Behbudiy merosi tadqiqotchilar nigohida

21:02 19 Yanvar 2023 Madaniyat
627 0

Foto: Халқ сўзи

Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, Oʻzbekiston Jurnalistlari uyushmasi bilan hamkorlikda “Mahmudxoʻja Behbudiy merosi va jadid matbuotini oʻrganishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi.

Unda jadidchilik harakati boʻyicha ilmiy izlanishlar olib borayotgan xorijlik va mahalliy mutaxassislar, professor-oʻqituvchilar, yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunoslar, yosh olimlar ishtirok etdi.

Tadbirda Prezidentimiz tashabbusi bilan xalqimizning milliy gʻururini yuksaltirish, yoshlarda vatanparvarlik tuygʻularini shakllantirish, ularning madaniyati va maʼnaviyatini boyitish, taʼlim hamda ilm-fanga ragʻbatini yanada oshirishning samarali vositasi sifatida jadidchilik harakati, maʼrifatparvar bobolarimiz merosini chuqur oʻrganishga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi.

Hayotini millat taraqqiyoti yoʻliga bagʻishlagan ulugʻ bobolarimiz qatorida bugun Mahmudxoʻja Behbudiy xotirasiga ham eʼzoz va ehtirom koʻrsatilmoqda. Jumladan, Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Adiblar xiyobonida jadid ajdodimizning muazzam haykali qad rostladi.

Davlatimiz rahbarining 2020-yil 30-sentyabrdagi Farmoniga muvofiq, Vatanimiz tarixining gʻoyat murakkab davrida — XX asr boshlarida oʻzining maʼrifatparvarlik faoliyati va fidokorona xizmatlari bilan milliy taʼlim-tarbiya tizimini yaratish hamda yurtimiz istiqloli, xalqimizning ozodligi va erkinligi, kelajak avlodlarning obod va farovon hayotini taʼminlashga qoʻshgan beqiyos hissasini inobatga olib, bir guruh jadidchilik harakati namoyandalari qatorida Mahmudxoʻja Behbudiy ham “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi.

Toshkent shahridagi koʻcha va maktabga ulugʻ maʼrifatparvar bobomiz nomi berilgan. “Mahmudxoʻja Behbudiy” tarixiy-badiiy filmi suratga olindi. Prezidentimiz taklifi asosida Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabalari uchun Mahmudxoʻja Behbudiy nomidagi stipendiyaning taʼsis etilgani yoshlarimizni milliy gʻoya ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Yurtimizning turli taʼlim, ilm-fan dargohlarida Behbudiy hayoti va ijodi boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.

— Mahmudxoʻja Behbudiy xalqimiz tarixining murakkab davrida maʼrifat mashʼalasini baland koʻtarib chiqqan ulugʻ alloma va jamoat arbobidir, — deydi Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxoʻja. — Bu inson yurtimizda birinchilar qatori usuli jadid — yangicha taʼlim uslubiga asoslangan maktablar ochdi. “Samarqand” gazetasi va “Oyina” jurnalini tashkil etib, milliy jurnalistika rivojiga tamal toshini qoʻyganlardan biri boʻldi. Drama va hikoyalari, dolzarb mavzulardagi maqolalari bilan xalqni dunyo bilan tanishtirishga intildi, ilm-maʼrifatli, insof-diyonatli, zamon bilan hamnafas va hamqadam boʻlishga chaqirdi.

Shunisi eʼtiborga loyiqki, universitetda taniqli maʼrifatparvar, dramaturg, publitsist, din va jamoat arbobi, jadidchilik harakati yetakchilaridan biri Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludi munosabati bilan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazish anʼanaga aylangan. Mazkur anjuman jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar sohasida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarining sifati va samaradorligini oshirishga, Oʻzbekistonda mass-media sohasida izlanayotgan yosh olim va tadqiqotchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga, shuningdek, milliy matbuotning yetakchi namoyandalaridan biri boʻlgan Mahmudxoʻja Behbudiy merosini oʻrganishda mahalliy va xorijiy olimlar oʻrtasida oʻrnatilgan ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Dilshod KARIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер