Aziz Abduhakimov qishki Olimpiya oʻyinlari ishtirokchisi bilan videomuloqot qildi

20:17 29 Yanvar 2022 Sport
2453 0

Xabaringiz bor, togʻ changʻisi boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Komiljon Toʻxtayev 2022-yil 4 — 20-fevral kunlari Xitoyning Pekin shahrida oʻtkaziladigan XXIV qishki Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etadi. 

Sportchimiz togʻ changʻisining slalom va gigant slalom yoʻnalishlaridagi musobaqalarda ishtirok etadi.

Hamyurtimiz qishki Olimpiya oʻyinlariga munosib tayyorgarlik koʻrish maqsadida shu yilning 6-yanvarida Italiyaga joʻnab ketgandi. Shu kunlarda K.Toʻxtayev Italiyaning Bruniko shahri yaqinidagi Manguelfo qishlogʻida italiyalik trener Mattia Ganessi rahbarligida mashgʻulot olib bormoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov kecha sportchimiz bilan onlayn videomuloqot oʻtkazdi.

Videomuloqot avvalida vazir sportchimizning salomatligi va boʻlajak musobaqaga tayyorgarlik jarayoni, qolaversa yaratilgan shart-sharoitlar haqida soʻradi. Shuningdek, boʻlajak qishki Olimpiya oʻyinlarida Komiljon Toʻxtayevga omad tilagan holda uning ortida, avvalo, Prezidentimiz, yaqinlari, qolaversa, koʻp millionlik yurtdoshlarimiz turganligini taʼkidlab, undan barcha ijobiy natija kutayotganligini aytib oʻtdi.

— Prezidentimiz va xalqimiz nomidan sizga boʻlajak musobaqalarda omad tilaymiz. Aslini olganda qishki Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasini qoʻlga kiritganligingiz, unda Oʻzbekiston sharafini himoya qilishingizning oʻzi katta muvaffaqiyat. Shunday boʻlsa-da, Olimpiya oʻyinlarida yurtimizga medal taqdim etsangiz, sizni ham yozgi Olimpiya oʻyinlari gʻoliblari kabi tantanalar bilan kutib olamiz va taqdirlaymiz. Eng muhimi, ushbu nufuzli musobaqada munosib ishtirok etish orqali Oʻzbekistonda qishki sport turlarini ommalashtirishga munosib hissa qoʻshgan boʻlardingiz. Shuning uchun sizga boʻlajak musobaqalarda omad va zafar tilaymiz, — dedi Aziz Abduhakimov videomuloqotda.

Oʻz navbatida, Komiljon Toʻxtayev ham yurtimizda soʻnggi yillarda qishki sport turlarini yanada ommalashtirish va rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotganligi, sportchi sifatida bundan mamnun ekanligini eʼtirof etdi.

Shuningdek, videomuloqotda vazir Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida Sportning qishki va ekstremal sport turlariga ixtisoslashtirilgan maktab-internat tashkil etilayotganini aytib oʻtdi hamda Komiljon Toʻxtayevni mazkur taʼlim dargohi faoliyatini yoʻlga qoʻyishda oʻz amaliy takliflari va maslahatlari bilan faol ishtirok etishga chaqirdi.

Videomuloqot yakunida K.Toʻxtayev Oʻzbekiston xalqini quvontirish uchun astoydil harakat qilishga vaʼda berdi.

Oʻz oʻrnida, Turizm va sport vazirligi XXIV qishki Olimpiya oʻyinlarida hamyurtimizga omad tilab qoladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?