“Angren–Toʻraqoʻrgʻon” yoʻlida zamonaviy servis majmuasi barpo etilmoqda

10:37 18 Noyabr 2025 Jamiyat
253 0

Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanida amalga oshirilayotgan mazkur loyiha “Angren–Toʻraqoʻrgʻon” yoʻlining Kumidon qishlogʻidan oʻtuvchi qismida barpo etilmoqda. Xalqaro tajriba asosida qurilayotgan “Service Point” majmuasi viloyatda bu yoʻnalishdagi ilk loyihaga aylanadi.

— Bosh pudratchi – “Kelajak mega stroy” masʼuliyati cheklangan jamiyati kuni kecha bu yerda tuproq ishlarini bajarishga kirishdi, — deydi tuman hokimining birinchi oʻrinbosari Qudratbek Sohadillayev. — Umumiy qiymati 50 mlrd soʻmni tashkil etadigan loyiha kelgusi yilning uchinchi choragida nihoyasiga yetkaziladi.

Qurilishi boshlangan majmua tarkibida yiliga 100 mingdan ortiq transport vositasiga xizmat koʻrsata oladigan, 24/7 tartibda ishlaydigan zamonaviy logistika markazi, avtoturargohlar, texnik xizmat koʻrsatish punktlari, yoqilgʻi quyish shoxobchalari, umumiy ovqatlanish maskanlari, shuningdek, zamonaviy motellar barpo etiladi. Bu yerda 200 dan ziyod ish oʻrinlari yaratilishi koʻzda tutilgan.

Taʼkidlash lozimki, viloyat uchun yangilik boʻlgan mazkur “Service Point” majmuasi yoʻlboʻyi servislarini, logistika va avtoturizm sohalarini rivojlantirishda strategik ahamiyat kasb etadi. U nafaqat haydovchi va yoʻlovchilar uchun qulayliklar yaratadi, balki hududning iqtisodiy salohiyatini oshiradi, tadbirkorlar uchun yangi imkoniyat va istiqbolli tashabbuslarga keng yoʻl ochadi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?