Andijon tibbiyot institutiga universitet maqomi beriladi

14:03 16 Aprel 2025 Siyosat
142 0

Andijon viloyatida Prezident raisligida oʻtayotgan yigʻilishda ijtimoiy soha masalalariga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Davlat rahbari tibbiyotda Andijon brendini yaratish boʻyicha barcha imkoniyatlar borligini taʼkidladi.

Bu borada oʻtgan yili 650 oʻrinli klinika Andijon davlat tibbiyot instituti balansiga oʻtkazilib, uni taʼmirlash va jihozlashga 180 milliard soʻm berildi. Bu 11 ming talabaga bir vaqtni oʻzida ham oʻqish, ham amaliyot oʻtash imkonini beradi.

Institutdagi simulyatsion markazda tibbiyot xodimlari malakasini 2 bosqichda baholash tizimini yoʻlga qoʻyish, klinika yoniga travmatologiya, pediatriya va jarrohlik, ginekologiya boʻlimini qurib, klasterga aylantirish tashabbuslari qoʻllab-quvvatlandi. Bunga yana 100 milliard soʻm ajratilishi maʼqullandi.

Simulyatsion markazda sinovdan oʻtgan tibbiy xodimlarga qoʻshimcha 100 foiz ustama berilishi belgilandi.

Hozir 2 ming nafar namanganlik yoshlar Andijonga qatnab oʻqiyotganini hisobga olib, Namangan davlat universitetidagi tibbiyot fakulteti Andijon tibbiyot instituti filialiga aylanadi. Bu filial keyinchalik mustaqil oliygoh darajasiga olib chiqiladi, Andijon tibbiyot institutiga esa universitet maqomi beriladi.

Umuman, Qirgʻiziston, Tojikiston, Xitoy va Hindistondan kelib oʻqimoqchi boʻlganlar hisobiga, viloyatda tibbiy taʼlim eksportini yiliga 20 million dollardan oshirish mumkinligi taʼkidlandi. Mutasaddilarga xorijdan kelib oʻqiyotgan talabalar uchun “talaba vizasi” joriy qilish boʻyicha bir oyda taklif kiritish topshirildi.

Andijondagi 400 dan ziyod mahallada aholiga tunu kun xizmat koʻrsatadigan xususiy tibbiyot punktlari tashkil qilindi. Bu yerda qon bosimini oʻlchash, ukol qilish, fizioterapiya kabi birlamchi oddiy xizmatlar koʻrsatiladi.

Prezidentimiz bu tajribani maʼqullab, mutasaddilarga bu yil ushbu tizimni qolgan viloyatlardagi kamida 100 tadan mahallada yoʻlga qoʻyishga topshiriq berdi.

Andijonda zamonaviy xususiy klinikalar tashkil etish uchun olti oy davomida sotilmagan davlat obyektlari tadbirkorlarga toʻgʻridan-toʻgʻri 5-yil muddatga ijaraga beriladi, keyinchalik bu obyektlar ularning oʻziga xususiylashtirib beriladi.

Soʻnggi yillarda texnikumlar boʻyicha ham katta islohotlar boʻldi. Lekin Andijondagi 56 ta texnikumning barchasida ham ishlar yangicha tashkil etilmayapti.

Masalan, Andijon 4-son texnikumi va Paxtaobod 2-son texnikumida talabalarning bir vaqtning oʻzida oʻqishi va ishlab, daromad topishi boʻyicha ijobiy tajriba yaratilgan.

Maktablardagidek oʻz ustida ishlab, salohiyati va koʻnikmasini oshirgan direktorlarni ragʻbatlantiradigan tizim endilikda texnikumlarda ham joriy qilinishi belgilandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер