Bemorlarni doʻstiga aylantirgan shifokor

Abdulaziz Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”. Har qanday kasbning ham sharafli, ham mashaqqatli tomoni boʻladi. Tibbiyot kasbi ham shunday. Har kuni bemorlarning soʻlgʻin nigohlari, oʻlimiga duch kelib, qalbingiz qattiqlashadi. Ammo haqiqiy shifokor nafaqat qutqara olmagan bemorlar tufayli azob chekadi, balki ularning yaqinlari uchun ham qaygʻuradi.
Taniqli shifokor Nurmamat Abdullayevni bilgan har bir kishi uni faqat iliq soʻzlar bilan eslaydi. U ikkinchi jahon urushi kechayotgan yillarda Xiva shahrida tugʻilgan. 1967-yil Samarqand Davlat tibbiyot universitetining davolash fakultetini imtiyozli diplom bilan tugatib, aspiranturada tahsil oladi. Uning ilmiy rahbari professor N.A.Mirzoyan shogirdini nomzodlik dissertatsiyasini yoqlab, oʻz kasbining mohir mutaxassisi boʻlgunicha qoʻllab-quvvatlab turadi. Nurmamat Abdullayevni umrining soʻnggi kunlarigacha qoʻlidan kitob tushmadi. Yigirma olti yillik faoliyati davomida bemorlar uning yaqin doʻstlariga aylandi. Eng qiyin vaziyatlarda doim yordamga kelib, minglab insonlarning hayotini saqlab qoldi.
— Ajoyib tashkilotchi va malakali mutaxassis Nurmamat Abdullayev hayot boʻlganida shu bahorda 80 yoshga toʻlardi, — deydi Tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent Tursunpoʻlat Shomurodov. — Uzoq yillar Samarqand Davlat tibbiyot universiteti 1-klinikasi bosh shifokori vazifasida ishladi. Shifokor faoliyatining dastlabki yillari oʻtish davrining ogʻir damlariga toʻgʻri keladi. Klinikani qiyinchiliklardan olib chiqib, yangi yoʻnalishdagi boʻlimlarga asos soldi. Mazkur boʻlimlar xorijiy investitsiyalar hisobidan AQSH, Germaniya Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Fransiya, Angliya, Shveysariyada ishlab chiqarilgan zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Chet elning bir necha nufuzli ilmiy-amaliy markazlari, jumladan Janubiy Koreyaning Kyonbuk Milliy universiteti klinikasi bilan kelishuv Memorandumini imzolab, ilmiy-amaliy aloqalarni oʻrnatdi. Natijada 1-klinika yurtimizning janubi-sharqiy va shimoli-gʻarbiy mintaqalaridagi yirik va nufuzli, koʻp tarmoqli, aholiga tibbiyotning 40 dan ziyod yoʻnalishlari boʻyicha yuqori malakali ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika markaziga aylandi. Hozir koʻpchilik Nurmamat Abdullayevni bagʻrikeng ustoz, oqibatli hamkasb, jonkuyar rahbar sifatida eslashadi. Oramizda boʻlmasa-da, nafaqat hamkasblari, balki yosh shifokorlar ham yetuk mutaxassis sifatida tan oladi.
Maʼlumki, klinika Samarqand Davlat tibbiyot universitetining ajralmas tarkibiy qismi va asosiy oʻquv-ilmiy davolash bazasi hisoblanadi. Bugungi kunda Nurmamat Abdullayev tashkil etgan boʻlimlarda boʻlajak shifokorlar chuqur nazariy bilim olib, kasbiy koʻnikmalarini shakllantirib bormoqda.
— Nurmamat Abdullayev mutaxassis sifatida ham katta bilim, tajribaga ega edi, — deydi SamDTU koʻp tarmoqli klinikasining bosh shifokor oʻrinbosari Kamol Saidmurodov. — Klinikada ogʻir bemorlarga konsilium oʻtkazishda oʻzi rahbarlik qilib, yuksak salohiyati bilan koʻplab bemorlarning hayotini saqlab qolgan. U har doim bizga klinika ostonasini bosib kelgan har bir bemor va uning yaqinlari shifoxona darvozasidan norozi boʻlib chiqib ketmasligini uqtirardi. Zahmatkash shifokor mehnat faoliyatining yana bir ibratli tomoni, u klinika bosh shifokori vazifasida ishlash davrida oʻzining ilmiy-pedagogik faoliyatini samarali davom ettirdi.
N.Abdullayev uzoq yillik mehnati tufayli “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sogʻliqni saqlash xodimi” faxriy unvoni, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. SamDTU Ilmiy kengashining tegishli qaroriga binoan 2-son davolash fakultetining 1-son ichki kasalliklar kafedrasiga nomi berildi. Zahmatkash shifokorning yorqin xotirasi kasbdoshlari, shogirdlari, farzand-u nabiralari va doʻstlari qalbida hamisha barhayotdir.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring