Atrof-muhit, hayvonot va oʻsimlik dunyosining muhofazasi kuchaytirilmoqda

13:10 19 Dekabr 2025 Siyosat
357 0

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Senatning 12-yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga atrof-muhit, hayvonot va oʻsimlik dunyosining muhofazasini kuchaytirishga, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Taʼkidlanganidek, ayrim turdagi atrof-muhitni muhofaza qilishga oid qonunchilik talablarini buzganlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik choralari sodir etilgan qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasi hamda kelib chiqadigan oqibat miqdoriga nisbatan nomutanosibligi uchun ushbu turdagi huquqbuzarliklar soni ortib bormoqda.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Qonun bilan qator qonunlarga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Jumladan, “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunda atrof-muhitga taʼsir koʻrsatishning I va II toifalariga mansub faoliyat turlari bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar ifloslantiruvchi manbalarda oʻrnatiladigan avtomatik monitoring stansiyalari maʼlumotlarini Atrof-muhit davlat monitoringi tizimining yagona geoaxborot maʼlumotlar bazasiga real vaqt rejimida kiritishi majburiyligi qayd etilmoqda.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Shuningdek, “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi Qonunda fuqarolar belgilanmagan joyga tashlagan chiqindisini olib chiqib ketishi yoki qonunchilikda belgilangan tartibda chiqindilarni olib chiqib ketish bilan bogʻliq xarajatlarning oʻrnini qoplab berishi shartligi nazarda tutilmoqda.

“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonunga davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni koʻchirib oʻtish uchun ruxsatnoma berish tartibini joriy etish bilan bogʻliq oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Atrof tabiiy muhitni ifloslantirganlik, yer, yer osti boyliklaridan foydalanish shartlarini buzganlik, ekinzorlarni, oʻrmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa oʻsimliklarni shikastlantirganlik, nobud qilganlik uchun jinoiy jazo choralari kuchaytirilmoqda.

Shuningdek, aholi punktlaridagi irrigatsiya tizimlarini koʻmib tashlaganlik, koʻp kvartirali uyga tutash tuproqli va yashil qoplamali yer uchastkasini oʻzboshimchalik bilan betonlashtirish kabi qoidabuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlik nazarda tutilmoqda.

Senatorlarning fikricha, ushbu Qonunning qabul qilinishi atrof muhit muhofazasini taʼminlash va aholi uchun qulay ekologik muhit yaratishga, huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda davlat ekologik nazoratini samarali tashkil etishga, biologik xilma-xillikni asrashga, tabiiy resurslarning kafolatlangan himoyalanishiga xizmat qiladi.

Senatorlar Qonunni maʼqulladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер