Asarlarida odamiylik va ilmga muhabbatni tarannum etdi
Arxiv surat
27-dekabr — Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik tavallud topgan kun
Atoqli yozuvchi Tohir Malik adabiyotga ilmiy-fantastik janrdagi hikoyalari, xususan, “Hikmat afandining oʻlimi”, “Qora farishta”, “Falak” kabi asarlari bilan kirib kelgan. U gulduros solib, chaqmoq chaqib emas, balki xotirjam, kamtarlik, vazminlik, oʻziga xos muloyimlik bilan milliy adabiyotimizdan joy egalladi. 1970-yilda Moskvada boʻlib oʻtgan Butunittifoq yosh fantast ijodkorlar slyotida yuqoridagi asarlari juda ijobiy baholangan. Keyinchalik u turli janrlarda ijod qildi va oʻziga yarasha muxlislarining hurmatiga sazovor boʻldi.
Yozuvchining “Savohil”, “Zaharli gʻubor”, “Chorrahada qolgan odamlar”, “Bir koʻcha bir kecha” va “Charxpalak” kabi asarlari tezda oʻquvchilar eʼtiboriga tushdi. Ayniqsa, atoqli oʻzbek pedagogi va maʼrifatparvari Abdulla Avloniyning diplomatik missiyasiga bagʻishlangan “Savohil” asari sevib oʻqildi. Jadid bobokalonimiz sobiq shoʻrolarning Afgʻonistondagi birinchi elchisi boʻlgan. Shuni alohida taʼkidlash lozimki, Tohir Malik oʻsha shoʻrolar davrida ham milliylik va millatparvarlikni madh etuvchi asarlar yaratgan.
“Chorrahada qolgan odamlar”da adib milliy zulmga qarshi qurolli qoʻzgʻolon qatnashchilarini bor his-tuygʻulari bilan roʻy-rost koʻrsatgan. Sobiq shoʻro jamiyatida mavjud yondashuv-stereotiplarga zid nuqtayi nazar bilan qarash oʻsha davr oʻzbek milliy adabiyotida oʻziga xos inqilob edi. Asardagi qahramon Xoliqberdi toʻra qoʻrboshining yetimxona mudiriga ikki xalta pul berib, aytgan soʻzlari, ayniqsa, kitobxonga oʻzgacha taʼsir qiladi:
“— Bularni zoriqtirmang, — dedi qatʼiy ohangda. Soʻng bolalarga yuzlandi. — Sizlar yaxshi oʻqinglar. Oʻqishdan boshqa hech narsani oʻylamanglar. Zamon ham tinchib ketadi. Kelajakda yurtga oʻzlaring hokimlik qilasizlar. Oʻqimas ekansizlar, sizlardan el ham rozi бўлмайди...”
Mazkur soʻzlarni uzoqni koʻra oladigan, teran fikrlaydigan, millat kelajagi uchun qaygʻuradigan odam gapirishi mumkin. Bu satrlarni adib 70-80-yillarda yozyapti. Bunday fikr yuritish uchun ajoyib adib Abdulla Qodiriy taʼbiri bilan aytganda “qoʻrqinch bir jasorat” kerak edi. “Bosmachilik” deb tamgʻa qoʻyilgan milliy ozodlik harakatining yirik vakilining bu soʻzlari mustabid tuzum davrida bamisoli isyon edi. Chunki bizga qoʻrboshilarni kaltabin, xudbin va millat istiqboli uchun befarq odamlar deb taʼriflashgan.
Bunday yondashuvlar adibning koʻpgina asarlarida uchraydi. Oʻtgan asrning saksoninchi yillarida yozilgan “Soʻnggi oʻq” asari ham mana shunday ruhda yozilgan. Asar qahramoni Jahongir halol, mehnatkash, soddadil va xudojoʻy dehqon. U oʻz mehnati evaziga kun koʻradi, boshqa ishlarga aralashmaydi. Mustabid tuzum davrida u uch marotaba 1922, 1938 va 1947-yillarda nohaq qamaladi. Qalbi pok inson boʻlgan Jahongir bu sinovlarga ham sabr-toqat bilan bardosh beradi. Otasi Muhammadrizoning “Bir tovoq yovgʻon bilan odamning qorni toʻyadi. Xorijga borsang ham bir tovoqqa toʻyasan. Ikki tovoq yeyolmaysan, boʻkib oʻlasan”, degan soʻzlarini hamisha yodida saqlaydi. Vaholanki, iymoni sust, irodasi zaif odam faqat oʻzini oʻylaydi va nomaqbul ishlarni qiladi. Mana shu Jahongir obrazida keyingi asarlaridagi qahramonlarni taniymiz. Ular “Murdalar gapirmaydilar”dagi Nuriddin, oʻzbek kitobxonlarining bestselleriga aylangan “Shaytanat” qissasidagi haqiqatparvar Jalil, “Umidlar dashti” asaridagi Gʻayrat. Biroq Tohir Malik hayotidagi eng sara asarlarini ellik yoshdan oshganida yozdi. Bu, albatta, adib ijodining gultojisi boʻlgan “Odamiylik mulki” asaridir. Ushbu asarni yozish uchun adib bir necha oʻn yillar tayyorgarlik koʻrgan. Kitobni yozish uchun 77 ta umumiy daftarda qoralama nusxasi va materiallar toʻplagan. Bunday mavzuda asar yozishga yozuvchining togʻasi adib Mirzakalon Ismoiliyning “Odamiylik qissasi” nomli kitobi sabab boʻlgan. Shuni eʼtirof etish lozimki, adibning togʻasi “Fargʻona tong otguncha” romanining ikkinchi kitobi nashrdan chiqqanda, asarga shunday dastxat yozgan ekan: “Qalamim merosxoʻri jiyanim Tohirga”. Darhaqiqat, Mirzakalon Ismoiliy davr taqozosi bilan aytolmagan gaplarni Tohir Malik chin merosxoʻr sifatida maromiga yetkazib aytdi.
“Odamiylik mulki” kitobi milliy maʼnaviyat va milliy tarbiya masalalariga bagʻishlanib, millionlab kitobxonlarning qalbini zabt etdi, desak, aslo mubolagʻa emas. Shu qadar shuhrat qozondiki, kitobxonlar yaqin kishisiga sovgʻaga shu kitobni xarid qilishgan va qilishmoqda. Asar hammabop boʻlib, aksariyat yurtdoshlarimizning ish stollarida va kitob javonlaridan oʻrin oldi.
Bunday shuhratning sababi muallif ham diniy, ham dunyoviy ilmga boy inson edi. Kitobda oʻzbek kitobxonlari ancha vaqtgacha sogʻingan mavzu — komil inson tarbiyasi mavzusini koʻrishdi. Muqaddas Qurʼoni karimdagi oyatlar va suralar xalqimizga tushunarli va sodda tilda berilishi hamda muborak hadisi sharifdan Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vassallam hayotlari bilan bogʻliq rivoyatlar asarni shunday jozibali boʻlishiga sabab boʻlgan. Yozuvchi ushbu yoʻnalishda samarali mehnat qildi. “Halovat”, “Munojot”, “Kelinlar daftariga”, “Kuyov bola sizga aytar soʻzim bor”, “Umidimiz yulduzlari (Odamiylik mulkiga doir)”, “Quyoshingiz botmasin” asarlari shular jumlasidandir. Odob-axloqqa doir bu kitoblar yurtdoshlarimiz orasida keng shuhrat yoydi. Yoshlar tarbiyasiga doir “Jinoyatning uzun yoʻli”, “Alvido, bolalik”, “Talvasa” va “Eng kichik jinoyat” kabi asarlarida ham adib farzand tarbiyasi uchun masʼuliyatni faqat maktab va jamoatchilikka yuklamasdan, birinchi navbatda ota-onaning yelkasidagi eng muhim farzlardan biri ekanini taʼkidlagan.
Adib keyingi yillarda yurtimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan tub islohotlarni qoʻllab-quvvatlab, baholi qudrat oʻz hissalarini qoʻshdi. Ayniqsa, aholini kitobxonlikka jalb qilish boʻyicha jonbozlik koʻrsatdi. Tohir Malik, ayniqsa, yoshlar bilan uchrashuvlarni yaxshi koʻrardi. U hamisha navqiron avlod bilan muloqot qilib, ularni qiynayotgan muammolarni oʻrganardi. Asarlarida insonparvarlik gʻoyalarini targʻib qilib, yoshlarni Vatanga muhabbat, sadoqat ruhida tarbiyalab, ona yurtimizda hukm surayotgan barqarorlik, tinchlik va osoyishtalikni asrab-avaylashga, mustaqil Vatanimizni koʻz qorachigʻidek saqlashga chaqirar edi.
Hukumatimiz Tohir Malikning mehnatlarini munosib taqdirlagan: 1999-yilda adibga “Oʻzbekiston Respublikasi xalq yozuvchisi” faxriy unvoni berildi, 2018-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirladi. Afsuski, endi oramizda ajoyib va fidoyi inson, buyuk yozuvchi, dramaturg, publitsist hamda kinossenarist yoʻq, lekin adibning yorqin xotirasi muxlislari va shogirdlari qalbida abadiy yashaydi.
Toʻlqin SAYDALIYEV,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent, isteʼfodagi podpolkovnik.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- Oʻzbekistonda naqd pulga uy-joy va mashina oldi-sotdisi bekor qilinadi
- Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimi boʻyicha rasmiy bayonot berdi
- “Real Madrid” alamli tarzda magʻlubiyatga uchradi
- Milliy terma jamoaning JChdagi oʻyinlari qachon va qayerda oʻtishi maʼlum boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring