Andijonda 3 ta hududda kichik sanoat zonalari barpo etilmoqda

10:21 11 May 2021 Iqtisodiyot
972 0

Davlatimiz rahbarining respublikamiz boʻylab har galgi safarlari eng avvalo, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish va xalq turmushini yaxshilash uchun yangi imkoniyat eshiklarini ochib bermoqda. Jumladan, Prezidentning 2020-yil 21-22-may kunlari Andijon viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqqa asosan 3 ta tumanda yangi kichik sanoat zonalarini tashkil etishga kirishildi. Buning uchun Ulugʻnor tumanidan 2 gektar, Oltinkoʻl tumanidan 1,5 gektar hamda Xoʻjaobod tumanidan 5 gektar yer maydonida ajratildi.

— Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi “Maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan hududlarda 4 ta suv inshooti qurilib, 2 km. masofaga ichimlik suvi tarmogʻi tortiladi, — deydi “Andijon suv taʼminoti” MCHJ direktori Shuhratbek Matmusayev. — Buning natijasida sanoat hududlariga birinchi boʻlib toza ichimlik suvi yetib keladi.

Har qanday qurilish obyektida, eng avvalo, qulay kommunikatsion sharoit barpo etish maqsadga muvofiqdir. Bu tabiiyki, ish sharoiti va uning sifatini taʼminlaydi. Ana shu maqsadda hukumatimiz tomonidan yangi barpo etilayotgan sanoat zonalariga kommunikatsiya tarmoqlarini tortish uchun 8,7 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlib, uning hisobidan 4,1 km. ga tabiiy gaz tarmogʻini tortish va 11,9 km. ga elektr energiyasi liniyasi oʻtkazish ishlari bajariladi.

Amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar respublikamiz iqtisodini yana-da yuksaltirishga xizmat qiladi. Yaʼni, 42,5 mlrd. soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, 4,7 mln. AQSH dollarlik mahsulot eksport qilinishi koʻzda tutilgan. Buning uchun 43 ta tadbirkorlik subyektlarini joylashtirish hisobiga 45,9 mlrd.soʻmlik investitsiya oʻzlashtiriladi. Amalga oshirilayotgan keng koʻlamdagi ishlar natijasida 2021-yilning oʻzida 915 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishi rejalashtirilgan.

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер