Anorzorlar malikasi

13:57 05 Aprel 2018 Jamiyat
4423 0

Ocherk

Bu erni Quva deydilar. Purviqor haykali faqat Farg’onada emas, qadimiy Misrdagi eng gavjum go’shalardan birida ham savlat to’kib turgan, azim Nil suvi hajmini o’lchay olgani bilan alohida dovrug’ qozongan buyuk mutafakkir Ahmad Farg’oniyning beshigiga yog’och bergan joy — mana shu.

Aytishlaricha, qadimda xitoyliklarning havasini keltirgan, ko’hna tarixga oid  kitoblarda maqtab o’tilgan, chopag’onlikda tengsiz Farg’ona otlari, asosan, shu makondan tarqagan ekan. Quva nomining kelib chiqishi borasida turli taxminlar mavjud. Shular ichida, bu so’z “quvoq”dan paydo bo’lgani haqidagisida jon bordek: poygada boshqa otlardan keyinroq yugurib ham barchasini quvib o’taveradigan chopqir tulporni “quvoq” deyishadi.

Xonandalikda alohida maktab yaratgan Tavakkal Qodirov, bulbulnafas Isroiljon Usmonov, g’ijjak ilmining hozirgi pir-ustozi Abduhoshim Ismoilov, mumtoz qo’shiqlarimizning mahoratli ijrochilari sirasiga kiruvchi Mahmudjon Tojiboev, nolasi shirin xonanda Abdulxay Karimov singari nomdor san’atkorlari bilan boshqacha g’ururlanuvchi Quvaning yana bir faxri bor.  Bu diyor o’zining boltomar qayumi anorlari bilan yurtimizdan chetdagi bozorlarida ham necha zamonlar dong taratib kelgan. Bir davrlar bu erda anorchilik davlat xo’jaligi tashkil etilgan esa-da, fermerchilikka o’tish boshlangach, faoliyati so’nib qolgandi. Endi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan azal-azaldan Quvaning tashrifnomasi hisoblanmish anorchilikni qaytadan rivojlantirishga kirishildi.

Bundan bir necha yillar oldin ma’rifatparvar adibamiz Tursunoy Sodiqova, taniqli shoira Farida Afro’z bilan birga Farg’onada talay adabiy uchrashuvlar o’tkazgandik. O’shanda o’zaro suhbatimizda axloq-odobdan gap ochilib, Tursunoy opa bir voqeani so’zlab beruvdi. Aytishicha, mustaqillikdan avval Surxondaryoda bo’lgan yirik anjuman ishtirokchilari mehmonxonaga joylasha boshlabdi. Mehmonlarning aksariyatiga ikki-uch kishilik xonalar berilib, faqat uch nafariga bir kishilik lyukslar ajratilibdi. Bunday “alohida”lar orasida navqiron yoshidayoq respublika rahbari Sharof Rashidovning nazariga tushib, anorchilik davlat xo’jaligini boshqarayotgan, nomi gazeta-jurnallar, teleekranlarda jaranglab kelayotgan, ko’ksida deputatlik nishoni chaqnab turgan Mastura Sayfuddinova ham bor ekan. U kalitni olib, yuzlari o’zi etishtirayotgan anorlardek qizarganicha, tevarakka alanglabdi. Tursunoy opaga ko’zi tushgach, voy, sizdek aziz opaxonlar turganda men lyuksda yotamanmi, debdi. Qo’ying-qo’yingga qaramay, kalitni  almashtirib olibdi.
— Ana axloqu, ana odob! — degandi o’shanda Tursunoy opa. — Bir kunlik go’dakligidanoq uyida yaxshi tarbiya ko’rishni boshlagan odamgina shunaqa bo’lib o’sadi.

Nasib qilgan ekan, oradan yillar o’tib, mana, o’sha Masturaxon bilan yangi anorzorlar barpo etilayotgan toshloq dala yoqasidagi ixchamgina, ko’rkamgina shiyponda yuzma-yuz suhbatlashib o’tiribman. Dalani kezish chog’ida ko’chat shoxi yumdalab o’tgan qo’limni yashirishga uringancha, uni ketma-ket savolga tutaman. Orada daftarni sal-pal qoralab qo’yaman-u, tag’in qo’limni yashiraman. 

— Bir kuni viloyat markaziga chaqirib, to’satdan hokimga ro’para qilib qolishdi, — deya muloyim jilmayadi Masturaxon. — Gap nimadaligini bilmay dovdirab turganimda, “Quvada anorchilik agrofirmasini tashkil qilamiz, uni siz boshqarasiz”, deb qoldi hokim. Bir sapchib tushib, voy, endi bunaqa ishlarni sog’lig’im ko’tarishi qiyin, desam, ko’rib turibman — otdeksiz, eng muhimi, bu sohada etarli tajribangiz bor, bugundan boshlab ikkalamiz ham Prezidentimizning topshirig’ini bajarishga kirishamiz, nima yordam kerak bo’lsa aytaverasiz, deb hokim shartta gapimni kesdi. Shu-shu, yana daladaman. 

* * *
“Farg’ona anorzori” agrofirmasiga birgina Quva emas, Quvasoy va Toshloq tumanlarining bir-biriga tutash bo’lgan hududidan adirli erlar ajratildi. Er o’rkach-o’rkach bo’lsa-da, sershabada ekani bois ekinzorlarning bir qismi anor o’stirishga juda mos tushgandi. Anor degani dimiq joyni yoqtirmaydi.

Birinchi yilning o’zidayoq ikki yuz etmish gektar er o’zlashtirilib, ellik gektariga ko’chatlar o’tqazildi, ozroq bo’lsa-da, daromad olib turish maqsadida eryong’oq, turp, sholg’om singari oraliq ekinlar ekildi. Bu yil yana uch yuz gektardan ziyod er ochildi. Jami ekin maydoni yaqin kelajakda ikki ming gektarga etadi. Shunisi hayratlanarliki,  ekilgan ko’chatlarning bo’liqlari keyingi yilning yozidayoq besh-o’ntadan hosil tugdi. Demak, nihollarga bu joylar yoqibdi. Er yoqsa bas, gurkirab-gurkirab o’saveradi. 

Bu yumushning ikkita nozik jihati bor, biri — suv, ikkinchisi — sara ko’chat. Ikkoviyam doimo jamoaning diqqat markazida turishi shart. Aks holda, butun boshli ish chippakka chiqadi, barcha urinish behuda ketadi.
Suv to’satdan uzilib qoladigan bo’lsa, barmoq tishlab turmaslik uchun, drenaj quduqlar kovlanmoqda. Hozir rejadagi ettita quduqdan ikkitasi qazib bo’linib, elektr tarmog’iga ulandi. Oqar suv berish noqulay bo’lgan tik o’rkachli joylarda tomchilatib sug’orish yo’lga qo’yilayapti. Daromad ko’payaversa, bora-bora  shu usulga to’liq o’tiladi.

Anorning turi ko’p, biri sovuqqa o’ta chidamsiz, biri mayda donali, biri tez yoriluvchan, biri taxirroq. Hatto agrofirmada parvarishlash uchun eng maqbuli deb topilgan, bir davrlar o’zining beqiyos ta’mi, o’ta sersuvligi bilan o’zga turdoshlarini bozordan siqib chiqargan qayumi anorlarining ham boshqasi bilan tabiiy chatishuv natijasida sal ayniganroq xillari bor. Shu sababdan, bu ishga alohida e’tibor bilan qaralmoqda. Ko’chatlarni duch kelgan joydan sotib olavermay, ota-buvasidan tortib, shu yumush bilan shug’ullanib kelgan O’raboshi, Soykeldi, Masturaxonning o’zi tug’ilib o’sgan Tolmozor kabi qishloqlardagi ishonchli ko’chatchilarga buyurtmalar berildi. Shart shu — orada boshqacha nav chiqib qolsa, o’rniga beshta ko’chatni tekinga berishadi. Lekin ish bu darajaga etib bormasligi aniq, ulardan hali birorta xaridor pand emagan. 

* * *
Tushlikka navbat etdi. Masturaxonning turmush o’rtog’i, atoqli adibimiz Ibrohim Rahimning akasiga o’g’il bo’lmish Bahodirjon pishirgan tatimlidan tatimli qaynatma sho’rvani, chapanicha aytganda, kaldek terlab tanovul qildim.

— Nega Ibrohim amakimni hech eslamay qo’yishdi? — deb so’rab qoldi Bahodirjon. — Bir paytlar uni osmonga ko’tarib yurgan adabiyotshunoslar qayoqqa ketdi?

— Ba’zilari bor, ko’plari o’tib ketdi, — dedim, qo’limdagi kosani xontaxtaga qo’yib. — Lekin Ibrohim aka eslab turilibdi. Chamasi, o’zingiz gazeta-jurnallardan, kitoblardan uzoqlashibroq qolganga o’xshaysiz.
Bu ham to’g’ri, degandek sokin bosh qimirlatib qo’ydi Bahodirjon. U kosaga yarimlatib quyilgan sho’rvasini tez-tez simirib, xonadan chiqib ketdi. Biz ham kosalarni birin-ketin bo’shatib, novvotli na’matakda damlangan choyni icharkanmiz, suhbatimiz oqavasi yaqin o’tmish o’zaniga burila bordi.

Diniy ilmdan tashqari dunyoviy ilmlarga ham mukkasidan ketgan, shu bois keng fikrlovchi Sayfuddin mahsum oilasida tug’ilgan Masturaxon kenja farzand bo’lgani uchun hammaning erkatoyi edi. Onasi Saodatxon aya goh uning qo’liga supurgi tutqazib, “Yur men bilan, anorlarning tagini supurib qo’yaylik”, desa, qiz taysallanib, Anorning tagini ham supuradimi”, deya lab burarkan, onasi esa, “Ko’chatlar ostida qushlar, it-mushuklar o’ralashib yuradi, anorga ularning iflosi tegsa, bozordagi xaridorlarga haromni tutqazib gunohga botaylikmi”, der ekan. Qarang-a, xaridorning haqiga xiyonat qilish u yoqda tursin, hatto molini nojo’ya tarzda sotishdan qo’rqadigan odamlar bor ekan. 

— Ovqatni tanlab eb, kiyimlarni chertib kiyadigan tamtamgina qiz edim, — deya bir entikib qo’yadi Masturaxon. — Nima sababdan dala ishlariga aralashib qolganimni, qanday qilib anorchilik davlat xo’jaligi rahbariga aylanganimni, o’ylab-o’ylab, o’zim ham hanuz tagiga etolmayman.

Ayni kuch-g’ayratga to’lgan chog’lari ekan-da! Kun bo’yi yugur-yugurdan bo’shamas, uyga ko’pincha yarim tunga yaqin qaytib, tong sahardayoq yana ishga otlanardi. Dam olish kunlari uyda bemalol o’tirish tugul, hordiq oyiga chiqishgayam vaqt topolmagan paytlari ko’p bo’lgan. Baribir charchoq neligini bilmasdi. Goh u ishni, goh bu ishni bitirib olishga berilib ketib, uyidagilarning to’y haqidagi gaplarini eshitmaganga olib yura-yura,  kech turmush qurdi. Kech bo’lsa-da, o’z jufti halolini topib olishiga bir o’tirishda tanishib qolgan etmish yoshli ayolning nadomatli so’zlari sababchi bo’lgandi. 

— Uzoq vaqt nufuzli joylarda ishlab yuraveribman, — debdi o’sha ayol. — Bir yumalab qarasam, sochimda qora qolmabdi. Hozir hamma narsam bor: dang’illama uy, biri-biridan qimmatbaho buyumlar, qator-qator tilla taqinchoqlar, yollanma haydovchisi labbaylanib turadigan yarqiroq mashina. Eganim oldimda, emaganim ortimda. Xohlasam, chet ellarga sayrga chiqaman. Lekin, endi bularning bittasiyam menga tatimaydi. Iloji bo’lsaydi, shularning barini yoshligimda birga chimildiqqa kirib, hozir  yonimda vaqillashib o’tiradigan munkilloq bir cholga, mendan keyin uyimning chirog’ini o’chirmay yuradigan bittagina farzandga jon-jon deb almashtirgan bo’lardim. 

O’sha gap miyasiga mixlanib qolganmi, shuncha yashab, ayol sifatida topgan eng katta baxtingiz nima deb so’rasangiz, eng katta baxtim — bola ko’rib, onalik gashtini sura olganim, deya javob qiladi Masturaxon.
* * *
Ham ona, ham rahbar bo’lish boshda oson kechmadi. Birinchi farzandi Islombek bor-yo’g’i o’ttiz olti kunlik bo’lganida, uzilayotgan anorlar xo’jalik omboriga sig’may ketganini eshitib, chidab turolmadi. Uning tashvishidan xabar topgan qaynonasi ahvolni tushunib, siz ishga g’irillab borib kelavering, bolaga o’zim qarab turaman, deb onalarcha mehr ko’rsatdi. Ishga “g’irillab borib kelish”lar bir necha kunga cho’zildi, oxiri anorlarga xaridor topib, ko’ngli tinchidi. 

Uning o’z ishiga nisbatan mas’uliyati, anorga bo’lgan mehri hanuz o’sha-o’sha.

— Mutaxassislar solishtirib ko’rishibdi, — deya anor kesib qo’yilgan ikkita tovoqchadan birini men tomonga surganicha, yana bugungi mavzuga qaytdi Masturaxon. — Boshqa ko’p yurtlardagi anorlar ichida foydali elementlarga eng boyi, eng shifobaxshi Quvaning qayumi anori ekan. Uchraganda bir eb qoling.

Bundan bir hafta avval qattiqqina shamollab qolgach, beshta osma ukol olib davolanganim tufayli, shifobaxsh bo’lsa, juda menbop ekan, deya tezda ishga kirishdim. Yoshligimda rahmatli Sarviniso buvim oldimga anor qo’yib, to’kmasdan egin, bularning ichida bittagina donasi har qanday dardga davo bo’larkan-u, o’shanisi qochib ketishga urinaverarkan, degani esimga tushib, bittayam qoldirmasdan edim.
Masturaxon ikkimiz anorni basma-bas ta’riflashga tushamiz:

— Anorning boshida toji bor, mevalarning chinakam poshshosi! 

— Har qaysi anorning ichi — bitta yurt, donalari — fuqarolar. Qarab ko’ring, ular qanchalar jips, qanchalar ahil. 

— Xuddi o’zbeklarga o’xshaydi.

— Unda, hammasi birdek shifobaxsh deyavering...

Hovlimizdagi anorlar pishishni boshlaboq, yoppasiga yorilishga tushardi. Nega oltiariqliklarning anori yoriladi-yu, quvaliklarniki yorilmaydi? So’rab bilsam, Quva anorzorlaridagi hosilning ham o’n besh — yigirma foizi yorilib qolarkan. Balki shuni nazarda tutib, anor sharbati tayyorlaydigan tsex qurishni ko’zlashayotgandir. Bunday tabiiy sharbat xorijda ham rosa qo’lma-qo’l bo’pketsa kerag-ov!

Oyoqlarim zirqiray boshlaganidan havo ayniyotganini sezdim. Yomg’irda qolib ketishdan cho’chib, yo’lga shaylandim.

— Osh emasdan siljish yo’q! — deb keskin ovozda gapirdi, xonaga kirib kelgan Bahodirjon. — Sizning kelganingiz bahona bu xonim ham sal ishtaha bilan ovqatlansa, ajabmas. Agar qistab turmasam, kun bo’yi tuz totmasdan yuraveradi. 

Mashinaga chiqayotganimda, Masturaxon bir gapni qo’shimchalab qoldi:

— Ie, sizga birinchi raqamli anorimizni ko’rsatmabman-ku!

Gap nimadaligini bilsam, yangi erlarga anor ekishayotib, egat boshidagi bitta chuqurchani bo’sh qoldirishibdi. Yurtboshimiz qachonlardir biz tomonga kelib qolsalar, shuni o’zlari ekadilar, deb, bir tup ko’chatniyam ajratib qo’yishibdi. O’sha ko’chatni alohida idishga ekib o’stirishayotgan ekan.

E, qoyil! Yorug’ dunyodagi eng go’zal narsalar, eng shirin xotira qoldiruvchi ishlar yaxshi niyatdan tug’iladi.

Anvar OBIDJON,
O’zbekiston xalq shoiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер