Besh nafar yosh ijodkorning 5 kitobi dunyo yuzini koʻrdi

08:23 31 Avgust 2023 Madaniyat
1376 0

Shu kunlarda toʻyga toʻyona bilan boriladi, deganlaridek, Yozuvchilar uyushmasining Toshkent viloyati boʻlimi ham jonajon Vatanimiz – Yangi Oʻzbekiston mustaqilligining 32 yilligiga yangi tashabbusni amalga oshirdi.

Eng ulugʻ, eng aziz bayram arafasida besh nafar yosh ijodkorimizning besh kitobi dunyo yuzini koʻrdi. Bu asalar Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Adabiyot” nashriyotida chop etilgan. Xususan, Gulhayo Uralova (Bekobod tumani)ning “Ruhafzo”, Oybek Akbarov (Yangiyoʻl tumani)ning “Guldaxan”, Shoira Toʻlaganova (Ohangaron tumani)ning “Yoʻl boshida”, Bonu Sarimova (Yuqori Chirchiq)ning “Baxt boʻlsam kerak” nomli sheʼriy toʻplami va Otabek Bakirov (Angren shahri)ning “Umid” nomli publitsistik maqolalar toʻplami nashr etildi.

Shuningdek, marhum adib, ulkan isteʼdod sohibi Soyim Isʼhoqning “Yulduz koʻkda soʻnadi” kitobi ham nashrdan chiqdi.

Ushbu voqea munosabati bilan, Nurafshon shahridagi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Toshkent viloyati boʻlimi kutubxonasida taqdimot marosimi boʻlib oʻtdi. Anjumanni Oʻzbekiston xalq shoiri, Yozuvchilar uyushmasining viloyat boʻlimi rahbari, senator Mahmud Toir boshqarib bordi.

Dastlab pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yoʻldosh barcha kitob mualliflarini qutlab, yoshlarga ijodiy parvoz tiladi. Qozoqboy Yoʻldosh chinozlik ulugʻ adib Soyim Isʼhoqning “Yulduz koʻkda soʻnadi” kitobi haqida oʻz fikrlarini bildiradi. Xalqimizni kitob oʻqishga, tafakkur qilishga chorladi. Kitob oʻqilsa – kitob, oʻqilmasa, bir uyum qogʻozdan boshqa narsa emas, degan purmaʼno fikrlari kechaning shohfikri boʻldi.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari, taniqli shoir Botirjon Ergashev ham yosh qalamkashlarimizni birinchi kitobi chop etilgani bilan muborakbod etib, ularga ijodiy bardavomlik tiladi.

Filologiya fanlari nomzodi, dotsent Abdurahmon Pirimqulov esa yoshlarning kitobini shaklu shamoyili, mazmun-mohiyati, yutuq va kamchiliklari xususida atroflicha toʻxtaldi. Ularning oʻziga xos satrlarini oʻqib, kelgusida qanday yoʻl tutishi maqsadga muvofiqligi borasida oʻz maslahatini berdi.

Shuningdek, taqdimot asnosida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi Rahmatilla Sheraliyev, Oʻbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, mohir publitsist Nigora Shofayziyeva hamda Uyushmaning viloyat boʻlimi bosh mutaxassisi Zohidjon Olov kitob chop etilishi jarayoni haqida qisqacha maʼlumot berdi.

Yoshlar ilk kitobi hayajonini bayon etib, kechadan, ustozlar, olimlarning fikridan olgan taassurotlarini samimiy soʻzlari ila izhor qildi.

Taqdimot soʻngida besh nafar kitob muallifiga va Soyim Isʼhoqning farzandlariga atalgan kitoblar, shuningdek, barcha ishtirokchilarga ham yangi toʻplamlardan tuhfa etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?