"Baxshilar bahsi": IV Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalining ikkinchi kuni yakunlandi

02:00 28 Aprel 2025 Jamiyat
471 0

Foto: Jaloliddin Rajabov / “Xalq soʻzi”

Xiva shahrida oʻtkazilayotgan IV Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalining ikkinchi kuni ham oʻz nihoyasiga yetdi. Ochilish marosimidan soʻng start olgan tanlov bahslarida mahalliy hamda xalqaro ishtirokchilar qatnashdi. Tanlov bahslari Ichan qalʼa majmuasida joylashgan badiiy sahnada oʻtkazildi.

Foto: Jaloliddin Rajabov / “Xalq soʻzi”

Baxshilar va oqinlar milliy epik sanʼatining eng sara namunalarini namoyish etib, tomoshabinlarga unutilmas taassurotlar ulashdi.

Kun davomida namoyish qilib borilgan tadbirlardan koʻrish mumkinki, festival doirasida Ichan qalʼa maydonida tashkil qilingan turli tadbirlarda mamlakatimizning koʻplab hududlaridan tashrif buyurgan baxshilar guruhi oʻz aytimlari, termalari hamda kuy-navolari bilan kuzatuvchilarning kayfiyatiga kayfiyat qoʻshishdi.

Foto: Jaloliddin Rajabov / “Xalq soʻzi”

Jumladan, Toshkent viloyatidan “Koʻzmunchoq”, Toshkent shahridan “Durdona”, Buxoro viloyatidan “Omonyor”, Namangan viloyatidan “Xazratibob”, Qoraqalpogʻiston Respublikasidan “Suvsepser”, Surxandaryo viloyatidan “Janub sadolari” hamda Jizzax viloyatidan “Bogʻdon” folklor-etnografik xalq jamoalari kabi oʻnlab baxshilar festival doirasida tashkil qilingan turli tadbirlarda oʻz aytimlari bilan barchaga shodlik ulasha oldilar.

Foto: Jaloliddin Rajabov / “Xalq soʻzi”

Kun botar chogʻda barcha mehmonlar asosiy tanlov bahslari boʻlib oʻtajak maydon tomon yoʻl olishdi. U yerda dunyoning 40 dan ortiq mamlakatlaridan tashrif buyurgan baxshilar jamoalari oʻz chiqishlari bilan mazkur festivalning tanlov bahslarida ishtirok etishdi. Festival sahnasiga birinchi boʻlib surxondaryolik baxshi Jovli Tangriyev chiqish qildi. Keyin esa Eron Respublikasidan tashrif buyurgan “Arang” musiqiy guruhi kuyladi. Tojikistonlik baxshi Abdurahmon Hasanov “Alpomish” dostonini kuylagan boʻlsa, Yaponiyadan tashrif buyurgan musiqiy guruh aʼzolari ham oʻz mahoratlarini namoyish etishdi.

Foto: Jaloliddin Rajabov / “Xalq soʻzi”

Shuningdek, festivalning tanlov bahslarida “Alpomish”, “Rustamxon”, “Xirmondali”, “Oshiq Mahmud” kabi oʻnlab milliy madaniyatimizning oʻlmas durdonalari ham ijro etilib, kuzatuvchilar hamda sayyohlarning eʼtiborini oʻziga qarata oldi.

Foto: Jaloliddin Rajabov / “Xalq soʻzi”

IV Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali doirasidagi tanlov bosqichi ishtirokchilarining chiqishlarini hakamlar hayʼati aʼzolari baholab borishdi.

Hakamlar hayʼati aʼzolari turli davlatlardan tanlab olingan boʻlib, ular:

  • Ozarbayjon Respublikasidan atoqli madaniyat akademigi Samira Aliyeva,
  • Quvayt davlatidan Quvayt davlati taʼlim va kadrlar tayyorlash siyosati davlat boshqarmasi boshligʻi Amer Jaafar,
  • Moʻgʻulistondan Moʻgʻul xalqining madaniyat elchisi va davlat dostonchisi Erdenetsogt Baatarjav,
  • Rossiya Federatsiyasidan filologiya fanlari doktori, professor Xusainova Gulnur,
  • Qozogʻiston Respublikasidan Qozogʻiston milliy sanʼat universiteti professori, Sanʼatshunoslik fanlari nomzodi Elmira Janabergenova,
  • Vengriyadan “Vengriya merosi” tashkiloti bosh direktorining maslahatchisi Gergely Agocs,
  • Oʻzbekiston Respublikasidan Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti “Cholgʻu ijrochiligi” kafedrasi professori Oʻrozali Toshmatov ham oʻrin olgan.
Foto: Jaloliddin Rajabov / “Xalq soʻzi”

Xiva shahrida oʻtkazilayotgan IV Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali davom etmoqda. 200 ga yaqin ishtirokchilarni oʻzida jamlagan ushbu festival hozirda butun dunyoning eʼtibor markazida boʻlib turgani shubhasiz. Musobaqa gʻoliblari, festivalning soʻnggi kunida aniqlanib, taqdirlanadilar.

Otabek SAIDAHMADOV
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер