“Besh tashabbus paralimpiadasi”ning respublika bosqichi yakunlandi

20:37 21 Dekabr 2022 Sport
1156 0

Joriy yilning 19-20-dekabr kunlari poytaxtimizdagi “Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi”da “Besh tashabbus paralimpiadasi” sport musobaqalarining respublika bosqichi boʻlib oʻtdi.

Sport musobaqalarida hududiy bosqichlarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 140 nafar nogironligi boʻlgan oʻgʻil va qizlar ishtirok etishdi.

Taʼkidlash joizki, musobaqalar qizgʻin bahs va munozaralarga boy boʻldi.

— Bugungi musobaqa uchun alohida tayyorgarlik koʻrdim. — dedi Qoraqalpogʻistonlik ishtirokchi Nursulton Saribayev. — Stol tennisga yoshligimdan qiziqishim baland. Bugungi bahs juda shiddatli kechdi. Qilgan harakatlarim, mashqlarim, niyatlarim bekorga ketmadi, faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritdim. Kelajakda jahon chempionatlarida qatnashish va yurtimiz sharafini munosib himoya qilishni maqsad qilganman.

“Besh tashabbus paralimpiadasi” sport musobaqalari oʻgʻil va qizlar oʻrtasida ikki bosqichda, 1 bosqich — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hamda 2 bosqich — Respublikasi bosqichida tashkil etildi.

— Mahallalarda yashovchi 16-30 yoshgacha nogironligi boʻlgan yoshlarni boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, yoshlarni jismonan sogʻlom va har tomonlama barkamol qilib voyaga yetkazish, ular orasidan iqtidorli hamda tugʻma isteʼdodi bor nogironligi boʻlgan yoshlarni saralash va ular bilan tizimli ishlashni yoʻlga quyish maqsadida yurtimizda ilk bor Yoshlar ishlari agentligi, Sportni rivojlantirish vazirligi va Milliy paralimpiya qoʻmitasi bilan hamkorlikda “Besh tashabbus paralimpiadasi” sport musobaqalari tashkil etildi. — dedi Yoshlar ishlari agentligi Besh tashabbus loyihalarini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻi Indira Xoldorova. — Bugungi kunga qadar mazkur sport musobaqalarining hududiy bosqichlarida etish uchun maxsus bot orqali Respublika boʻyicha jami 18 767 nafar nogironligi boʻlgan yoshlar roʻyxatdan oʻtib, 17-20-noyabr kunlari “Para stol tennisi”, “Para yengil atletika”, “Para shaxmat”, “Para shashka” «Parakibersport» turlari boʻyicha Respublika bosqichida ishtirok etish maqsadida bellashishdi. Xudo xohlasa, 2023-yil “Besh tashabbus paralimpiadasi”ning yoʻnalishlarini kengaytirishni rejalashtirganmiz.

Musobaqa yakunida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan ishtirokchilar diplom va qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Rahmatjon BOBOJONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?