“Andijon” klubi Turkmaniston chempioni bilan durang oʻynadi

Kecha, 17-sentyabr kuni Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tomonidan oʻtkaziladigan klublar miqyosidagi eng nufuzli musobaqalardan biri — Osiyo chempionlar ligasi II turnirida 1-tur oʻyinlari davom ettirildi. Kun doirasidan oʻrin olgan bahsda Oʻzbekiston kubogi sohibi “Andijon” klubi Turkmaniston chempioni, qolaversa, oʻtgan yili boʻlib oʻtgan OFK Chaqiruv Ligasi musobaqasi gʻolibi “Arkadag” jamoasi bilan kuch sinashdi.
Taʼkidlash kerakki, bu “Andijon” klubining xalqaro maydondagi dastlabki rasmiy oʻyini edi. Shu vaqtga qadar “Paxtakor”, “Bunyodkor”, “Nasaf”, “Lokomotiv”, OKMK, “Navbahor”, “Neftchi”, “Mashʼal”, “Shoʻrtan”, “Dinamo”, “Doʻstlik” kabi 11 ta jamoa xalqaro maydonda Oʻzbekiston sharafini himoya qilgan. Kecha “Andijon” klubi ular qatoriga oʻn ikkinchi klub sifatida qoʻshildi.
Jamoa musobaqadagi birinchi oʻyinini Turkmanistonda “Arkadag” jamoasiga qarshi oʻtkazdi. Lekin ushbu bahsda nursiz durang natija qayd etildi.
Eng yomoni, “burgutlar” butun oʻyin davomida raqib darvozasiga birorta aniq zarba yoʻllay olishmadi. Xoʻsh, bunga nimalar sabab boʻldi? Bugun ushbu mavzuni koʻrib chiqamiz.
Seleksiya
“Andijon” jamoasi yozgi transferlar oynasida yetarli darajada tarkibni kuchaytira oladigan futbolchilar bilan shartnoma imzolay olmadi.
Faqatgina darvozabon masalasida bunday deya olmaymiz. Birinchi davrada ishonchni oqlay olmagan Valijon Rahimov jamoadan ketdi. Uning oʻrni esa Qirgʻiz Respublikasi terma jamoasi posboni Erjon Tokotayev bilan toʻldirildi. Albatta, ushbu transferni OCHL darajasida deb baholash mumkin.
Lekin jamoaga “Paxtakor”ning zaxira futbolchilari Shahzod Azmiddinov, Saidumarxon Saidnurallayev, Muhammadali Usmonov va Otabek Joʻraqoʻziyev kabi futbolchilar olindi. Toʻgʻri, bu futbolchilar “Andijon” jamoasi saviyasiga toʻgʻri keladi, ammo OCHL saviyasiga emas.
Oʻz navbatida klub rahbariyati ham ushbu tarkib bilan Osiyo chempionlar ligasida munosib qatnashish qiyin ekanini tushunib yetgan. Hozirda “Andijon” jamoasi vakillari viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovdan jamoaga xalqaro maydon uchun 2 nafar legioner futbolchi olish yuzasidan yordam soʻrab murojaat qilgan.
Bu haqda jamoaning rasmiy fan-klubi boʻlmish “Ultras Burgut” yetakchisi Nodir Toʻychiyev quyidagi gaplarni aytib oʻtdi:
“Klubimiz vakillari viloyat hokimi bilan gaplashdi. Muzokaralar ijobiy yakunlangan. «Andijon” klubiga yaqin kunlarda Osiyo chempionlar ligasi II turnirida ishtirok etish uchun 2 nafar futbolchi kelib qoʻshiladi.
Bitta himoyachi bilan kelishuvga erishildi. Boʻydoq klub uslubiga mos keladigan futbolchi. Uni transferi yaqin kunlarda eʼlon qilinadi. U faoliyati davomida Germaniyaning “Xoffenxaym”, Ispaniyaning “Malyorka”, Shveysariyaning “Servett” kabi jamoalarida oʻynagan.
Undan tashqari yana bir futbolchi olinadi. U yarim himoyachi boʻlishi aytilyapti. Bu masalada seleksiya ishlari davom ettirilyapti».
Xalqaro maydondagi tajriba
“Andijon” klubi kechagi oʻyinni quyidagi tarkib bilan boshladi:
Erjan Tokotayev, Sunnatillo Hamidjonov, Kristian Novak, Shahzod Azmiddinov, Sardor Azimov, Bektemir Abdumannonov, Muhammadkarim Toirov, Damir Temirov, Doniyor Abdumannopov, Saidumarxon Saidnurallayev, Ismoil Akinade.
Ushbu futbolchilardan Shahzod Azmiddinov, Sardor Azimov va Doniyor Abdumannopovlar klublar miqyosida oʻtgan OFK musobaqalarida ishtirok etgan. Qolgan futbolchilar esa turnirda debyut qildi.
Solishtirish uchun, kecha Turkmanistonning “Arkadag” klubi tarkibida maydonga tushgan futbolchilarning hammasi OFKning klublar miqyosidagi musobaqalarida katta tajribaga ega futbolchilar hisoblanadi. Ularning 16 nafari Turkmaniston milliy terma jamoasi aʼzolari ekani ham hech kimga sir emas.
“Andijon” jamoasida esa Oʻzbekiston milliy terma jamoasidan muntazam chaqiruv oladigan ham, yakunlanayotgan yil ichida 1-marta boʻlsa ham milliy jamoaga jalb etilgan futbolchi ham yoʻq. Faqatgina bu borada Qirgʻiz Respublikasi milliy jamoasida muntazam oʻynab kelayotgan Erjan Tokotayevni alohida ajratib koʻrsatib oʻsh mumkin. Xullas, xalqaro tajriba boʻyicha raqib yaxshigina ustunlik qildi.
Oʻyin oʻtgan maydon
Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda klublarning maydonlari OFK talabi darajasiga keldi. Futbolchilar ham bunga oʻrgandi. Ammo kecha oʻyin boʻlib oʻtgan maydon Oʻzbekiston Birinchi ligasi musobaqasi oʻtayotgan maydonlar bilan bir xil holatda edi.
Yil boshida Osiyo Futbol Konfederatsiyasi OCHL musobaqalarini sunʼiy qoplamali maydonlarda oʻtkazmaslik boʻyicha qaror qabul qildi. Shu sabab “Arkadag” klubi oʻyinni sunʼiy qoplamali maydonlardan-da sifati yomonroq boʻlgan tabiiy chimli maydonda oʻtkazdi.
Albatta, bu holat ham oʻyin natijasiga taʼsir oʻtkazmay qoʻymadi. Bu haqida uchrashuvdan soʻng “Andijon” klubi futbolchilari ham aytib oʻtishdi.
Xulosa
“Andijon” klubi kecha xalqaro maydonda dastlabki oʻyinini oʻtkazgani, futbolchilarining xalqaro tajribasi yuqori emasligi, shuningdek, stadion holati ancha yomon boʻlgani kabi holatlarni inobatga olgan holda, oʻyin natijasini ijobiy deb baholash mumkin. Ammo bunday oʻyin bilan keyingi bosqichga chiqib boʻlmaydi.
Maʼlumot uchun, jamoa Osiyo chempionlar ligasi II dagi keyingi oʻyinini 1-oktyabr kuni Qatarning “Al-Ahli” klubiga qarshi oʻtkazadi. Oʻyin klubning jonajon stadioni “Bobur arena”da boʻlib oʻtadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring