Bayram tadbirlari turli millat vakillarini birlashtirdi
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimizda millatlararo totuvlik va bagʻrikenglikni taʼminlash, doʻstlik muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratilib, joylarda manzilli targʻibot tadbirlari oʻtkazib kelinmoqda.
Samarqand viloyatining Urgut, Bulungʻur, Nurobod va Samarqand tumanlaridagi 21 ta mahallada shu maqsadga qaratilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda. Ushbu tadbirlar doirasida teatrlashtirilgan sahna koʻrinishlari, turli millat vakillarining folklor-etnografik ansambllari badiiy chiqishlari, milliy maqom, raqs va xalq ogʻzaki ijodiyoti namunalari, lapar, aytishuvlar ijrosi, liboslar namoyishi, “Mehr-oqibat dasturxoni” shiori ostida turli millatlarning milliy taomlari koʻrgazmalari tashkil etilmoqda.

Jumladan, Urgut tumanining qoʻshni Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh hududida joylashgan “Tinchlik” mahallasida bayramona shodiyonalar koʻtarinki ruhda boʻlib oʻtdi. Unda mahalliy aholi bilan birga, Tojikiston, Turkiya, Yaponiya va Janubiy Koreyadan kelgan mehmonlar ishtirok etdi. Konsert dasturlari, teatr tomoshalari, milliy sport musobaqalari va koʻrgazmalar namoyish qilindi.
Samarqand tumanining Gulobod va Dehnav mahallalarida “Qoʻshnichilik — ming yilchilik” shiori ostida tashkil etilgan tadbirda soʻzga chiqqanlar mamlakatimizdagi osoyishtalik va farovonlik, millatlararo totuvlik va bagʻrikenglikni asrab-avaylash barchaning burchi ekanligini taʼkidladi.

Tadbirlarda amaliy sanʼat va hunarmandchilik buyumlari koʻrgazmalari, “Varraklar sayli”, milliy oʻyin va sport chiqishlari oʻtkazildi. “Adabiy koʻprik” kompozitsiyasi asosida qoʻshni xalqlarning adabiy merosini aks ettiruvchi kitoblar koʻrgazmasi tashkil etilib, yoshlar oʻrtasida millatlararo doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan rassomlik hamda kitobxonlik tanlovlari boʻlib oʻtdi.
— Oʻtgan yili tuman boʻyicha eng namunali oila bekasi deb, topilgandim, — deydi Shoira Ahadova. — Hozir mahalla nuroniysi sifatida yoshlarga bilim va hayotiy tajribamni ulashmoqdaman. Bundan tashqari, 5 ta kam taʼminlangan oila bilan ishlayman. Hukumatimiz tomonidan munosib hayot kechirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Biz shundan toʻgʻri foydalanishimiz, bugungi farovonlikning qadriga yetishimiz kerak.

Nurobod tumanining Oqsoy mahallasida tashkil etilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir doirasida “Varraklar sayli”, “Oq terakmi – koʻk terak”, “Chillak” singari milliy oʻyinlar, mahalliy sanʼat va hunarmandchilik buyumlari koʻrgazmalari, “Adabiy koʻprik” kompozitsiyasi asosida qoʻshni xalqlarning adabiy merosini aks ettiruvchi kitoblar koʻrgazmasi, yoshlar oʻrtasida millatlararo doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan rassomchilik hamda kitobxonlik tanlovlari tashkil etildi.
Turli millatlarning milliy taomlari koʻrgazmalari, “Hayit oshi — tinchlik, doʻstlik va bagʻrikenglik oshi” shiori ostida tadbir ishtirokchilari, mahalla aholisi uchun ehson tadbirlari oʻtkaziladi.

Bulungʻur tumanining Xoʻjamazgil mahallasida millatlararo totuvlik va bagʻrikenglikni taʼminlashga bagʻishlangan tadbir doirasida “Doʻstlik bogʻi” tashkil etildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Turkiy xalqlarning maʼnaviy yalovbardori
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Rossiya Osiyo grandni magʻlub etdi
- Kambagʻal oilalar farzandlarining toʻgarak xarajatlarining 80 foizgacha qismi davlat byudjeti hisobidan qoplanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring