Asilbek Xudayarov: Diplomning oʻzi yetarli boʻlmayapti! Sogʻliqni saqlash vaziri va deputatlar oʻrtasida qonun loyihasi keskin muhokama qilindi

13:52 14 Yanvar 2025 Siyosat
278 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida aholining yuqori sifatli tibbiy xizmat olish huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi oʻqishda muhokama qilindi. Qonun loyihasi tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlaridan tashqari qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatish va tibbiyot hamda farmatsevtika xodimlarining kasbiy masʼuliyatini kuchaytirishga yoʻnaltirilgan.

Loyihada aholiga davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordamdan tashqari xizmatlarni qonuniy tarzda tashkil qilish nazarda tutilmoqda. Jumladan, birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida oilaviy shifokor yoki tibbiyot brigadasi yoʻllanmasisiz, toʻgʻridan-toʻgʻri pullik asosda tibbiy yordam koʻrsatish imkoniyati koʻzda tutilgan. Bu aholining qoʻshimcha tibbiy xizmatlarga boʻlgan talabini qondirishni osonlashtiradi.

Qonun loyihasiga koʻra, tibbiy taʼlim muassasalarini tamomlaganlik toʻgʻrisidagi diplom kasbiy faoliyatga ruxsat berish uchun yetarli boʻlmaydi. Shaxslar maxsus attestatsiyadan oʻtganidan soʻnggina davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi. Bu talab tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining bilim va koʻnikmalarini yanada yuqori darajaga koʻtarishga xizmat qiladi.

Sogʻliqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov mutaxassislarning bilim darajasini oshirish zarurligini qayd etib, ayniqsa, xususiy taʼlim muassasalarini tamomlagan bitiruvchilarning bilimlari koʻpincha yetarli emasligini taʼkidladi. Ushbu holat sohada qoʻshimcha tadbirlarni amalga oshirish zarurligini koʻrsatadi. Shuningdek, tibbiy xizmat koʻrsatishda masʼuliyatni kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

“Masalan, 3-toifali jarroh jarrohlik operatsiyasini amalga oshirishi mumkin emas. Bu holatda faqatgina 2-toifadan yuqori shifokorlar ishlashi mumkin. Afsuski, ayrim xususiy tibbiyot muassasalarida bizga (SSVga – tahrir.) yuqori toifali shifokorni koʻrsatib, keyinchalik past toifali shifokorlarni jalb qilishyapti. Bu esa oʻz navbatida aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda”, deydi Sogʻliqni saqlash vaziri.

Muhokama davomida deputatlar qonun loyihasidagi normalar yuzasidan qator savol va takliflar bildirdi. Jumladan, Zuhriddin Mavlonov, Zafar Xudoyberdiyev va Islom Abdullayev kabi deputatlar faol ishtirok etib, tashabbusning ahamiyatini qayd etish bilan bir qatorda, oʻzlarining taklif va mulohazalarini bildirdi. Qonunchilik palatasi Spikeri ham muhokamada faollik koʻrsatdi va jarayonni muvofiqlashtirib bordi.

Qizgʻin bahslar va savol-javoblardan soʻng qonun loyihasi konseptual jihatdan birinchi oʻqishda deputatlar tomonidan qabul qilindi. Loyihaning qabul qilinishi aholining tibbiy xizmat olish huquqini kengaytirish va sogʻliqni saqlash sohasidagi muammolarni hal qilishda muhim qadam boʻlishi kutilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер