“Besh tashabbus olimpiadasi” gʻoliblarining mahallalariga sport maydonchalarini qurib berilmoqda

20:01 27 Iyul 2022 Sport
3894 0

Foto: minsport.uz

Joriy yil 11-aprel kuni Prezidentimizning “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori imzolangan edi.

Ushbu hujjat doirasida Sportni rivojlantirish vazirligi tomonidan masʼul tashkilotlar bilan hamkorlikda respublikamiz boʻylab “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida ommaviy sport musobaqalari oʻtkazildi va umumiy hisobda 3 million 100 ming nafardan ziyod yoshlar musobaqalarga jalb qilindi. Toʻqqiz sport turini oʻz ichiga qamrab olgan mazkur ommaviy musobaqalarning birinchi bosqichi joriy yil 27-iyunda oʻz yakuniga yetdi va gʻoliblar tantanali ravishda taqdirlanishdi.

Musobaqaning yana bir ahamiyatli jihati, unda gʻolib boʻlgan ishtirokchilarning mahallalariga 3 turdagi sport maydonchalarini qurib berish belgilangan. Ayni kunlarda joylarda mazkur sport maydonchalarini qurish ishlari jadal olib borilmoqda.

Shu oʻrinda sport maydonchalariga qisqacha toʻxtalib oʻtsak. Taʼkidlanganidek, mahallalarda tashkil etiladigan sport maydonchalari 3 toifaga boʻlinadi. Bular: Universal sport maydonchasi, “Workout” va “Streetball” maydonlarini oʻzida jamlagan bolalar sport maydonchasi. Sport maydonchalarini hududlarga taqsimlash, musobaqalarda gʻolib boʻlgan ishtirokchilar egallagan oʻrinlardan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.

“Workout” sport maydonchasi tarkibidan «Brus krestik», “Turnik va press”, “Yurish trenajyori”, “Press uchun oʻrindiq” kabi maxsus anjomlar mavjud boʻlib, ular mahallalarda istiqomat qilayotgan aholi va yoshlar uchun doimiy badantarbiya va sogʻlomlashtirish mashqlari bilan shugʻullanish imkoniyatini yaratadi.

Navbatdagi sport maydonchasi esa «Streetball» sporti bilan shugʻullanishga ixtisoslashgan. Sport maydonida shuningdek voleybol va basketbol sporti bilan shugʻullanish uchun ham qoʻshimcha imkoniyatlar yaratilgan.

Universal sport maydonchasida mini-futbol va basketbol sport turlari bilan shugʻullanish imkoniyati mavjud.

Qayd etish lozim, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi ommaviy sport musobaqalaring ikkinchi fasli joriy yil sentyabr-noyabr oylarida tashkil etiladi va yakunda yana 279ta mahalla yuqorida taʼkidlangan sport maydonlariga ega boʻlish imkonini qoʻlga kiritadi.

Shuningdek, mamlakatimizdagi barcha 208 ta tumanga ham bittadan “Workout” maydonchasi qurib berilishi koʻzda tutilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?