AQShdan deportatsiya qilinadigan 10 nafar Oʻzbekistonlik Nyu-York – Toshkent yoʻnalishida vataniga qaytadi

13:59 03 Mart 2025 Siyosat
120 0

AQSh deportatsiya qilayotgan yana 10 nafar Oʻzbekiston fuqarosi shu hafta davomida Nyu-York – Toshkent yoʻnalishi boʻyicha vatanga qaytariladi. Bu haqida Oʻzbekiston TIV matbuot kotibi Ahror Burxonov maʼlum qildi.

Taʼkidlanishicha, Qoʻshma Shtatlar ushbu fuqarolarni Kosta-Rikaga joʻnatishni rejalashtirgan. Keyinchalik Oʻzbekiston hamda AQSh oʻrtasidagi muzokaralar natijasida fuqarolarni Oʻzbekistonga qaytarish boʻyicha kelishuvga erishilgan.

Avvalroq, Oʻzbekiston respublikasi oʻz fuqarolarini AQShdan xavfsiz deportatsiya qilish masalalari boʻyicha Qoʻshma Shtatlar va Lotin Amerikasi rasmiylari bilan muntazam aloqada boʻlib turgani xabar qilingan edi.

“Bizning kelishuvlarimizga asosan, Amerika tomoni deportatsiya qilinadigan fuqarolarimizning har bir holati haqida tezkorlik bilan xabardor qiladi. Oʻrnatilgan amaliyotga koʻra, fuqarolarimiz vatanga Nyu York–Toshkent yoʻnalishi orqali yetib kelishadi”, — degan Tashqi ishlar vaziriligi vakili.

Eslatib oʻtamiz, 25-fevral kuni AQSh Kosta-Rikaga deportatsiya qilmoqchi boʻlgan yetti nafar Oʻzbekiston fuqarosi vatanga qaytarilgan edi.

Vashington va Kosta-Rika oʻrtasidagi bitimga asosan davlatga AQShdan deportatsiya qilingan 200 nafargacha boʻlgan shaxslar vaqtincha joylashtirilishi kerak edi. Bunda migrantlarga bir oy davomida mamlakatda qolish huquqi beriladi. Shu muddat ichida ularni ixtiyoriy ravishda vataniga qaytarilishi masalasi hal qilinadi. Qaytishni rad etganlar ustidan esa individual qaror chiqariladi.

Taʼkidlash joiz, Donald Tramp oʻzining qasamyod nutqida ham janubiy chegaralardan kirib kelayotgan xorijliklar oqimini toʻxtatish va millionlab chet elliklarni kelgan joyiga qaytarish jarayonini boshlashi haqida aytgandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?