AQSH Kuba ustidan “doʻstona” nazorat oʻrnatishi mumkin

20:38 10 Mart 2026 Dunyo
421 0

AQSH Kuba statusini oʻzgartirishning turli variantlarini, jumladan, orol ustidan nazorat oʻrnatish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda. Bu haqda Amerika yetakchisi Donald Tramp Floridadagi matbuot anjumanida Gavana bilan ehtimoliy kelishuv haqidagi savolga javob berayotib maʼlum qildi. Uning soʻzlarini TASS agentligi keltirmoqda.

“Bu doʻstona tarzda sodir boʻlishi mumkin yoki yoʻq. Buning ahamiyati boʻlmaydi, chunki ular haqiqatan ham chorasiz ahvolda. Ularda energiya yoʻq, pul yoʻq. Ular eng chuqur gumanitar inqirozni boshdan kechirishmoqda va biz buni koʻrishni istamaymiz”, — dedi respublikachi prezident.

Trampning fikricha, Kubaning hozirgi ogʻir ahvoli har qanday holatda ham kelishuvga erishishni muqarrar qiladi. Uning qoʻshimcha qilishicha, Kuba hukumati yo kelishuvga rozi boʻladi, yoki AQSH baribir hokimiyat almashinuvini “osonlik bilan” amalga oshiradi.

Shuningdek, AQSH Adliya vazirligi Kuba hukumati mulozimlariga nisbatan jinoiy ayblovlar qoʻyish imkoniyatlarini oʻrganuvchi maxsus ishchi guruh tuzgan.

Tramp AQSH Kubaga keladigan barcha neft va mablagʻ yoʻllarini (xususan, Venesueladan keladigan manbalarni) yopib qoʻyganini va bu siyosat oʻz samarasini berayotganini taʼkidladi. Asli kelib chiqishi kubalik boʻlgan AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ushbu yoʻnalishdagi muzokaralarni yuqori darajada olib bormoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?