AQShda 17 yoshli yigit Trampga suiqasd uyushtirish uchun o'z ota-onasini oʻldirdi

13:41 14 Aprel 2025 Dunyo
152 0

AQSHning Viskonsin shtatida yashovchi 17 yoshli Nikita Kasap president Donald Trampga suiqasd qilishga uringan. Bu harakatni sodir etish uchun u oʻz ota-onasini oʻldirgan, deb xabar bermoqda “NBC News” nashri.

Maʼlum boʻlishicha, Federal qidiruv byurosi oshkor qilgan hujjatga koʻra, 17 yoshli Nikita Kasap joriy yilning 11-fevral kuni otasi 51 yoshli Donald Mayer hamda onasi 35 yoshli Tatyana Kasapni oʻldirib, jasadlarni xonadondagi kiyimlar orasiga yashirib, 10 kundan ortiq vaqt davomida saqlab kelgan.

Biroz vaqtdan soʻng, Nikita Kasap otasining shaxsiy avtomobilida harakatlanib ketayotganda yoʻl qoidasiga rioya qilmagani uchun shahar politsiyasi tomonidan toʻxtatilgan. Yigitning shubhali harakatlari sabab politsiya uni hibsga olishga qaror qilgan.

Dastlabki oʻrganishlar natijasida, u oʻz ota-onasini moliyaviy mustaqillikka erishish, bu orqali esa oʻz rejalarini amalga oshirishni maqsad qilgani oydinlashgan. Shuningdek, tergov davomida Kasapning qoʻl telefonidan neonatsistik tashkilotga oid bir qancha materiallar topilgan. Bu esa tergov ishlarining yanada chuqurlashishiga sabab boʻlgan. Aniqlanishicha, oʻsmir yigit ekstremistik guruh aʼzolari bilan muntazam aloqada boʻlib, bajarmoqchi boʻlgan ishlar rejasini ham taqdim qilgan.

Mazkur rejalar roʻyxatidan AQSH prezidentiga suiqasd uyushtirish, irqlar aro nizo uygʻotish, suiqasd qilish usullari, portlovchi bomba yasash boʻyicha koʻrsatmalar va prezidentga qarshi terrorchilik harakatlarini amalga oshirish rejalari bayon etilgani aniqlangan.

Maʼlum boʻlishicha, Nikita Kasap ishi boʻyicha tergovga AQSH Maxfiy xizmati hamda FQB ham aralashgan. FQB Kasapni fitna qoʻzgʻash, prezidentga suiqasd uyushtirish hamda ommaviy qirgʻin qurolidan foydalanishga urinishda ayblab jinoyat ishi ochgan.

Qoʻshimcha qilinishicha, oʻsmir portlovchi bomba yoki juda kuchli taʼsir qiluvchi zaharni belgilangan manzilga yetkazish uchun maxsus dron xarid qilish uchun qisman toʻlovni ham amalga oshirishga ulgurgan. Shuningdek, uning Telegram messenjeridagi suhbatlarida, suiqasdi amalga oshgandan soʻng Ukrainaga qochishni rejalashtirayotgani haqida ham maʼlumotlar topilgan.

Bugungi kunda, Kasapga toʻqqizta ayblov ishi, jumladan, birinchi darajali qotillik, AQSH prezidentiga suiqasd uyushtirish, fitna qoʻzgʻash, irqlararo nizolar keltirib chiqarish kabi jinoyatlar boʻyicha ish ochilgan. Nikita Kasap hozirda Qoʻshma Shtatlardagi federal qamoqxonalardan birida saqlanmoqda. Sud jarayonlari yakunida uning aybi tasdiqlansa uzoq yillik qamoq jazosiga hukm qilinishi taxmin qilinmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер