda aholi tomorqalaridan yigʻib olinadigan oʻnlab turdagi mevalar qayta ishlanadi. Jumladan, meva qoqilarini yuvish, saralash va maxsus qadoqlarga joylash ishlari zamonaviy texnologiyalar asosida amalga oshiriladi.

— Dastlab bogʻbonlardan quritilgan mevalarni xarid qilib, saralagan holda mahalliy va xorijiy bozorlarga chiqara boshladik, — deydi “Trust Agro” MCHJ rahbari Raʼnoxon Oʻlmasova. — Faoliyatimizni bosqichma-bosqich kengaytirib borish natijasida 2023-yilda Beshariq tuman hokimligi tomonidan Adirobod dashti hududidan 1,5 gektar yer maydoni ajratib berildi.

Ayni paytda korxonada 70 nafardan ortiq doimiy ishchi mehnat qilmoqda. Shuningdek, 300 nafarga yaqin fuqaro kasanachilik asosida ish bilan taʼminlangan. Xorijdan olib kelingan zamonaviy quritish va saralash uskunalari yordamida ishlab chiqarish jarayonlari ikki smenada yoʻlga qoʻyilgan. Tayyor mahsulotlar Rossiya, Belarus hamda Yevropaning qator davlatlariga eksport qilinmoqda.

Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, korxonada har oy oʻrtacha 180–200 tonna meva qayta ishlanib, xorijiy bozorlarga joʻnatiladi. Oʻtgan yil yakunida salkam 40 milliard soʻmlik mahsulot eksport qilindi. Naʼmatak, oʻrik, olxoʻri, mayiz, yongʻoq, bodom va gilos qoqilari jahon bozorida xaridorgir mahsulotlar sifatida oʻz oʻrnini topdi.

Xususan, oʻtgan yilda olxoʻri va oʻrik bargaklarini qayta ishlash orqali yuqori eksport koʻrsatkichlariga erishildi. Ana shu yutuqlari evaziga korxona rahbari Raʼnoxon Oʻlmasova Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan “Yil ayoli” milliy tanlovida ishtirok etib, “Yilning eng ilgʻor tadbirkor ayoli” nominatsiyasi gʻolibi boʻldi.

Hozirgi kunda korxona quvvatini yanada oshirish maqsadida quyosh panellari oʻrnatish, eksportbop mahsulot turlarini koʻpaytirish, doimiy ishchilar sonini 200 nafarga yetkazish hamda 300 tonnalik muzlatkichli omborxona barpo etish rejalashtirilmoqda. Bu esa mahsulotlarni yil davomida sifatli saqlash va eksport hajmlarini yanada oshirish imkonini beradi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?