Badiiyat olami

01:46 17 Fevral 2023 Madaniyat
905 0

Mamlakatimizda “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar silsilasida adabiyotni rivojlantirish, ijodkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, yosh iqtidorlarni kashf etish va tarbiyalashga qaratilgan ishlar butunlay yangi bosqichga koʻtarildi.

Zotan, inja sanʼat xalqning maʼnaviy-ruhiy ozuqasidir. Badiiy soʻz qudrati inson qalbini nafaqat poklaydi, balki tafakkur olamini yoritadi, orzu-umidlari roʻyobi sari qanot boʻladi, uni yangi-yangi marralar sari ragʻbatlantiradi.

www.xs.uz saytimizda “Badiiyat olami” ruknining tashkil etilishidan koʻzlangan ezgu maqsad-muddao ham shu. Oʻquvchilarga ushbu rukn ostida yozuvchi-shoirlar, adabiyot boʻstoniga endi qadam qoʻyayotgan yosh ijodkorlar asarlaridan tuhfa etib boramiz.

Mushtariylarimizni xalqimizning maʼnaviy saviyasini yanada oshirish, didini yuksaltirish, ularni badiiy soʻzning bepoyon jilvasidan bahramand etish, orzu-umidlari roʻyobi tomon olgʻa intilishga undash, ruhlantirishdek ezgu ishlarga kamarbasta boʻlishga chorlab qolamiz.

Sirojiddin RAUF

TAZARRU

Yugurib charchadim, yetar, endi xoʻp,

Yurganim koʻnglimning yetaklariga.

Zor qaqshab topgandan yoʻqotganim koʻp

Yopishib dunyoning etaklariga.

Holbuki, birovdan kamim yoʻq edi,

Hoyu havaslarin koʻrdim olamning.

Taʼqib etaverdi armonning hidi –

Sajdada oʻtmagan umri odamning.

Kimdan yuz oʻgirib, kimga tikildim,

Gʻaddor nafs pardasi toʻsib koʻzimni.

Ishvalar poyiga tutdek toʻkildim,

Oʻzimni unutdim oʻylab oʻzimni.

Ne koʻrsam lol boʻldim mahobatiga,

Baridan tutmadim har dam ilmni.

Endi zor turibman inoyatiga,

Himmatning qoʻriga toblab dilimni.

Jonimga azoblar soʻrarman behad

Va ishqi koʻyida xorlik, adolik.

Jamolin koʻrsatsa bir kun haqiqat

Anglarman: ne sharaf ushbu gadolik!..

* * *

Gohida keladi senla sirlashgim,

Koʻnglimning bisoti - ezgu dardimni,

Senga ishonmoqdan qoʻrqaman lekin.

Gar bir kun ishonsam, yolgʻiz oʻtinchim:

Sen meni oʻzingdan ortiqroq sevma,

Oʻzimdan ortiqroq meni tushungin.

Istam IBROHIMOV

BEDOR OʻY

Sargʻaydi bogʻ-rogʻlar... Eshik moʻralab

Charxi kajraftor jim pichogʻin charxlar.

Yaprogʻin qurbonlik qilmogʻin oʻylab

Somondek sargʻaydi mahzun daraxtlar.

Oh, umr, oh, umr, koʻngilga gʻubor

Qoʻndirmay yashamoq bir sanʼat ekan.

Doʻst-dushman oldida daraxtdek nochor

Sargʻayib qolmaslik bir davlat ekan...

* * *

Osmon tund. Izgʻirin. Bogʻlar junjikdi,

Tun kabi qoraydi qargʻish tekkan dasht.

Yaproqlar rizolik soʻrab jon tikdi,

Osmon tund. Izgʻirin. Shoʻrlik koʻngil gʻash.

Koʻngil gʻash. Yongʻoqqa toʻladir qoʻyin,

Sotmoqqa hech vaqo yoʻq bisotida.

Bu bogʻlar junjikkan pallada,tushun

Ketganing yurakka ogʻir botdi-da,

Ketganing yurakka ogʻir botdi-da...

Xurshid ABDURASHID

* * *

Oʻtib borayotgan har bir kunimning

Ortidan boqarman horgʻin qoʻl silkib.

Qararkan, yuragi ogʻrimas kimning:

Qaytmaydi gʻam-quvonch, qaytmaydi sevgi.

Koʻzga muhrlangan lahzalarni soʻng

Xayolda tiklayman ming bor urinib.

Tasavvur yetmaydi – tasvir juda joʻn,

Izlayman eslashning oʻzga turini.

Kunlar sogʻinch tashlab chopaveradi,

U bilan bahsma-bahs chopar yuragim.

Goh quvonch, goh ogʻriq topaveradi,

Besamar kurashda yarim boʻlagim.

Bilaman, kunlarni boʻlmas toʻxtatib,

Bilaman, bu bahsda nihoya yoʻqdir.

Bitta xulosaga kelaman qaytib:

“Inson oʻz qalbini oʻzi oʻqiydi...”

Feruza XAYRULLAYEVA

YOMGʻIR KUYLAR

1

Oʻshanda sen bilan bahor kelgandi,

Gulli koʻylagini koʻz-koʻzlab menga.

Yomgʻirlar salovat aytib jilmaydi,

Koʻzingga boqmasdan jilmayganimda.

Koʻp vaqtlar, koʻp dardlar

koʻp soʻzlar oʻtdi

Oradan,

Oramiz uzalib bordi.

to ishqing,

to ishqim,

to ufqqa qadar.

Yomgʻirlar endi hazin jilmayar

Koʻzingni eslab yigʻlaganimda...

2

Azizim, daraxtlar bargin yoʻqotdi,

Yomgʻirda qoldilar goʻdaklar misol.

Men esa ojizlik kuyini chalib

Yordam berolmadim – ishonchlar uvol.

Xonamga ichkari qulflarni urgan,

Ichkari – dunyodan bezigan taqdir.

Deraza rahida gullarim soʻlgan,

Deraza rahidek qirsillar bagʻir...

Oʻtkinchi, oʻtkinchi bari, azizim,

Axir yomgʻirlarda qoldi daraxtlar!

Koʻchalarda esa kezib yuribdi,

Yomgʻirda ivigan egasiz baxtlar...

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?