Andijon viloyatida imkoniyati cheklangan saylovchilar ovoz berishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan

17:48 09 Iyul 2023 Jamiyat
415 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Ayni paytda viloyatdagi saylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni qizgʻin davom etmoqda. Buning uchun 928 ta saylov uchastkasida 1 million 684 ming 822 nafar saylovchi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xususan, Andijon shahridagi 30-umumtaʼlim maktabi binosida faoliyat koʻrsatayotgan 51-saylov uchastkasida 1 ming 587 nafar fuqaroning ovoz berishi koʻzda tutilgan.

— Saylov uchastkamiz hududida istiqomat qiluvchi 15 nafar fuqaro yashash joyida boʻlish imkoniyatiga ega emasligi uchun muddatidan oldin ovoz berishdi, — deydi saylov uchastka komissiyasi raisi Nozimaxon Xolboboyeva. — Imkoniyati cheklangan 21 nafar hamyurtimiz esa koʻchma ovoz berish qutilari orqali jarayondagi ishtiroki taʼminlandi. Fuqarolarimiz muhim siyosiy jarayonga befarq emaslar. Buni ovoz berish uyushqoqlik bilan davom etayotgani misolida yaqqol kuzatish mumkin.

Ushbu saylov okrugida 26 nafar yigit-qiz bugun ilk bor konstitutsion huquqidan foydalanmoqdalar. Ulardan biri Muhammadali Noʻmonov bilan saylov uchastkasida suhbatlashdik.

— Hayajonim nihoyatda cheksiz, — deydi u. — Sababi, Prezident saylovida ilk bor ishtirok etmoqdaman. Mening ham ovozim yurt taqdiriga daxldor ekanligidan juda mamnunman. Munosib nomzodga ovoz berdim, deb umid qilaman.

Aytish joiz, viloyatda 22 ming 507 nafar fuqaro muddatidan oldin ovoz bergan boʻlsa, 7 ming 911 nafari saylovda ilk bor ishtirok etmoqda. Imkoniyati cheklangan 8 ming 571 nafar saylovchining ovoz berish jarayonidagi ishtirokini taʼminlash uchun koʻchma qutilardan foydalanilyapti.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?