Avtoraqamlar – korrupsiyasiz!

16:25 15 Aprel 2019 Jamiyat
2301 0

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi muhokamasi – regulation.uz saytiga avtomototransport vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishning yangi mexanizmini belgilab beruvchi hujjat loyihasi joylashtirildi.

Loyihaga koʻra, avtomototransport vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va avtoraqam berish xizmati tajriba tariqasida 2019 yil 1 maydan boshlab, Toshkent shahrida Ichki ishlar Bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda Davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatiladi.

Bunda, markazlar orqali quyidagi toifadagi avtotransport vositalari roʻyxatdan oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda:

– Oʻzbekistonda ishlab chiqilgan va xorijdan keltirilgan yangi avtomototransport vositalari;

– notarial oldi-sotdi shartnomasi asosida mulkdori oʻzgargan ikkilamchi avtotransport vositalari.

Avtotransport vositasini roʻyxatdan oʻtkazish uchun fuqarolardan faqatgina pasport va mulk huquqini eʼtirof etish hujjati (avtosalonlardan beriladigan hisob-maʼlumotnoma, bojxona deklaratsiyasi yoki oldi-sotdi shartnomalaridan biri) taqdim etiladi xolos.

Xizmat koʻrsatish vaqti – atigi 1 soat.

Loyiha aholini qiynayotgan asosiy ikki muammo – byurokratiya va korrupsiyani istisno etishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Agentlikning taklifiga koʻra: endilikda avtotransport vositasini davlat roʻyxatidan oʻtkazishda avtotransport vositalarini koʻzdan kechirish, texnik koʻrikdan oʻtkazish TALAB ETILMAYDI.

Koʻrikdan oʻtkazmasdan, yaʼni, avtotransport vositasining dvigateli, shassi raqamlarini koʻrib solishtirmasdan turib avtotransport mulkdorini belgilashning xavflilik darajasi baland emasmi degan savol tugʻilishi tabiiy.

Javob bitta – bunda hech qanday risk yoʻq. Qanday qilib..?

Sababi, Oʻzbekistonda ishlab chiqilgan avtotransport vositasi sotib olinganda, avtosalonlar mulk huquqini eʼtirof etish hujjatlarini (schyot-spravkalarni) shundoq ham avtomototransport vositalarining turi, markasi, modeli, roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgisi, identifikatsiyalovchi shassi (rama), kuzov va dvigatellar raqamlarini solishtirgan holda beradi.

Shunday ekan, buni yana qayta texnik yoki boshqa koʻrikdan oʻtkazishga ehtiyoj mavjud emas.

Xuddi shunday, xorijdan keltirilgan yangi avtotransport vositalari haqidagi maʼlumotlar (deklaratsiya hujjatlari) ham bojxona organlari tomonidan elektron tizimga kiritib boriladi, ularni tizim orqali tekshirish imkoniyati yaratilgan.

Shunga koʻra, endilikda Davlat xizmatlari markazlari avtotransport vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishda maxsus elektron tizim orqali avtosalonlar tomonidan berilgan schyot–spravkalar hamda bojxona organlari tomonidan berilgan bojxona deklaratsiyasi maʼlumotlariga asoslangan holda avtotransport vositasini koʻzdan kechirmasdan roʻyxatdan oʻtkazadi.

Soddaroq ifodalaydigan boʻlsak, fuqarolar avtomashinasini roʻyxatdan oʻtkazish va avtoraqam olish uchun Markazlarga avtotransport vositasi bilan kelishi ham shart emas.

IKKILAMCHI BOZORDAGI AVTOTRANSPORTLAR-CHI?

Ularni ham qayta rasmiylashtirishda – texnik yoki boshqa tarzdagi koʻriklardan oʻtkazish talab etilmaydi.

Sababi – eski avtotransportlar notariuslar tomonidan boshqa shaxs nomiga oldi-sotdi shartnomalari asosida oʻtkazilgunga qadar shundoq ham ichki ishlar organlari tomonidan agregatlar raqamlari roʻyxatdan oʻtkazish raqamlariga muvofiqligi yuzasidan koʻzdan kechiriladi.

Notarius ichki ishlar organinining ushbu maʼlumotnomasiga asoslangan holda oldi-sotdi shartnomalarini tasdiqlaydi.

Shunday ekan, oldi-sotdi qilingan avtotransport vositasini roʻyxatdan oʻtkazishda uni yana qayta koʻrikdan oʻtkazishga ehtiyoj mavjud emas.

Yaʼni Davlat xizmatlari markazlari ikkilamchi bozordagi avtotransportni – notarial shartnomani elektron tizimdan tekshirgan holda hech qanday koʻrikdan oʻtkazmasdan amalga oshiradi.

AVTORAQAMLAR – KORRUPSIYASIZ!

Endilikda avtoraqamlar korrupsiyaning oldini olish maqsadida maxsus elektron tizim orqali inson omilining aralashuvisiz toʻliq avtomatik tarzda tanlash orqali taqdim etiladi.

Har bir roʻyxatdan oʻtkazilgan raqamlar Markaz binosidagi yirik interaktiv ekranda ochiq koʻrinishda aks ettiriladi va real vaqt rejimida yangilanib boriladi.

Xuddi shuningdek, auksion orqali beriladigan avtoraqamlar toifasiga kirmaydigan ayrim xaridorgir raqamlarni (jumladan, “koʻzgu” shaklidagi, masalan 212, 343, 717 vahokazo) orttirilgan stavkada taqdim etish nazarda tutilmoqda.

Eʼtiborli jihati, bunda ham korrupsion xavfni nol darajagacha kamaytirish maqsadida ushbu toifadagi raqamlar ham qoʻshimcha toʻlov evaziga avtomatik tarzda elektron tizim orqali tanlash yoʻli bilan amalga oshiriladi.

Yaʼni fuqaro xaridorgir raqam uchun eng kam oylik ish haqining 1 baravari miqdoridagi qoʻshimcha toʻlov amalga oshirsa, unga 1X1 – 9X9 toifadagi koʻzgusimon raqamlardan (jami 72 ta) biri inson omilining aralashuvisiz elektron tizim orqali tanlab beriladi.

Davlat xizmatlari agentligi fuqarolarni ushbu loyiha muhokamasiga oʻz taklif-mulohazalari bilan faol ishtirok etishga chorlaydi.

Zero, loyiha yuzasidan har bir asosli taklif, xizmat koʻrsatish jarayonini yanada soddalashtirishga doir takliflar – ertangi farovon davlat xizmatlarini joriy etish uchun ahamiyatlidir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?