Atom energetikasini rivojlantirish muammolari va istiqbollari muhokamasi

16:37 16 Oktyabr 2024 Jamiyat
402 0

Foto: Toyirov Abdumutalib / “Xalq soʻzi”

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida energetika sohasida muhim xalqaro tadbir — “O‘zbekistonda atom energetikasini rivojlantirish muammolari va istiqbollari” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanishning dolzarb masalalari va imkoniyatlarini muhokama qilish, milliy va xalqaro ekspertlar o‘rtasida bilim va tajriba almashish uchun maydonga aylandi.

Ilg‘or xalqaro tadqiqotlar instituti Energetika diplomatiyasi va geosiyosat markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda Vengriya, Turkiya, Janubiy Afrika Respublikasi, Serbiya, AQSH, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlardan xalqaro ekspertlar ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari,  Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev, Butunjahon yadro assosiatsiyasi bosh direktori Sama Bilbao-i-Leon xonim, Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov, “O‘zatom” agentligi direktori Azim Axmedxo‘jayev, “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Andrey Petrov va boshqalar so‘zga chiqqan tadbirda atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanishning dolzarb masalalari va imkoniyatlari, bu borada amalga oshirilayotgan loyihalarning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.

Ishtirokchilar atom energetikasi sohasidagi joriy va istiqbolli loyihalar, atom inshootlari xavfsizligini ta’minlash yo‘llari hamda yadro energetikasining mamlakat energetika balansidagi o‘rni bilan tanishdi. Kadrlar tayyorlash, bu borada innovasion texnologiyalarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Konferensiya dasturidan davra suhbati shaklidagi ikkita panel sessiyasi o‘rin oldi. Unda yetakchi mutaxassislar, ekspertlar hamda olimlar atom energetikasining istiqbollari va imkoniyatlariga bag‘ishlangan ma’ruzalarni tingladi. Muhokamalarda asosiy e’tibor atom energetikasi sohasida xavfsizlikni ta’minlashga qaratildi. Ishtirokchilar yadroviy ob’yektlar faoliyati ishonchliligini oshirishga qaratilgan ilg‘or texnologiyalar va innovasion usullar bilan tanishdi. Atom elektr stansiyalari holatini monitoring va nazorat qilish tizimini rivojlantirishning global tendensiyalari, shuningdek, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarga tezkor javob berish mexanizmlari muhokama etildi.

Mutaxassislar hodisalar ehtimolini minimallashtirish va kasbiy tayyorgarlikni oshirish uchun xalqaro tajribani milliy amaliyotga, jumladan, muntazam mashg‘ulotlarga kiritish muhimligini ta’kidladi. O‘zbekiston atom sanoatini yanada rivojlantirish uchun asos vazifasigi bajarishi kerak bo‘lgan xalqaro tartibga solish standartlarini joriy etish, milliy qonunchilikni jahon xavfsizligi va atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish standartlariga muvofiqlashtirishga alohida e’tibor qaratish muhim jihat bo‘ldi.

Muhokamalarda ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik yo‘nalishlar ham chetda qolmadi. Ishtirokchilar atom energetikasini rivojlantirish mamlakatimiz energetik mustaqilligini mustahkamlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va mahalliy mutaxassislarning malakasini oshirish orqali iqtisodiy o‘sishga ko‘maklashishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Anjumanda O‘zbekiston energetika sohasini diversifikatsiya qilishni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy-texnikaviy sohada salohiyatni oshirish va tijoriy hamkorlik, jumladan, investisiyalarni jalb etish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekistonda yadro tibbiyoti va uning saratonga qarshi kurashdagi o‘rni, shuningdek, yadro texnologiyalarini noenergetik yo‘nalishlarida qo‘llash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Universitetlararo hamkorlik va atom sanoati uchun kadrlar tayyorlash vositasi sifatida filiallar yaratish mavzulari ham dolzarb bo‘ldi.

Tadbir O‘zbekistonning xalqaro tajribani integratsiyalash va atom sanoatini xavfsiz hamda samarali rivojlantirishning zarur sharti bo‘lgan ilg‘or standartlarni joriy qilishga tayyorligini namoyish etdi.

Foto: Toyirov Abdumutalib / “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер