“Andijon biokimyo zavodi” 101,3 mlrd soʻmga xususiylashtirildi

12:03 12 Iyul 2024 Iqtisodiyot
175 0

Tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, “Andijon biokimyo zavodi” ustav kapitalidagi 96 foiz davlat aksiyalar paketi 101,3 mlrd soʻmga “Jasmine Gold Group” MCHJga sotildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.

Bildirilishicha, ushbu jarayonga “Abrau capital” kompaniyasi xususiylashtirish boʻyicha konsultant sifatida jalb etilgan. Konsultant tomonidan “Andijon biokimyo zavodi” ustav kapitalidagi davlat aksiya paketlarini yaxlit paket (96 foiz) sifatida sotish boʻyicha takliflar qabul qilingan.

Natijada, sotib olish uchun qoʻyilgan talablarga toʻliq javob bergan, kelajakda Korxona faoliyatini barqaror rivojlanishini taʼminlay oladigan va ishlab chiqarish jarayonlarini toʻliq davomiyligini shakllantirishga salohiyatli boʻlgan “Jasmine Gold Group” MCHJ eng yuqori narx taklifi bilan savdo gʻolibi deb topilgan.

Korxonani xususiylashtirish natijalari Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasining tegishli qarori bilan maʼqullangan.

Maʼlumot uchun, 2023-yilda “Andijon biokimyo zavodi” tomonidan 1 mln dal spirt ishlab chiqarilgan boʻlib, sof foydasi 10,1 mlrd soʻmni, sof aktivlari 71,5 mlrd soʻmni va jami majburiyatlari 17,3 mlrd soʻmni tashkil qilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер