Andijonda 86 ta mahalladagi muammo ijobiy yechim topmoqda

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Andijon viloyatida respublikamiz Prezidentining “Kambagʻallikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar aholi turmush sharoitini tubdan yaxshilashga xizmat qilmoqda. Misol uchun, “Norin-Qoradaryo” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tomonidan ichki ariqlarni betonlash ishlari olib borilyapti.
— Avvallari qishloq xoʻjaligi ahamiyatiga molik boʻlgan ariq va kanallarni loyihalashtirish ishlari amalga oshirilar edi, — deydi boshqarma muhandisi Azizbek Soliyev. — Endilikda viloyatning oʻzida 68 ta obyektda ichki ariqlarni betonlashga kirishilgan. Buning natijasida suvni tejash va sharoiti ogʻir hududlardagi tomorqalarni ham sugʻorish imkoniyati yaratilmoqda. Loyiha ishlari foydalanishga topshirilgach, 23 mlrd. soʻm mablagʻni iqtisod qilishga erishiladi.
Paxtaobod tumanidagi “Nodirabegim” MFY aholisi ham bu saʼy-harakatlardan minnatdor. Boisi 250 ta xonadonning 94 tasida tomorqani sugʻorish masalasi muammoga aylangan edi.
— Ariqlarni betonlash orqali suv yetib bormayotgan manzillardagi tomorqalarni ham sugʻorish imkoni vujudga keldi, — deydi mahalla faoli Mavludaxon Abdullayeva. — Buning natijasida har bir xonadon egasi bir yilda oʻrtacha 7-10 mln. soʻm qoʻshimcha daromad olishi mumkin boʻladi.
Olib borilayotgan bu kabi ishlar natijasida viloyatdagi 86 ta mahallada tomorqalarni sugʻorish bilan bogʻliq muammolar ijobiy yechim topmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring