BDKI Toshkent filiali talabalari BDKI 42 xalqaro talabalar festivalida ikkita sovrinni qoʻlga kiritishdi

13:57 21 Noyabr 2022 Madaniyat
594 0

Moskvadagi BDKIda 42 xalqaro talabalar festivali boʻlib oʻtdi. Tanlov dasturida BDKI Toshkent filiali talabalari oʻz filmlari bilan ishtirok etishdi.

Festivalda jami dunyoning 47 ta kino universiteti, 40 dan ortiq davlat vakillari ishtirok etdi, tanlov dasturida ishtirok etish uchun 600 dan ortiq film ariza topshirgan boʻlib, ulardan 60 tasi saralab olingan.

BDKI Toshkent filialining ikki nafar talabasi festival sovrinlarini qoʻlga kiritdi. “Rejissyorlik” yoʻnalishi 1 bosqich talabasi Sherzod Nazarov “Ipak yoʻlida” filmi uchun “Taʼsirchan kino hikoyasi uchun” professional hakamlar hayʼatining maxsus diplomiga sazovor boʻldi. “Dramaturgiya” yoʻnalishi 2 bosqich talabasi Timur Murodov “Kasseta” filmi uchun “Inson qadriyatlarini asrab-avaylagani uchun” professional hakamlar hayʼatining Maxsus diplomi sohibi boʻldi.

Hakamlar hayʼati tarkibiga dunyoning 6 davlatidan kino sanoati vakillari kirdi. Eʼtiborlisi, bu yil hakamlar hayʼati raisi etib Oʻzbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov saylandi.

“Oʻzbek talabalari haqida gap ketganda, obyektiv natijalar olish maqsadida, ovoz berishda qatnashishdan bosh tortdim, hakamlar hayʼati BDKI Toshkent filiali talabalari Timur Murodov va Sherzod Nazarovni gʻolib deb tanlaganidan juda xursand boʻldim. Ishonchim komilki, bu Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahrida BDKI filialini ochish haqidagi tashabbusining yorqin natijasidir. Ishonamanki, ushbu yosh avlod tez orada Oʻzbekiston kinematograflari safiga qoʻshiladi”, — deya fikr bildirdi Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov.

Festival doirasida BDKI Toshkent filiali filmlarining alohida namoyishi boʻlib oʻtdi. Unda oʻzbekistonlik talabalarning quyidagi qisqa metrajli filmalari namoyish etildi: Timur Murodovning “Kasseta”, Feruz Baxairovning “Uy”, Nurillo Narzullayevning “Mohagulning ezgu niyati”, Gʻayrat Moʻminovning “Bitiruvchilar” filmlari.

Shuningdek, Festival doirasida Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov bilan BDKIda tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalar oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Talabalarga Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi nomidan stipendiyalar topshirildi.

“Barcha oʻzbekistonlik talabalar nomidan muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovichga, Kinematografiya agentligiga, ustozimiz Farhod Mahmudovga, bizni qoʻllab-quvvatlayotgan barcha insonlarga ushbu afsonaviy oliygohda tahsil olishda yordam berayotgani uchun minnatdorchilik bildiraman”, – deydi BDKI 2 bosqich talabasi Kamronbek Saidmuratov.

“Prezidentimizga hozirda oldimizda ochilayotgan imkoniyatlar, yordam va qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, XIV Toshkent xalqaro kinofestivalida ishlash imkoniyatini taqdim etgani uchun Oʻzbekiston Kinematografiya agentligiga katta rahmat,” – deya fikr bildirdi BDKI 2 bosqich talabasi Muhammad Yusuf Raxmonaliyev.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?