AQSHning ikki nafar yetakchi professori Namaganda uzoq muddatli faoliyatini boshladi

19:14 25 May 2023 Ilm-fan
845 0

Foto: «Xalq so‘zi»

Viloyatning nufuzli oliygohlaridan hisoblangan Namangan muhandislik-texnologiya institutida turdosh xorijiy muassasalar bilan hamkorlik aloqalari tobora kengayib bormoqda. Ayni imkoniyatdan kelib chiqib, bu yerda dunyoning qator OTMlari bilan o‘qituvchilar almashish tajribasi yo‘lga qo‘yilgan. Kuni kecha AQSH Davlat departamenti va Fulbrayt xorijiy stipendiyalar kengashining amaliy ko‘magi bilan Amerikaning Oklaxoma shtat universiteti muhandislik, arxitektura va texnologiya instituti (CYeAT) dekani doktor Paul Tikalskiy va doktor July Tikalskiylar Namanganga kelib, institutda xorijiy o‘qituvchi sifatida uzoq muddatli faoliyatini boshladi. 

Mehmonlarni NamMTI rektori, professor Odiljon Mamatkarimov qabul qildi. O‘tkazilgan muloqot davomida xorijiy mutaxassislarning institutdagi faoliyatini tashkil etish, ish jarayonlari va o‘quv tizimida dunyoning ilg‘or tajribalaridan keng foydalanish bo‘yicha kelishib olindi.

Ma’lumot uchun, Paul Tikalskiy ikki marta Yuta shtatida yilning eng yaxshi muhandislik o‘qituvchisi, deb topilgan. Jazoirdagi AQSH-savdo missiyasi a’zosi bo‘lib xizmat qilgan va Pragadagi Chexiya Milliy Fanlar Akademiyasida katta ilmiy vazifasida ishlagan. July Tikalskiy esa Amerikadagi oliy ta’limni rivojlantirish bo‘yicha yetakchi mutaxasislardan biri hisoblanadi.

Xorijlik professorlar talabalarga muhandislik-texnologiya yo‘nalishi fanlari bo‘yicha dars o‘tib, doktorantlar bilan ilmiy-tadqiqotlar ustida ishlaydilar, iqtidorli talabalar va institut professor-o‘qituvchilarining malakasini oshirish hamda amaliy va fundamental loyihalar ustida ishlab xalqaro tanlovlarga yuborishga ko‘maklashadilar.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?