AQSH Ukraina va Rossiyaga tinchlikka erishish uchun “marra” koʻrsatdi

13:01 25 Aprel 2025 Dunyo
292 0

Foto: AP

AQSH prezidenti Donald Tramp maʼmuriyati Ukraina va Rossiyaga tinchlikka erishishning aniq rejasini taqdim etdi, biroq uni amalga oshirish uchun har ikki tomonning roziligi kerak. Bu fikrlarni AQSH davlat kotibi Marko Rubio Tramp va Norvegiya bosh vazirining Oq uyda boʻlib oʻtgan uchrashuvida aytib oʻtdi.

“Biz hamkorlarimizga urushni tugatish boʻyicha aniq qadamlar taklif qildik. Mojaroga chek qoʻyish mumkin, lekin har ikki davlat ham bizning yondashuvimizga “Ha” deyishi kerak. Biz ularga yoʻl va “marra”ni koʻrsatdik – endi hammasi ularning qaroriga bogʻliq”, – deydi Davlat kotibi.

Shu oʻrinda Rubio AQSH maʼmuriyati oʻzaro kelishuvga erishish uchun “barcha harakat”ni amalga oshirishini taʼkidladi.

“Bizning vazifamiz – tomonlar taklif qilingan shartlarni nihoyat qabul qilishini taʼminlash”, – deya qoʻshimcha qildi u.

Davlat kotibi, shuningdek, mojaroni hal qilish boʻyicha yangi muzokaralar kelgusi hafta oxirigacha rejalashtirilayotganini aytdi.

Tramp avvalroq Rossiya Ukraina boʻyicha tinchlik bitimi tuzishga tayyorligini aytgan edi. Shu oʻrinda Oq uy rahbari Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning pozitsiyasini asosiy toʻsiq deb atadi. Gap shundaki, diplomatik saʼy-harakatlar va ittifoqchilar bosimiga qaramay, Kiyev Vashingtonning asosiy takliflarini, jumladan Qrimni Rossiyaning bir qismi sifatida tan olish ehtimolini ham rad etdi.

“Bu adolatdan emas. Lekin tinchlik uchun bu vaqtinchalik yechim boʻlishi mumkin” Vitaliy Klichko

Kiyev meri Vitaliy Klichkoning aytishicha, Ukraina mojaroni hal qilish uchun tinchlik jarayonining bir qismi sifatida hududlardan voz kechishi kerak.

“Ssenariylardan biri hududdan voz kechish. Bu adolatdan emas. Lekin tinchlik uchun bu vaqtinchalik yechim boʻlishi mumkin”, – dedi u.

Klichkoning soʻzlariga koʻra, Zelenskiy hozirgi sharoitda shunday qaror qabul qilishga majbur boʻladi.

Shu yilning 24-aprel kuni “The New York Times” gazetasi Kiyev hududiy murosaga kelishi kerakligini yozdi. “Financial Times” nashri ham Ukrainaning Yevropadagi ittifoqchilari Kiyevni hududiy yon bosishga koʻndirishga urinayotganini qayd etdi. Nashr manbasiga koʻra, Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya Qoʻshma Shtatlar Ukrainadagi vaziyatni tinch yoʻl bilan hal qilish boʻyicha muzokaralardan chiqib ketishi mumkinligidan xavotirda. Shu munosabat bilan London, Berlin va Parij Kiyev bilan murosa topishga urinib, Ukraina rahbariyatini muzokaralarning yakuniy bosqichida bir qator hududlardan voz kechish zarurligiga ishontirmoqda.

Oldinroq, AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens, agar takliflariga ijobiy javob olmasa, Vashington muzokaralar jarayonidan chiqib ketishi bilan tahdid qildi.

“Biz har ikki tomon – Rossiya va Ukrainaga juda aniq taklifni ilgari surdik va ular yo “Ha” deyishlari yoki AQSHning bu jarayondan chiqishi vaqti keldi”, – degandi u.

AQSHning tinchlik rejasi qanday?

Avvalroq, Buyuk Britaniyaning “The Telegraph” nashri AQSHning Ukraina uchun yetti banddan iborat tinchlik rejasi haqida yozgandi. Manbaga koʻra, dastlabki ikki band zudlik bilan oʻt ochishni toʻxtatish va Moskva va Kiyev oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralarni boshlashni oʻz ichiga oladi. Uchinchi bandda Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qoʻshilish imkoniyatini saqlab qolgan holda NATOga aʼzo boʻlishdan bosh tortishi qayd etilgan.

Toʻrtinchi va beshinchi bandlar hududiy masalalarga tegishli. Nashrning yozishicha, AQSH Rossiyaning Qrim ustidan suverenitetini tan olishga, 2022-yilda Rossiya tarkibiga kirgan toʻrtta hududni (Xerson, Zaporojye viloyatlari, Donesk Xalq Respublikasi, Lugansk Xalq Respublikasi) amalda Rossiya Federatsiyasi nazorati ostidagi deb tan olishga tayyor.

Oltinchi band AQSH va Ukraina oʻrtasida resurs shartnomasini imzolashni oʻz ichiga oladi. Yettinchi bandda Moskva va Vashington oʻrtasida yangi munosabatlar oʻrnatish, energetika sohasida hamkorlik va Amerika sanksiyalarining barchasi bekor qilinishi mumkinligi koʻzda tutilgan. Rejada Zaporijye atom elektr stansiyasini AQSH nazoratiga oʻtkazish taklifi ham mavjud.

Nashrning taʼkidlashicha, buning evaziga Ukraina Yevropadan xavfsizlik kafolatlari, tovon puli va rekonstruksiya uchun yordam oladi va Rossiya Xarkov viloyatining Rossiya Qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan qismini tark etadi.

Zelenskiy Qrimni bermoqchi emas

Vladimir Zelenskiyning aytishicha, Ukraina oʻz hamkorlari taklif qilgan hamma narsani qilishga tayyor, biroq oʻz konstitutsiyasiga zid harakatlarni amalga oshirmaydi.

U shu oʻrinda hozirda Rossiyaga Gʻarb tomonidan bosimni “koʻrmayotganini” qoʻshimcha qildi.

Ukraina yetakchisining aytishicha, Kiyev Qrimni Rossiyaning bir qismiga aylantiradigan hech qanday kelishuvni qabul qilmaydi. Ukraina “Qrimning bosib olinishi”ni tan olishdan qonuniy ravishda bosh tortadi, chunki bu mamlakat konstitutsiyasiga ziddir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер