AQSH Ukrainadagi urushni “konflikt” deb atashni boshladi

BMT Xavfsizlik Kengashi Ukrainadagi urushga oid AQSH tomonidan tayyorlangan “Tinchlikka yoʻl” (“The Path of Peace”) nomli rezolyutsiyani qabul qildi. Mazkur hujjat urushni tezroq yakunlashga chaqirsa-da, Rossiyani agressor sifatida nomlamagan.
24-fevral kuni boʻlib oʻtgan ovoz berishda Xavfsizlik Kengashining 15 aʼzosidan 10 nafari rezolyutsiyani qoʻllab-quvvatladi. AQSH, Rossiya va Xitoy ham hujjatni maʼqulladi. Besh davlat, shu jumladan, Buyuk Britaniya va Fransiya ovoz berishda neytral qoldi.
Bu — Ukrainada urush boshlanganidan beri BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan qabul qilingan ilk rezolyutsiyadir. Rossiyaning BMTdagi vakili Vasiliy Nebenzya ushbu hujjatni tinchlikka erishish yoʻlidagi muhim qadam sifatida baholadi.
Qayd etish kerakki, BMT Bosh Assambleyasi ham Ukrainadagi urushga oid ikki xil rezolyutsiyani qabul qildi. Ularning mazmuni Rossiyaning harakatlarini baholashda farq qiladi.
Birinchi rezolyutsiya Ukraina va Yevropa Ittifoqi davlatlari tomonidan tayyorlangan boʻlib, unda Rossiyadan Ukraina hududidan oʻz qoʻshinlarini darhol olib chiqish va harbiy harakatlarni toʻxtatish talab qilingan.
Bu talab BMTning avval qabul qilgan qarorlariga mos keladi. Ushbu hujjatni 93 davlat qoʻllab-quvvatladi, 65 davlat neytral qoldi va 18 davlat, shu jumladan, Rossiya va AQSH qarshi ovoz berdi.
Ikkinchi rezolyutsiya esa AQSH tomonidan tayyorlangan boʻlib, unda Rossiyaning harbiy agressiyasi qoralanmagan. Urush “konflikt” deb atalgan va Rossiya bosib olgan Ukraina hududlari, xalqaro huquq buzilishlari hamda Ukraina hududiy yaxlitligini tiklash zarurati tilga olinmagan.
Yevropa davlatlari tashabbusi bilan hujjatga oʻzgartishlar kiritilib, unda Ukraina hududiy yaxlitligini saqlash va “adolatli tinchlik”ka erishish kabi nuqtalar qoʻshildi. Ushbu oʻzgarishlardan keyin ham rezolyutsiyani 93 davlat qoʻllab-quvvatladi. AQSH va Ukraina hamda yana 70 dan ortiq davlat ovoz berishda neytral qoldi. Rossiya esa ushbu hujjatga qarshi ovoz berdi.
BMTda qabul qilingan ushbu turli xil rezolyutsiyalar xalqaro hamjamiyatning Ukrainadagi urushga nisbatan qarashlarida hanuz bir xil fikr yoʻqligini koʻrsatmoqda. Xalqaro munosabatlarda bu jarayon tinchlik muzokaralariga taʼsir oʻtkazishi mumkin.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring